Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

G‘AFUR G‘ULOM ASARLARIDA OILAVIY HUQUQ MASALALARI

31.3.2023 1340

Sitora Mamatkulova, Toshkent davlat yuridik universiteti 3-bosqich talabasi

Mashhur xalq ijodkori G‘afur G‘ulom nasriy asarlarda beg‘araz hazil-mutoyiba va qahramonlik, hayotbaxshlik, donishmandlik ruhini yanada kuchaytirgan. Adib hatto o‘nlab felyetonlarini Nasriddin Afandi latifalari syujeti, shakli asosiga kurgan va shu yo‘l bilan ularni hatto satirik hikoya darajasiga ko‘tarib yuborgan. “Xotinga olib berilmagan kavsh”, “Oyoq olishiga qaraydi”, “Shudgorda quyruq...” singari asarlar fikrimizni dalillaydi.

Shuning uchun G‘afur G‘ulomning kuldirib yig‘latadigan va yig‘latib kuldiradigan hajviy hikoya va qissalari el orasida shuhrat topdi. U o‘zbek realistik hikoyachiligi hamda qissachiligiga beqiyos hissa qo‘shgan adiblardan biri bo‘ldi va umrining oxirigacha bu sohada muvaffaqiyatli qalam tebratdi. G’afur G’ulom ko‘pgina lirik-dramatik yo‘nalishdagi hikoyalar ham yozdi. Ularda inson fojiasini va ularni shu holga solgan muhit, sharoitni ko‘rsatdi. U 1965 yili “Mening o‘g‘rigina bolam” lirik-dramatik va “Hasan Kayfiy” yumoristik hikoyasini e’lon qildi. Birinchisiga yozuvchi voqeiy hikoya, ikkinchisiga esa, xalqimizning yumoristik ertaklaridan, deb izoh beradi. Ikkalasi ikki xil ifoda yo‘sinida yozilgan, lekin ikkalasi ham jahon hikoyachiligi darajasidagi yetuk, mukammal asarlardir. Ularda G‘afur G‘ulom ijodining yuragi bo‘lmish insonparvarlik ruhi baland jaranglaydi. U mehnatkash, pok, halol, o‘z aql-farosati, o‘zining peshona teri bilan kun kechiruvchi va hayotni, jamiyatni mukammal qilishga intilgan insonni faol himoya qildi, uning taqdiri, buguni va ertasi uchun san’atkorlik qalbi bilan umr bo‘yi kurash olib bordi.

Jumladan, “Mening o‘g‘rigina bolam” hikoyasida o‘zi guvoh bo‘lgan oddiy voqea asosida shafqatsiz jamiyatni va shunday sharoitda ham o‘zining insonligiga, mehr-oqibatiga zarracha putur yetkazmagan insonni ko‘rsatadi.

Tabiat manzaralari personajlar ruhiy olamiga mos tarzda tanlanishi hikoya shakliy go‘zalligi, mantiqiy serjiloligi, mazmunining ishonchliligini ta’minlagan. Chingiz Aytmatov ta’biri bilan aytganda: “Tabiat bilan umimiy til topishgan taqdirdagina insoniyat o‘z imkoniyatlarini to‘la ro‘yobga chiqara oladi”.

G‘afur G‘ulom qahramonlar ruhiy duyosi, niyati, ichki kechinmalarini ularning o‘z xatti-harakati, nutqi, orzu-intilishlari orqali ko‘rsatadi. Ularning aksariyati sodda va bechora kishilar bo‘lib,  o‘zlarining insof, vijdon va diyonat kishisi ekani bilan e’tiborimizni tortadi. Zotan, yozuvchi hamisha syujet va xarakterlar ziddiyatini hayotiy asoslaydi. O‘zbekona hayot tarzidan olingan, milliy koloritni aks ettiradi. Ayrim hollarda, ajvni achchiq kulgiga aylantira oladi. Uning estetik ideali chuqur insonparvarlikka asoslanadi. Nasriy asarlarida G‘.G‘ulomning insonparvarlikka yo‘g‘rilgan estetik ideali, haqiqatga sadoqati, xalqqa hurmati, mehr-shafqati o‘z ifodasini topadi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish