Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Fuqarolarning huquq va erkinliklari qonun himoyasi ostida

23.5.2023 679

Marjona Muzaffarova, Toshkent davlat yuridik universiteti talabasi

Konstitutsiya bu – davlatning muhim vazifalarini va funksiyalarini o‘zida mujassam etgan asosiy qonun hujjati hisoblanadi. Har bir mamlakat Konstitutsiyasi uning siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak bir namunasidir. Yurtimizda joriy yilning 30-aprel kuni bo‘lib o‘tgan referendumda yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi ishtirok etgan fuqarolarning 90,21 foizi tomonidan yoqlab ovoz berish orqali qabul qilinganligi unda xalqimizning Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha orzu-umidlari va intilishlari o‘z aksini topganligidan dalolat bermoqda. Qabul qilingan Konstitusiya Yangi O‘zbekiston strategiyasini amalga oshirishning siyosiy-huquqiy asoslarini yaratib, milliy davlatchilik taraqqiyotining tarixiy muhim bosqichida davlat va jamiyatni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi. Shunday islohotlardan biri bu Konstitutsiyaning 55-moddasida o‘z aksini topgan, ya’ni har kim o‘z huquq va erkinliklarini qonunda taqiqlanmagan barcha usullar bilan himoya qilishga haqli hamda ularni sud orqali himoya qilish, davlat organlarining, mansabdor shaxslarning qonunga xilof qarorlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlandi.

Ta’kidlash joizki, bunday o‘zgarishlar mamlakatimiz va yurtdoshlarimiz uchun o‘zlarining huquq va erkinliklarini himoya qilishning eng yaxshi usulidir. Masalan, fuqarolik huquqi buzilgan shaxs qonun hujjatlarini yaxshi o‘zlashtirgan bo‘lsa, biror bir organga yoki sudga murojaat qilish zarurati tug‘ilmaydi. Ammo bu bilan fuqarolarning sudga, fuqarolik huquqlarini himoyasini amalga oshiruvchi boshqa organlarga murojaat qilish huquqi cheklanmaydi. Sababiki, shaxslarga Konstitutsiyada mazkur organlarga g‘ayriqonuniy harakatlar ustidan shikoyat qilish huquqi berilgan. Yana bir yaxshi tomoni shundaki, fuqarolik huquqlari buzilgan shaxsdan to‘lov talab qilinmaydi, agar u nizoli huquqlarini o‘zi himoya qilsa. Sudga murojaat qilinganda, “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonundan bilamizki, qonunda belgilangan miqdorda davlat boji, pochta xizmati va boshqa yig‘imlar taraflarning biri tomonidan to‘lanishi shart.

Yana bir ijobiy o‘zgarishlardan biri bu yangi tahrirdagi Konstitutsiyani ro‘yobga chiqarishga doir Prezident farmoniga ko‘ra, ma’muriy sudlarga shikoyat qilishda fuqaro va tadbirkorlik subyektlaridan davlat bojini undirmaslik, bunda davlat bojini ishni ko`rib chiqish natijasi bo`yicha aybdor tarafdan undirish tartibi joriy etilmoqda. Ushbu farmonnning 14-bandiga muvofiq, yangi tahrirdagi Konstitusiyaning 55-moddasida belgilangan har bir shaxsning o`z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish huquqi kafolatlarini yanada kuchaytirish maqsadida 2024-yil 1-yanvardan boshlab yuqoridagi holat amaliyotga chiqarilmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, qonunlarimizda, endilikda aholining huquq va erkinliklari kafolatlari yanada mustahkamlanmoqda. Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev aytganidek: “Xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalq manfaati uchun xizmat qilishi kerak”. Bunday o‘zgarish va yengilliklarning barchasi biz, xalq va inson qadri uchundir.

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish