Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Farg‘onada qolib ketgan yuragimni...

2.11.2023 459

Erkin Hojimuhammad

…ga

 

Men o‘zimga eng yaxshi do‘st hamda xavfman,

eshitganlar so‘rashadi: Sevding kimni?

Men Toshkentda sog‘ingancha  yashayapman,

Farg‘onada qolib ketgan yuragimni...

 

Yuragimki g‘uncha kabi tah-batah qon,

yuz ming bahor o‘tib sezdim o‘sha hisni.

U meniki bo‘lmasa gar yo Xudojon,

nima sabab to‘qnashtirding o‘sha qizni?

 

U Laylivash, men ishqida Majnun esam,

faqat o‘sha meni shunday ko‘yga solgan!

Boshqa qizga yuragimni beray desam,

yuragimni o‘zi bilan olib qolgan.

 

Uzoqlashish – dilni sog‘inch, g‘amga belar,

nahot xalos bo‘lmagayman g‘amxonadan?

Tushlarimga kirish uchun har tun kelar

erinmasdan Toshkent tomon Farg‘onadan!

 

Sizga aytsam ko‘rgim kelar har on, har dam,

sog‘inch yerga tekkizmoqchi kuragimni!

Ko‘ksim titib qidiraman Tosh shahardan,

Farg‘onada qolib ketgan yuragimni...

 

***

Sevgiga juda boy chiqdi eramiz,

Har yonda oshiqlar...

Muhabbat sasi.

Yur,

dilga ozgina quvonch beramiz,

Baxtli yakshanbani birga o‘tkazib...

 

Kel endi,

yo‘q dema,

aslo yo‘q dema,

Mayliga rejalar orqada qolsin!

Dam olish kunida jismimiz emas,

Dam olish kunida yurak dam olsin!

 

Seni sog‘inganman,

chunon hurliqom,

Meni sog‘intirgan ko‘zlaring uchqun.

Ishga topshirganmiz o‘zni mutlaqo,

Vaqt ham ajrataylik muhabbat uchun...

 

Sog‘inib yurak ham qilarkan zarda,

Huv kunlar esimda...

(ko‘zga qarab tik)...

Qani o‘ylab ko‘rchi oxirgi marta

So‘ngi bor

qayerda,

qachon uchrashdik?!

 

Istasang,

bir umr birga qolamiz,

Shunda tarqar edi dilning arazi.

Yur, birga hijronni haydab solamiz,

Baxtli yakshanbani birga o‘tkazib...

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish