Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Halima Xudoyberdieva xotirasiga bag'ishlandi

18.5.2023 867

Shuhrat Suyarov, O'zA muxbiri

O'zbekiston xalq shoiri, “El-yurt hurmati” ordeni sohibasi Halima Xudoyberdieva hayot bo'lganida bugun 76 yoshni qarshi olardi. Sirdaryo viloyati Guliston shahrida shoira nomidagi ijod maktabida adabiy-ma'rifiy tadbirlar bo'lib o'tdi.

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, Xalq shoiri Sirojiddin Sayyid boshchiligida bir guruh taniqli shoir va yozuvchilar, adabiyotshunos olimlar, el suygan san'atkorlar, shoiraning oila-a'zolari, sirdaryolik ijodkorlar, yosh qalamkashlar shoirani xotirlash uchun jam bo'ldi. Dastlab ijod maktabi hovlisidagi Halima Xudoyberdieva haykali poyiga gullar qo'yilib hurmat ko'rsatildi. So'ngra shoiraning ijod yo'li, u bilan bog'liq xotiralarni uyg'otuvchi ko'plab eksponatlar o'rin olgan maktab muzeyi ko'zdan kechirildi. 

Tadbir ishtirokchilari viloyat musiqali drama teatri foyesida tashkil etilgan Halima Xudoyberdievaning hayoti va ijodi aks etgan fotogalereya hamda shoiraning kitoblari ko'rgazmasi bilan tanishdilar. Shoira tavalludining 76 yilligiga bag'ishlangan adabiy-ma'rifiy tadbirni Xalq shoiri Sirojiddin Sayyid ochdi. Halima Xudoyberdievaning hayoti va ijodi, uning o'zbek she'riyati rivojiga qo'shgan beqiyos hissasi haqida so'z yuritdi. 

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi Qutlibeka Rahimboeva, “Ma'naviy hayot” jurnali bosh muharriri Eshqobil Shukur, yozuvchi Abduqayum Yo'ldoshev, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, shoira Farog'at Xudoyqulova, “Zulfiya” nomidagi Davlat mukofoti sohibasi Guljamol Asqarova Halima Xudoyberdievaning ijodi, faoliyati, birga mehnat qilgan paytlaridagi xotiralari bilan o'rtoqlashdi. 

O'zbekiston xalq artisti Zamira Suyunova, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist Tojibar Azizova, taniqli estrada xonandalari Umida Mirhamidova va Hilola Hamidovaning shoira she'rlariga bastalangan qo'shiqlari, “Navbahor” raqs ansambli raqqosa qizlarining chiqishlari tadbirga shukuh bag'ishladi. 

Sirdaryo viloyati musiqali drama teatri ijodkorlari tomonidan taniqli yozuvchi Abduqayum Yo'ldoshev qalamiga mansub “Yuragida yo'lbars yotgan ayol” spektaklidan ko'rsatilgan parchalar barcha ishtirokchilarga manzur bo'ldi. 

“Halima Xudoyberdieva she'rlari Markaziy Osiyodagi 3018 chaqirimlik eng uzun daryo singari mangu yashaydigan, tinmay to'lqinlanib, ruhiyat olamini yashnatib, millat ahlining ko'ngliga iftixoru g'urur sezimlarini joylab oqayotir va hamisha oqqusidir”, – deb ta'rif bergan edi sirdaryolik taniqli adabiyotshunos olim, professor Qozoqboy Yo'ldosh. Halima Xudoyberdievaning nafaqat she'rlari uning xalqiga bo'lgan cheksiz mehri hali uzoq yillar yoshlarga namuna bo'ladi.

U yaratgan asarlar she'riyat muxlislari qalbida yillar davomida jaranglab turadi. 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish