Oramizda shunday insonlar borki, jismoniy imkoniyati cheklaganiga qaramay boshqalarga o‘rnak bo‘lib, tengma-teng mehnat qiladi va oila, rozg‘or tebratadi. Farg‘ona shahrida yaxshovchi Muzaffarbek shunday insonlardan biri.
Farg‘ona viloyatida yo‘l harakati xavfsizligiga oid ishlarni o‘rganayotgan respublika ishchi guruhi vakillarining etiborini tortgan bu yigitga “Labo” avtomashinasi berildi va viloyat yo‘l harakati xavfsizligi tizimiga yo‘l posboni lavozimiga ishga qabul qilindi.
Farg‘ona shahrining “Yormozor” Mahallasida istiqomat qiluvchi Muzaffar Rahmonov
30 yoshda. 2 nafar farzadi bor. Muzaffar bundan 27 yil avval sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa tufayli 2 qo‘lidan ayrilgan. Bolaligidan haydovchilikka qiziqqan qahramonimiz mana 10 yildirki haydovchilik qilib, oila daromadiga o‘z hissasini qo‘shadi.
Qahramonimiz o‘zining “Moskvich” rusumli avtomashinasini boshqarib ketayotgan vaqtda Farg‘ona halqa yo‘lida yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha o‘rganishlar olib borayotgan respublika ishchi guruhining diqqatini tortadi. YPX inspektori Muzaffarni to‘xtatilib, tegishli hujjatlarni so‘raganida imkoniyati cheklangani ma’lum bo‘ldi. Qahramonimiz o‘z oilasini halol rizq bilan boqish uchun haydovchilik qilayotganini ma’lum qiladi.
Muzaffarning so‘zlariga befarq bo‘lmagan ma’sullar unga amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida qisqa vaqt ichida “Labo” rusumli transport vositasini kredit asosida rasmiylashtirib, kreditning boshlang‘ich to‘lovini homiylik yordamida to‘lab berdilar va qolgan qismini ham to‘lashda amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida Muzaffarni YHXX qaramog‘iga olib, ish bilan ta’minladilar va oylik maosh to‘lab borishga so‘z berdilar.
– Avvaliga YPX xodimlari mening avtomobil boshqarishimga ishonishmadi, – deydi Muzaffar Rahmonov. – “10 yildan buyon mashina haydayman, xohlasangiz yuring, sizni ham aylantirib kelaman”, deb mas’ullarni mashinada aylantirib kelganimdan so‘ng ishonishdi va menga “Labo” avtomashinasini berishdi. Bir vaqtning o‘zida ham ishli, ham mashinali bo‘ldi. Albatta berilgan ishonchni oqlab, xalq uchun xizmat qilaman.
Muzaffarning otasi Muhammadali akaning so‘zlariga ko‘ra, yangi mashina olish o‘g‘lining orzusi edi. Biroq kundalik daromadi ro‘zgor tebratishdan ortmas edi.
Muzaffar boqimandalikka berilib, uyda o‘tiraverganida mas’ullarning e’tiboriga tushmagan bo‘lishi mumkin edi. Muhimi imkoniyati cheklanganligiga qaramasdan o‘z kuchi bilan oila boqishga harakat qilmoqda, boshqalarga haqiqiy ibrat namunasini ko‘rsatmoqda desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.