Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Ota-onalar farzand tarbiyasida qanchalik mas’uliyatli?

10.5.2024 123

MHTI tahlillari asosida tayyorlandi

Ota-onalarning farzandi kelajagiga mas’uliyat bilan yondashuvi bolaning kamol topishi va muvaffaqiyatga erishishidagi muhim omildir. Ota-onalar farzandining hayoti va ta’lim-tarbiyasida faol ishtirok etsa, bolaning o‘sishi va rivojlanishi uchun maqbul muhitni ta’minlay oladi. Xo‘sh, yurtimizda ota-onalar farzand tarbiyasida qanchalik mas’uliyatli? Ular farzandining kasb tanlashi, yaxshi o‘qishi uchun maslahat berib, ko‘maklashadimi? Yoshlar o‘z xohishiga ko‘ra kasb tanlayaptimi yoki ota-onasining qistovi bilan? Quyidagi tahlil orqali ushbu savollarga javob topishimiz mumkin.

Farzand tarbiyasiga kim eng ko‘p ta’sir o‘tkazadi?

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ekspertlari O‘zbekistonda ota-onalarning farzand tarbiyasi va ta’lim olishidagi ishtirokini aniqlash maqsadida 7-22 yosh oralig‘idagi farzandlari bor ota-onalar orasida so‘rov o‘tkazdi. So‘rovda 3 602 nafar ota-ona ishtirok etdi (N=3 602), ularning o‘rtacha yoshi 43 yosh. Respondentlarning 75 foizini ayollar, 25 foizini esa erkaklar tashkil etdi.

Respondentlar fikriga ko‘ra, farzand tarbiyasiga onasi, otasi va aka-ukalari eng ko‘p ta’sir o‘tkazadi. 12,8 foizi o‘qituvchilarning ham ta’siri borligini ta’kidlagan.

Farzandingiz kelajagini tasavvur qila olasizmi?

Farzandingiz kelajagini qanday tasavvur qilasiz, degan savolga respondentlarning 78,4 foizi ma’lum bir kasbning mutaxassisi, 8,8 foizi moddiy ta’minlangan inson, 5,4 foizi tadbirkor, 5,3 foizi davlat xizmatchisi, deb javob bergan bo‘lsa, 2,1 foizi biror narsaga erishishiga ko‘zim yetmaydi yoki tasavvur qila olmayman, deb javob bergan.

So‘rov natijasiga ko‘ra, ota-onalarning 94,6 foizi farzandi kelajagi haqida o‘zaro suhbatlashib turishini, 86 foizi fikrlari bir-xil ekanligini ma’lum qilgan. Ota-onalarning 97,8 foizi farzandi bilan uning bo‘lajak kasbi va qiziqishlari to‘g‘risida suhbatlashib turishini, 2,2 foizi esa umuman bu haqida suhbatlashmaganini bildirgan. Ularning 64,5 foizi qiz farzandning ota-onasi, bo‘lib 40 foizi oliy ma’lumotga ega.

Ota-onalarning 83,4 foizi farzandi tanlagan kasbni ma’qullashini, 1,7 foizi umuman ma’qullamasligini aytgan.

Yoshlar qaysi kasbni egallashni xohlaydi?

So‘rov natijalariga ko‘ra, yoshlarning 20,7 foizi shifokor, 18,2 foizi o‘qituvchi, 15 foizi jurnalist, 10,5 foizi iqtisodchi, 7,8 foizi IT-sohasi, 5,2 foizi tadbirkor, 5,3 foizi moliyachi va 1 foizi huquqshunos bo‘lish istagida.

Qiz bolalar asosan shifokor (24,3 foiz), o‘qituvchi (22,5 foiz), jurnalist (21,1 foiz) va iqtisodchi (7 foizi) bo‘lishni rejalashtirmoqda.

O‘g‘il bolalar esa iqtisodchi (17,5 foiz), IT-mutaxassisi (14,3 foiz), moliyachi (8,4 foiz), tadbirkor (8,2 foiz) va sportchi (4,4 foiz) bo‘lish istagini bildirgan.

Qaysi kasblarga talab yuqori?

Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, bugungi kunda nafaqat O‘zbekiston mehnat bozori, balki butun dunyoda shifokor va o‘qituvchilarga talab juda kata. Shuningdek, IT-sohasi mutaxassislariga ham talab baland, lekin shunga qaramay taklif ham juda yuqori.

Biroq iqtisodchilarga talab yuqori emas. Mehnat bozorida marketolog, menejer va muhandislarga talab yuqori bo‘lishiga qaramay so‘rovda ishtirok etganlar orasida ushbu kasblarni tanlaganlar deyarli yo‘q. Bu esa o‘z navbatida yoshlar va ota-onalar orasida mehnat bozori tendensiyalari to‘g‘risida ma’lumotlar yetarli darajada emasligidan dalolat beradi.

Talabchanlik ham, nazorat ham yo‘q

Respondentlarning 26,6 foizi farzandining kasb tanlashida ota-onasi turtki bo‘lganini bildirgan bo‘lsa, 53,5 foizi bu to‘liq  farzandining tanlovi ekanligini bildirgan va 80 foiz ota-onalar farzandining qarorini qo‘llab-quvvatlashini aytgan. 16,2 foiz respondent farzandi fikrini qo‘llab-quvvatlamasligini bildirgan.   

Respondentlarning 53,9 foizi farzandining ta’lim olishi va uy ishlarini bajarishida talabchanlik qilishini, 37,1 foizi esa shunchaki nazorat qilib turishini, 8,3 foizi esa talabchanlik ham, nazorat ham qilmasligini bildirgan.

So‘rov natijalariga ko‘ra, ota-onalarning bor yo‘g‘i 56 foizi farzandining ta’lim olishdagi yutuqlaridan to‘liq qoniqishini bildirgan. 12,6 foizi qoniqarli emas, deb baholagan.  

So‘rovda ishtirok etgan respondentlarning 75 foizi farzandi qo‘shimcha darslarga borishini bildirgan. Qo‘shimcha darslarga qatnamaydi, deb javob berganlarning 50 foizi o‘rtacha oylik daromadini 3 million so‘mgacha deb ko‘rsatgan, ya’ni farzandining qo‘shimcha darslarga qatnashi oilalarning moliyaviy holati bilan bog‘liq.

15,6 foiz respondent farzandining o‘qituvchisi bilan umuman muloqot qilmasligini, 20,4 foizi haftada bir marotaba muloqot qilib turishini aytgan.

Xulosa o‘rnida

So‘rov natijalaridan kelib chiqib aytish mumkinki, bugungi kunda ota-onalar farzandining ta’lim olishi va kelajakdagi hayoti haqida g‘amxo‘rlik qilmoqda. Lekin shunga qaramay ota-onalar orasida farzandi tarbiyasi va uning qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlamaydiganlari ham kam emas.

Shuningdek, bugungi kunda bolalarning qo‘shimcha darslarga qatnash ko‘rsatkichlari yuqori ekanligi ma’lum bo‘ldi, buning asosiy sababi esa maktablardagi ta’lim sifatining pastligiga borib taqaladi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish