Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

GAZETAGA OBUNA BO‘LMANG!

5.12.2024 923

Sherbek BOBOQULOV

Har yili gazetaga obuna mavsumida atrofdagilar ko‘ziga gazetadagilar, xuddiki, “yebketar”ga pul so‘rayotgandek ko‘rinadi. Yo‘q, bu hol bizni ajablantirmaydi, shunchaki, biroz manglayi tirisharkan odamning: ulovlari xarob turargohda turgani uchun har safar nechchidir ming so‘m, asfaltining dabdalasi chiqib yotgan yo‘llarda yursayam “yo‘l fondi”ga million-million so‘m, sal havo sovuganda yoqilg‘ining narxini oshiradiganlarga falon so‘m, oltmish-yetmish kunda bir tarqatiladigan gazballonlarni kutayotgan hollariga yana o‘sha “zapravka”lardagi suyultirilgan gazning har litriga pismadon so‘m, limit ustiga limit qo‘yilib yotgan elektr to‘lovlariga falon so‘mlab xarajat qilayotganlarida “g‘iq-q” etmayotganlar ko‘ziga shu gazeta obunasi uchun yiliga bir marta pul chiqarish “og‘ir tuyuladi” nimagadir.

Aslida, o‘ylab ko‘rish kerak: gazeta o‘zi nega chiqariladi? Kitob-ku o‘qimaymiz – “uyqumiz keladi” (doim “trend”dagi bahona!), “harom qonimiz qo‘zib qoladi” (bir kitobbexabar “iqror”i!), “nima foyda” (o‘zbekning “o‘lmas” xulosasi!), “vaqt qayda” (aksari bekorchilar, aniqrog‘i umri qarta o‘ynab yo narda tashlab o‘tib borayotganlar “attang”i!)... Xo‘sh, endi shu, bir necha sahifagina chiqadigan gazetani ham ochib qarashga erinsak, nimamiz odam bizning, o‘zi!..

Zotan, ko‘zlarining nuri kitobu oynomayu ro‘znoma sahfalari uzra to‘kilmagan, quloqlari ma’rifat ma’vizalariga “berk bo‘lgan”, burun kataklari xonaqohu kutubxonayu kitob do‘konlariyu turfa toza ilmgohlar havosidan nafas olmagan, tili tilovatu mutolaa uchun “soqov” kimsani qaysi me’zonga ko‘ra “ODAMZOT” atash mumkin? Axir, bosh, ko‘z, quloq, burun, og‘iz... – hayvonu hasharotdayam bor! Tirikchilik uchun qo‘ng‘iz ham o‘rmalab yuradi! To‘ng‘izam bolalarini boqish maqsadida ovga chiqadi, har kuni! Nima farqimiz qoladi shulardan, agarki, gazeta o‘qimasak?

Emishki, “bugun hamma narsa telefonda – gazetadan foyda yo‘q”! Ayting-chi, Samarqandning huv-v bir burchagidagi Paxtachi otlig‘ tumanning 21-maktabida rus tiliga ixtisoslashgan butun boshli sinfxonalari, kazo-kazo rus tili o‘qituvchilari, rus tilini o‘rgatish borasida uzoq yillik shakllangan o‘qitish metodlari... bo‘lishiga qaramay, ota-onalar bolasini rus tiliga emas, o‘zbek tilli guruhlarga berishini istashining sababi ham telefoningizda bormi?

Va yana, o‘sha Paxtachida, bultur qishda simyog‘ochdan yiqilib o‘lgan “elektrik”ning taqdiri nega bunday kechganining asl sababini sun’iy idrokdan so‘rab ko‘ring-chi, nima deb quloqqa teparkan?

Yoxud avtohalokat sababidan nogironlar aravachasiga mixlanib qolgan va endilikda etikdo‘z bo‘lib rizqini topayotgan, O‘zbekistonning chekka bir joyida yashaydigan insonga nega Prezident farmoniga ko‘ra “Jasorat” medali berilganini hamda bu falokatni o‘sha hamyurtimiz o‘zi “Xudodan so‘rab olganman”, deyishining boisi “Google” bisotidan chiqarmikan?

Yoinki, olis bir qishloqda, onggi kun sayin taraqqiy topib kelayotgan, kattalaram o‘qimaydigan semiz-semiz kitoblarni o‘qiyotgan, birgina tarixiy qissasiyu esse orqali Prezident devonxonasidagilar e’tiboriga tushib, noutbuk va kitoblar ila taqdirlangan o‘n besh yoshli o‘spirinnichi, taniydimi telefoningiz?..

Umuman, biz bilganu bilmagan shu odamlar orasidan, nainki respublika bo‘yicha, balki dunyo miqyosida nom chiqargulik salohiyatdagi ijodkor, san’atkor, sportchi, kashfiyotchi, innovator yoshlar chiqayotgani – bularning bari gazetalar sahifalarida bor va bo‘lajak. Sizga qaysi “boyvachcha” qancha topganiyu, qayerda kim degan mushtumzo‘r yoki “zo‘r ichadigan”lar borligidan bo‘lak mavzular ham qiziq bo‘lsa, albatta!

Tashkilotlar, maktabu bog‘chalar, tadbirkorgacha gazeta-jurnalga obuna “majburiy” bo‘ldi, go‘yoki. G‘azablangulik emas, afsusli holat bu. Odamlarni ma’naviyatga majburlaydigan davr ham kelgan ko‘rinadi. Holbuki, gazetadagi bir maqola yo suhbatni o‘qishsa, o‘zlariga qanchalar manfaat oladi! E, yo‘-o‘q, unda o‘sha telefonlaridagi qay bir otarchining otasi kimligiyu boshqa birining qornidagi bolami yo boshqaligi haqidagi “o‘ta muhim” xabarlarni kim o‘qiydi, shundaymi?!

Obuna bo‘lgan-bo‘lmagan har qanday kishining yaxshi yozilgan she’rlari, maqolalari, tashakkurnoma-yu iltimosnomalari gazetada chiqsa, qanchalik quvonishini ko‘ribmidingiz hech? Arzimasgina tuyulib kelgan hayot yo‘lini esse yo maqola holida o‘qib, ko‘zlari namlangan kamsuqumgina odamning, bo‘g‘ziga nimadir qadalib, bazo‘rgina “...rahmat!”, deganini-chi, eshitganmisiz umringizda? Keyingi safar ular yanada qiziqishi ortib yozishlari yoki o‘zlarining mavjudligini his etib yashashda davomlashlarinichi, bilasizmi?..

Ayniqsa, ijodkor yoshlar juda ham talay. Ko‘pi maktab bolasi hali yoinki talabalar. Ularga tahririyatimiz eshiklari hamisha ochiq. To‘g‘ri, “qalam haqi” o‘rnida pul berolmasmiz, lekin PUL OLMAYMIZ HAM – ularning yozganini gazetada chop etganimiz evaziga!

Ammo Alixonto‘ra Sog‘uniy ta’riflaricha aytsak, ba’zi bir “ustal oshiqlari”, ya’ni stoliga yopishib, hayotni idoralari derazasiga osig‘liq “jalyuzi” qobirg‘alari orasidangina ko‘radiganlar buni tushunishmaydi. Bu pul orqasidan quvib, savodini qochirganlar, hattoki bir qator gapniyam o‘n xato bilan yozadigan hollariga, gazetadagilarni malomatu mazax qilishadi o‘zlaricha. Na iloj, ular kabilar yozganlarini tahrir qilish – vazifamiz, iljayishiga chidash – qismatimiz chog‘i. Biroq o‘z tilida to‘g‘ri yozishni o‘rganishga ular ham burchdor emasmi?! Shunday, gazeta – kattalarni-da tez-tez bexato yozishga undab turguvchi, tilsiz “til-adabiyot o‘qituvchisi” hamdur. Ha, matbuot chig‘irig‘idan obdan o‘tganning chalasavodini uchratmaysiz!

Ba’zida so‘raganlarga qayerda ishlashimizni aytsak, bepisand boqishadi. O‘zlari gazeta o‘qib turishadimi-yo‘qmi, qiziqsangiz, o‘sha “an’anaviy” javobni olasiz:

— Yo‘q-da-a, bizda vaqt qayerda ekan!

Aniqki, bunday “band”larga “falonchinikiga oshga ketyatuvdik, yuring”, desangiz, albatta ergashadi. Vaqt topadi, shubhasiz. Yoxud bir yarim soat baqirib-chaqirib, futbol ko‘rishga vaqt topadiganlarda nimadir o‘qishga bir yarim daqiqa “taqchil” bo‘lib qoladi. Kimningdir uyida qattiqroq tovush chiqarib singan idishni yarim kun muhokama qilishadiyu, yarim daqiqalik mutolada ko‘zlari yumilib ketaveradi...

Qadrli eldoshlar, siz yig‘ib-terib opkelayotgan va norizo to‘ng‘illab berayotgan obuna pulingiz – bizning halol mehnatimiz evaziga oladigan daromadimiz bo‘ladi! Va yana, sizning daromadingiz oldida bizniki hech nima emas, aslan. Ishongingiz kelmayapti-a? Keling, bir latifanamo misol aytay: tahririyatga obuna pullarini yillar mobaynida o‘tkazib bermay kelayotgan “bechorahol”lar ro‘yxatining boshida – bozorlar, banklar, zavodlar, tadbirkorlar turadi! Bu “kambag‘al”larning yod bo‘p ketgan “plastinka”larini eshitaverib, sochlarimiz oqarib borayotir. “Ko‘tar, ana, gazitingdi, opketuvir! Bizga kerakmas gazit-pazit!..”, deyishlari-ku, mutlaqo ortiqcha.

Ko‘cha-ko‘yda, odamlar orasida gazetani va unda ishlayotgan insonlarni malomat qilishdan burun biz qilayotgan ishni, jilla qursa, tasavvur qilishga urinib ko‘ring, gazetamizni o‘qing va marhamat, keyin gapiring!

Ochig‘i, bizgayam sizning bu tariqa obuna bo‘lishingiz kerak emas! Beadad shukrki, rizqimiz uzilib qolmaydi. Biz ham obunaga yurakdan ixtiyor bermaydigan, obuna bo‘lishsa – ma’lumot bermaydigan, ma’lumot berishsa – materiyal bermaydigan, materiyal berishsa – birortasi e’tibor bermaydigan chalajon tashkilotlardan charchaganmiz allaqachon!

Ammo obuna bo‘ldingizmi, bas, TIRILING! To‘rtta ilmiliq, yuqumi yo‘q tadbirchani o‘tkazib qo‘yib, “ishlayapmiz!” deb o‘-o‘tirmang. Bilib olganingiz, tadbir – xabarcha, keyin yana bitta tadbir – yana bitta xabarcha... Sohangizda masalalar qalashib yotibdi-ku, yeng shimarib kirishsangizchi, quruq hisobotlarga osilib jon saqlaguncha. Yoritib, yozib, tahlillab borish bizdan!

Gazetaga obuna bo‘lmang, balki undagilarga YELKADOSH bo‘ling – birgalikda muammolarga yechim qidiring, toki! Mamlakat istiqboli bir Prezidentga kerakmi? Prezidentlik ham vaqtincha bir mansab. Sizu biz esa bunda umrbod yashashimiz bor, avlodimiz yashashi bor.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish