Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Gaz yoq‘, o‘tin qimmat, ko‘mir sifatsiz: QISHDA NIMA YOQAMIZ?

18.10.2024 1032

Shahruza SATTOROVA

Qishni qishloq odamlari unchalik xushlamaydi. Qor, yomg‘ir yog‘ib, yo‘llar loy bo‘lishini aytasizmi? Yo‘q, bundan muhimroq muammolar bor. Hademay sovuq tushadi, uylarni isitish kerak. Bir vaqtlar gaz bo‘lgan chekka hududlarda gaz quvurlarini ham kesib, tashib ketishdi. Odamlar aqlli, gazdan behuda umid qilib o‘tirmaydi, shuning barobarida qishda nima yoqsam ekan degan o‘y tinchlik ham bermaydi.

To‘g‘ri-da, butun qishni tappi yoqib o‘tkazib bo‘ladimi? Shaharlardagi noqonuniy kesa-keslarning dastidan moratoriylar e’lon qilingan, kasriga qolayotganlar ham shu qishloq odamlari asli. Bir vaqtlar o‘tin mo‘l bo‘lgan, saksovul, go‘zapoya g‘amlanib, qish g‘am-tashvishsiz o‘tgan. Endichi, na gaz bor, na o‘tin, na g‘o‘zapoya. Ko‘mir-chi, deysizmi? Unda siz gaz kelishidan umid qiladigan chekka hudud aholisidan ham optimistroq ekansiz. Chunki ko‘mirning qorasini ko‘rish ham hozirgi kunda mushkul va g‘avg‘oli ishga aylangan…

Odamlar “qish mevasi”dan mahrum bo‘ldi

Qish g‘amini yozda ye, deb bejiz aytishmagan. Gaz yetib bormagan chekka hududlarda aholi molning tezagini qadrli bilib, tappi tayyorlaydi, bir quchoq o‘tin topsa ham g‘amlab qo‘yadi. Ilgari kuzgi hosil yig‘im-terimi tugadi deguncha odamlar g‘o‘zapoyani yig‘ishtirishga kirishardi. Uning qadrini yoqqan odam biladi: pechkaga bir quchoq solsangiz, issiqqina o‘tirasiz, o‘choqqa yoqsangiz, ovqatingiz, tandirga tiqsangiz, noningiz pishadi. Biroq, keyingi vaqtlarda o‘tin noyob narsaga aylanib qoldi, odamlar “qish mevasi” – g‘o‘zapoyadan ham mahrum bo‘lgan.

Yoz oxirlashi bilan meni qayg‘u bosadi. Qishda ikki uyni isitishimiz kerak, yil bo‘yi faqat tappi yig‘aman, havo sal sovishi bilan mahalla idorasiga yugurib, ko‘mir olib qolishga harakat qilaman. Avvallari qishlog‘imizda paxta dalalari ko‘p edi, terimdan so‘ng g‘o‘zapoyani olish uchun chopiq qilib, yerni suvlab yurardik. Hozir ko‘p dalalar qisqarib ketdi, odamlarning o‘ziga yerlarni bo‘lib berishyapti. Bu bir tomondan yaxshi, bir tomondan esa yomon, chunki qish bo‘yi shu g‘o‘zapoyani yoqib, kun o‘tkazayotgandik. Qolgan klaster va fermerlar ham paxta yig‘im-terimidan keyin g‘o‘zapoyani o‘g‘it bo‘ladi deb kombaynga o‘rdirib, maydalatib, dalaga sochishni afzal ko‘ryapti. Oqibatda asosiy isitish manbaimiz bo‘lmish g‘o‘zapoyadan ham mahrum bo‘ldik”, – deydi Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida yashovchi Shohida opa.

To‘g‘ri, bu ishda klaster-u fermerlarni ayblab bo‘lmaydi. Yerni boqsang, u seni boqadi, yerning ozig‘i esa o‘g‘it. Biroq o‘rib, maydalab tashlangan g‘o‘zapoya yerning o‘g‘itga bo‘lgan talabini to‘liq qoplay oladimi? Bu haqda kimdir o‘ylab ko‘rib, odamlarga g‘o‘zapoyani qaytarib beradimi? Chunki odamlarda o‘tin qilish uchun boshqa biror manba qolmagan bo‘lsa…

Har qish daraxtkushlikka otlanaman…

Tabiatni asrash, yashil hududlarni ko‘paytirish maqsadida daraxt kesganlik uchun jarimalar oshirilgan. Odamlar ham ariq, ekin maydonlari chetlari va magistral yo‘llar bo‘yidagi yulg‘un, jiyda, tol, terak, tut kabi tez o‘suvchan daraxtlarni o‘tin qilish maqsadida kesish mumkin emasligini allaqachon anglab yetishgan. Ayniqsa, cho‘llardan chopib kelib, aholiga sotiladigan saksovullarni hozir umuman topib bo‘lmaydi. Qonuniy kesilgan o‘tinlarni sotib olish esa oyiga1-2 million so‘m daromad qiladigan aholi cho‘ntagiga juda ham og‘irlik qiladi.

“Tasavvur qiling, kosmik kemalar fazoni kezib yurgan bir paytda men uyimni qanday isitsam ekan, deb o‘ylayman. Har yil sovuq tushgach, oilamda mana shunday sinov boshlanadi. Chunki uyimni hech kim kelib, isitib bermaydi, bir qishga yetadigan ko‘mir sotib olish uchun esa ancha-muncha pul kerak. Yashirmayman, oldimda bitta yo‘lim qoladi — daraxt kesish. Otam uyimiz atrofi, yo‘l yoqalariga juda ko‘p daraxt ekkan, shoxlari quchog‘ingga sig‘maydi, Katta dalamning chetida katta tut, teraklar ham bor. Sovuq zabtiga olganda boltamni ko‘tarib, daraxtkushlikka otlanaman. Ilohim, birov ko‘rib qolmasin deb bir daraxtni apil-tapil kesaman. Birozdan keyin yana bittasini... Keyin televizorni yoqaman, deyarli hamma kanalda ekologiya xavf ostida ekanini gapirishadi, daraxtlarni kesih emas, ko‘proq ekish kerak, deyishadi. Shaharlik yurtdoshimning ko‘ziga tabiat dushmani bo‘lib ko‘rinarman ham ehtimol, chunki uning uyida gazi, chirog‘i bor... Kimdir meni daraxt kesishdan qaytarib, boshqa maqbul yo‘lni ko‘rsatsa, jon deb daraxt kesmasdim, balki tabiat himoyachisiga ham aylanardim ehtimol. Lekin nima qilay, menga qishda uyim isishi muhim”, – deydi Surxondaryo viloyatining chekka qishlog‘ida yashovchi hamyurtimiz.

Bu so‘zlarni oqqa tushirar ekanman, ismini, qaysi qishloqda yashashini oshkor qilmaslik va’dasini berdim. “Ertaga ekoinspektorlar jarima daftarini ko‘tarib kelib qolishidan qo‘rqaman”, deb izoh beradi u.

Ko‘mirning qorasi ko‘rinmaydi

Har yili kuz kelishi bilan mamlakatmizning barcha tumanlarida gaz bilan ta’minlanmagan aholiga ko‘mir tarqatish mavsumi boshlanadi. Temiryo‘l stansiyalari omborlarida har bir xonadonga 1 tonna ko‘mir imtiyozli narxlarda taqsimlab beriladi. 1 tonna qishga yetadimi, deb savol berishga shoshilmang. Avval shu bir tonnani olish uchun qancha yugur-yugur bo‘lishi mumkinligini eshiting.

“Ko‘mir olish uchun mahallaga pasport nusxalari olib boriladi. So‘ng ular sizni navbatga qo‘yib, qo‘lingizga ma’lumotnoma berishadi. Shundan so‘ng necha kunlardir o‘tib tuman hokimligidan “Bugun mahallaga falon tonna ko‘mir ajratilgan, borib navbati bilan olinglar” degan qo‘ng‘iroq bo‘ladi. Shundan so‘ng mahalla raisi odamlarga aytadi, keyiun kim ko‘mir olmoqchi bo‘lsa, o‘zi ulov gaplashib, ko‘mirni olib keladi. Ombordan ko‘mirni uyimgacha 150 ming so‘mga olib keltirdim o‘tgan yili, masofa uzoq bo‘lsa, narx ham oshib boraveradi. Ba’zan ko‘mir kam kelib, odamlarga yetmay qoladi. O‘tgan qish bo‘yi aholiga tarqatilishi kerak bo‘lgan imtiyozli narxlardagi ko‘mir talon-toroj bo‘lganini eshitgandirsiz? Ana shularning kasriga qanchadan-qancha odam sarson bo‘lib, 3-4 borganda amallab ko‘mir oladi. Uyga kelib, ko‘mirni ko‘rsangiz, xunobingiz battar oshadi. Ko‘miringizning kamida 70 foizi kukun. “Ko‘chada ko‘mirfurushlar hatto ko‘mirning kukunini ham falon pulga sotib yurishibdi. Har holda bu undan arzon-ku” deb o‘zingizni yupatasiz. Ba’zi yillarda siz ko‘mir olib kelguningizcha fevral kelib, boychechak gullashga ulguradi. O‘shanday holatlarda ko‘mirni keyingi yil qish mavsumida yoqish uchun olib qo‘yasiz. To‘g‘ri, tanishlari borlar yaxshiroq ko‘mir olishi mumkin, qolganlarga esa ko‘mirning kukuni…”, – deydi Sa’dullo Usmonov.

Keyingi masala, xo‘sh, 1 tonna ko‘mir bir qishga yetadimi? Barcha xonadonlarda eng kamida ikkita pechkaga ko‘mir yoqiladi. Ba’zilarida esa ikkitadan ham ortiq. Hisob-kitob qilinsa, harorat o‘rtacha bo‘lgan kunda bitta pechkaga 10-15 kilogramm ko‘mir yoqiladi. 2 ta pechkaga esa bir kunda o‘rtacha 25 kilogramm ko‘mir sarflanadi deylik, qarabsizki, 10 kunda 250 kilogramm ko‘mir. Qora sovuqda esa ko‘mir yana ko‘proq yoqiladi. Endi bu yog‘ini ko‘rib turibsiz, 1 tonna ko‘mir 1 oyga yetishi mumkin. Afsuski, qish bir oygina davom etmaydi. Qolganiga sotib ol, shundoq ham davlat shuncha imtiyozli ko‘mir beryapti, deb bozordagi narx-navoga qarasangiz, shashtingizdan qaytasiz. Taqsimotdan tashqari ko‘mirning 1 tonnasi 1 million so‘mdan boshlanib, sifatiga qarab ikki milliongacha sotilmoqda. Har safar ulov tutib, ko‘mir olib keltirish uchun ham yo‘q deganda 500 ming so‘m ketadi.

Bu o‘y-tashvishlar bugun barcha gazsiz, o‘tinsiz aholini qiynamoqda. Ularni “Qachon biz odamga o‘xshab, sarson bo‘lmasdan, tuzukroq, sifatliroq ko‘mir olamiz?” degan savol o‘ylantirayotgan bo‘lsa, ajab emas.

Yana bir gap. Ko‘cha-ko‘yda sotilayotgan ko‘mirfurushlarning ko‘mirida kukun umuman yo‘q. Xo‘sh, ular sifatli ko‘mirni qayerdan olyapti? To‘g‘ri, bu savollar ustida necha yildan beri tegishli tashkilotlar bosh qotiradi va hamon yechimini topishmagan ko‘rinadi.

Bor umidimiz esa qishdan. Ishqilib qora sovuq bo‘lmasin deb umid qilishdan boshqa choramiz yo‘q. Chunki qahraton sovug‘i issiqdan derazasi parlanadigan, chirog‘i o‘chmaydigan, odamlari gaz ta’minotidagi uzilish nimaligini bilmaydigan o‘lkalarga yarashadi-da.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish