Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Grant uchun yangi tartib: talabalar qanday fikrda?

10.5.2024 129

Yoshlar ovozi

6-may kuni Prezident huzurida oliy ta’lim yo‘nalishlarini optimallashtirish, qabul va malaka tizimlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritildi. Qayd etilishicha, O‘zbekistonda oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga qabul qilishda adolatni ta’minlash, eng qobiliyatli abituriyentlarning davlat grantlaridan foydalanish imkoniyatini ta’minlash choralari ko‘riladi.

Аvvallari ayrim abituriyentlar yuqori ball to‘plasa-da, topshirgan oliy o‘quv yurtining kvotasi soniga qarab, o‘qishga kirolmay qolar edi. Masalan, qaysidir OTMda bitta yo‘nalishda 90 ball olgan abituriyent grantga o‘qishga kirar, boshqa OTMda esa xuddi shu yo‘nalishda 160 ball olgan abituriyent talabalikka tavsiya etilmas edi.

Yangi tartibga ko‘ra, ma’lum bir yo‘nalish bo‘yicha yuqori ball to‘plagan abituriyent tanlagan oliy o‘quv yurtidan qat’i nazar, davlat grantiga tavsiya etiladi. Ya’ni yuqori ball to‘plagan yoshlar, albatta, o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Keltirilgan takliflar ichida davlat grantining taqsimlanish tartibiga oʻzgartirish kiritilishi ham bor.  Endilikda davlat granti 4 yilga bitta talabaga emas, balki har yili yuqori baholarga erishgan talabalar orasida qayta taqsimlanadi. Ya’ni grantga kirgan talaba yaxshi o‘qimasa, keyingi yil kontraktga tushishi mumkin. Yoki aksincha, kontraktga kirgan talaba yaxshi o‘qisa, keyingi yili grantga o‘tishi mumkin.

Ushbu yangilik e’lon qilinar ekan, ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Kimdir bu talabaning yaxshi o‘qishi uchun motivatsiya desa, kimdir shaffoflik qanday ta’minlanadi, demoqda.  Xo‘sh, talabalarning o‘zi bu yangilikni qanday kutib oldi?

 

Shahzodbek YODGOROV:

Bu yangilik meni xursand qildi. Agar universitetdagi o‘qituvchilarning barchasi o‘z mutaxassisligida, talab darajasida dars o‘ta olsa va talabalarga yetarlicha sharoit yaratib berilsa, bu qaror ancha muvaffaqiyatli bo‘ladi. Chunki talaba yoshlar o‘rtasida raqobat kuchayadi. Natijada, o‘qish, izlanish, o‘z ustida ishlash ko‘nikmasi shakllanadi. Grantni qo‘ldan chiqarmaslik va ortiqcha pul sarflamaslik uchun harakat boshlanadi”.

Sevara ODILJONOVA:

Menga bu qaror yoqdi. Chunki ba’zi magistraturaga kirish uchun harakat qilayotgan talabalarni aytmasa, ko‘pgina kursdoshlarim o‘qishni tashlab qo‘yishgan. Bu yangilik ularni harakatga undaydi, deb o‘ylayman. Kichik ball yetmay qolgani tufayli kontraktga kirgan bo‘lsa-yu, keyingi yildan grantda o‘qish imkoni bo‘lsa! Bu ajoyib yangilik”.

Dinara SULTONOVA:

“Mutloqa qarshiman. Bu oliy taʼlim ichidagi korrupsiyani kuchaytirishi va talabani dekanat yoki biror oʻqituvchiga qaram qilib qo‘yishdan boshqasiga yaramasa kerak. Negaki, bizda baholash tizimi juda absurd. Oraliq va yakuniy baholarga qaraladi deyilsa, aksariyat o‘qituvchilar bu ishlarni tekshirmaydi ham, talaba ism-sharifiga qarab, bilganicha baho qo‘yaveradi. Masalan, xorijdagi oliy taʼlim muassasalarida baholash tizimi toʻgʻri yoʻlga qoʻyilgan. Talabaga beriladigan topshiriqlar ham, talabaga qoʻyilgan baholar ham bir necha bosqichli tekshiruvdan oʻtadi. Bizdagi baholash tizimi mutlaqo talabga javob bermaydi”.

Og‘abek MEHMONOV:

Bizning bilim yurtimizda guruh sardoriga iltimos qilib, 4 bahoni 5 ga, 3 ni 4 ga aylantirib olish mumkin, chunki ustozlar uni yaxshi taniydi. Umuman darsga kelmasdan ham tanish-bilishchilik bilan 4-5 olib yurganlar bor. Ochig‘i, bu baholash usullari bilan shaffof tizim bo‘lishi mumkinligiga ishonmayman. Korrupsiya va nepotizm avj olsa kerak”.

 

Yuqoridagi fikrlarda jon bor, albatta. Bu taklif talabalarni bilim olishga undash, OTMga kirgach, o‘qishni tashlab qo‘yish kabi holatlarni kamaytirish uchun ishlab chiqilgani aniq. Ammo tashabbusga putur yetkazuvchi omillar ham yo‘q emas. Mas’ullar yuqoridagi kabi e’tirozlarni ham hisobga olib, tizimni yanada takomillashtirish choralarini o‘ylasa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish