Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

“GʻIJDUVON TAJRIBASI”

23.8.2023 2665

Sardorbek HAMROYEV, Gʻijduvon tumanidagi “Yuksalish” mahallasi yoshlar yetakchisi

Migrantlar, imkoniyati cheklanganlar, tadbirkorlik qilish istagidagi yoshlar, sanʼat va madaniyat yoʻnalishida iqtidorli yoshlar bilan ishlash, kam taʼminlangan oila farzandlari, besh tashabbus va kitobxonlik tadbirlari – bularning barchasi mahalladagi yoshlar yetakchisiga yuklatilgan vazifalardir. Bu ishlarni uddalashda esa yetakchiga koʻmakchi zarur boʻladi. Shu bois 7 ta yoʻnalishdan iborat boʻlgan “Mahalla sardorlari” tizimi ishlab chiqilgandi.

Bu yoʻnalishlar yetakchi ogʻirini yengil qilishi, tadbir va musobaqalarga yoshlarning ishtiroki va qiziqishini orttirishi, umuman, yoshlarning ijtimoiy hayotdagi faolligini oshirishda koʻmaklashishi kerak edi. Ammo bu sardorlar tizimi hadeganda oʻylangan natijani bermagani hammamizga ma’lum. Sababini kerakli koʻnikma va tajribaning yetishmagani deb aytish mumkin.

Mazkur muammoga yechim topish, mahalla sardorlari tizimi ishlash prinsipini yoʻlga qoʻyish maqsadida Gʻijduvon tumanidagi barcha mahallalarda yoshlar yetakchilariga chin maʼnoda koʻmakchi, shu bilan birga, yoshlarga haqiqiy oʻrnak va lider boʻla oladigan “Mahalla sardorlari” bilan ishlashning yangicha tizimi – “Gʻijduvon namunasi” ishlab chiqildi. Unga koʻra, eng avvalo, mahallada 7 ta yoʻnalish qayta tashkil etildi. Sardorlar saralandi.

  1. Madaniyat va sanʼatni targʻib qilish.
  2. Sogʻlom turmush tarzi va sportni targʻib qilish.
  3. Axborot texnologiyalaridan samarali foydalanishni tashkil qilish.
  4. Maʼnaviyat va kitobxonlikni targʻib qilish.
  5. Vatanparvarlik va huquqiy savodxonlikni oshirish.
  6. Tadbirkorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash.
  7. Xotin-qizlar, yosh oilalar va imkoniyati cheklanganlar bilan ishlash.

Tizimning toʻgʻri yoʻlga qoʻyilgani yoshlar yetakchisi, umuman, jamiyat uchun quyidagi ijobiy natijalarni bera boshladi:

Profilaktika ishlari samaradorligi ortdi

Bunda mahalladagi roʻy berishi mumkin boʻlgan ehtimoliy jinoyatlar, jamiyat ijtimoiy hayoti yoki shaxsning sogʻligi uchun xavf solishi mumkin boʻlgan holatlar sardorlarning samarali faoliyati natijasida mahalla yetakchisi va mahalla beshligi hamkorligida samarali profilaktika ishlari olib boriladigan boʻldi.

Yoshlar boshqaruvi va nazorati optimallashdi

Uyushmagan yoshlar bilan ishlashda tumanimizdagi har bir yetakchiga mahallaning kattaligi va aholi zichligiga qarab, 500 nafardan 2500 nafargacha yosh toʻgʻri kelardi. Albatta, buncha yoshlar bilan ishlashda yetakchining bir o‘zi qiyinchilikalarga duch kelardi. Yangi tajribaga asosan mahallada tashkil etilgan toʻgaraklarga yoshlarni jalb qilish, ularni qiziqtirish hamda ishtirokini taʼminlashda yetakchiga qoʻshimcha “qoʻllar” berildi. Bu yoshlarning ayni vaqtda nima bilan shugʻullanayotgani va nima bilan bandligini aniqlashda eng optimal va oson yoʻl boʻldi.

 

Yangi gʻoya va tashabbuslar xilma-xilligi oshdi

Mazkur tizim mahallaning eng chekka qishlogʻidagi yoshning qarashlari va tashabbuslari, tengdoshlariga oʻrnak boʻla oladigan jihatlarini hammaga targʻib qilish imkonini berdi. Natijada mahallalarimizda robototexnika, IT va bir qator yoʻnalishlarda toʻgaraklar va mashgʻulotlar faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

 

“Foydali kontentlar joylashtiryapmiz”

Bugungi kunda barcha hududlardagi mahalla yoshlari “TikTok”, “Instagram”, “YouTube”, “Telegram” va shu kabi ommabop ijtimoiy tarmoqlarda oʻz akkauntlariga ega. Ular mazkur tarmoqlar orqali vaqtichogʻlik qilish yoki oʻzlarini ayni paytda qiziqtirayotgan voqealar, qiziqishlari, mashgʻulotlari haqida hikoya qiladigan video va postlar joylab borishmoqda. Biz mahalla sardorlari orqali mazkur postlarning haqqoniyligi, qonuniyligi va milliy mentalitetimizga mos kelishini kuzatib, tahlil qilib boryapmiz. Auditoriyasi keng kanallarda yoshlar uchun “IBRAT ACADEMY” ilovasi kabi foydali ma’lumotlarni joylashtirib boryapmiz.

***

Yettinchi yo‘nalish asosida xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ommaviy tadbirlar va musobaqalarga ularni jalb qilish imkoniyati yaratildi. Sardorlar tizimining eng afzal jihatini mazkur yoʻnalishda koʻrishimiz mumkin. Chunki sardorlarining samarali faoliyati bilan tumanda qizlar koordinatorlari, futbol, yengil atletika, stritbol, voleybol bo‘yicha xotin-qizlar jamoalari tashkil etilganini hamda “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida yoshlar raqs festivalidagi natijalarni misol qilib koʻrsatishimiz mumkin. Mazkur yoʻnalish jamiyatda gender tenglikni roʻyobga chiqarish, xotin-qizlar faolligini oshirish uchun ajoyib imkoniyatlar eshigini ochdi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish