Sirdaryo viloyati Oqoltin tumanidagi “Bo‘ston” mahallasi yoshlari berilayotgan imkoniyatlardan to‘laqonli foydalanib, oilasi, xalqiga foydasi tegadigan shaxs bo‘lib yetishayotganida, albatta, mahalla yoshlar yetakchisi Farrux Ergashevning o‘rni katta. Yetakchining aytishicha, Bo‘ston mahallasida 14-30 yoshdagilar jami 1221 nafarni tashkil qiladi.
– Shu kungacha 117 nafar yoshga 58 gektar yer ajratildi. Ularning barchasi yerdan unumli foydalanmoqda, – deydi Farrux Ergashev. – Tumanimiz yerlari unumdor. Mehnatkash yoshlarimiz ham yoshligidan dehqonchilik bilan shug‘ullanib kelishgani uchun katta yerda ishlab, daromad qilishdan qo‘rqishmaydi. Dehqonchilik sirlarini o‘rganib katta bo‘lishgan. Prezidentimiz tomonidan yaratilgan bu imkoniyat mahallamizdagi ishsiz yoshlar uchun ayni muddao bo‘ldi. Hozir ularga yer ajratilib, bandligi ta’minlandi va boshqa ishsiz yoshlarga ham ma’lum muddatga kunlik ish o‘rni yaratib berildi.
50 milliongacha daromad
Xuddi shunday yoshlardan aka-uka Otabek va Oybek Mamatisayevlar otasining kasbini davom ettirib, 3 yildan buyon dehqonchilik bilan shug‘ullanib kelmoqda. Ayni damda yoshlar yetakchisining ko‘magi bilan berilgan 1,5 gektar yerda qovunning turli navlarini yetishtirib, daromad qiladi.
– 1,5 gektar yerga qovun ekilgan, – deydi Otabek Mamatisayev. – Oq qovun, obi navvot, ko‘kcha navlarini yetishtiryapmiz. 3 nafar ishchimiz bor. Ularga kunlik ish haqi to‘lanadi. Qovun narxiga qarab, 1 gektardan 50 milliongacha daromad qilamiz.
Mamatisayevlarning katta oilasida hamma ish bilan ta’minlangan. Kichik o‘g‘il Oybekning aytishicha, eng katta mas’uliyat aka-ukalarda. Ish yuzasidan qanday muammo chiqsa, ikkalasi birga maslahatlashib hal qiladi.
“Qo‘shimcha ishimiz – novvoylik”
– Qovun yetishtirish mavsumiy ish bo‘lgani uchun qo‘shimcha ish sifatida novvoylik bilan shug‘ullanamiz, – deydi qahramonimiz. – Avval uyda non yopardik. 1 yil oldin tuman markazida novvoyxona ochdik. Bu yerda ham oilaviy: otam, ukam, men va ayolim ishlaymiz. Hozir dalada ish ko‘p bo‘lgani uchun novvoylik bilan otam ko‘proq shug‘ullanyapti. Ukam kechqurun xamirni tayyorlab bersa, otam erta sahardan non yopishni boshlaydi.
Uyimizda hamma ish bilan ta’minlangan, deb aytishgani rost. Oila novvoychilikdan yaxshigina daronad qilyapti. 1 qop undan tayyorlangan nondan 300 ming so‘m foyda ko‘rishadi. Bundan tashqari, to‘y mavsumida buyurtmalar ko‘payib, bitta buyurtma uchun o‘rtacha 400-500 dona non yopib beriladi.
Biznesni kengaytirish niyati
– Yer katta. Buyurtmalar ko‘p. Albatta, boshida ikki ishni birdaniga olib ketish qiyin bo‘lgan, – deydi yosh ishbilarmon. – Hozir esa tajriba ancha ko‘paygani uchunmi oldingiday qiyinchilik yo‘q. Novvoyxonani kengaytirib, 5-6 nafar yoshni ish bilan ta’minlamoqchiman. Hatto yana bir biznesni yo‘lga qo‘yish niyatim ham bor.
Ha, har bir ishning o‘ziga yarasha qiyinchiligi bo‘ladi. Bu qiyinchiliklar ortida esa har doim rohat bor. Bir qovunning totli ta’mi, issiq nonni yeganlarning rahmati novvoyning kuchiga kuch, dehqonning g‘ayratiga g‘ayrat qo‘shadi.