Bir yilda 180-200 million so‘m daromad
Bugun yurtimizda yerga munosabat tamomila o‘zgardi. Ishsiz, muqim daromad manbayiga ega bo‘lmagan aholi, ayniqsa, yoshlarning bandligini ta’minlash, daromadli qilish uchun tomorqadan unumli foydalanish formulasi amaliyotga tatbiq etildi.
Denovning eng chekka hududlaridan biri bo‘lgan “Jamatak” qiyofasi yangilanib, aholi farovonligi oshib borayotgan manzillardan biri. Tog‘ yonbag‘ridagi so‘lim tabiati bilan dong taratgan hududda aholi asosan dehqonchilik va tomorqachilik bilan shug‘ullanadi. Buning asosiy sababi hududning qulay geografik o‘rni, “To‘palang” suv ombori orqali obihayot bilan yaxshi ta’minlanganidir.
Tomorqasida issqixona qurib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan daromad topayotgan yosh dehqonlar safi kengaydi. Bu borada “Jamatak” mahallasi yoshlar yetakchisi Muhammadjon Do‘stqobilovning shaxsan o‘zi o‘rnak bo‘layotgani e’tirofga molik.
Dehqonchilik – xobbi
Muhammadjon Do‘stqobilovning hovlisi va tomorqadagi yashillik, turfa daraxt va ko‘chatlardagi hosilning cho‘g‘i ko‘zingizni quvnatadi. Inson chin dildan mehnat qilsa, kam bo‘lmasligi, oila bandligi, xonadon farovonligini ta’minlashda tomorqaning ahamiyati kam emasligini anglaysiz.
Qahramonimizning 10 sotixli issiqxonasi 4 ga bo‘lingan. Birida pomidor va bodring, boshqasida apelsin va mandarin, uchinchisida limon yetishtirilsa, yana birida manzarali gullar parvarish qilinadi.
– Nokamtarlikka yo‘ymang-u, limonariyamiz mahallaning eng oldi limonzorlardan biri,-deydi suhbatdoshimiz. – Ota-onam bor mehrini yerga berib, yoshlikdan bizni dehqonchilikka qiziqtirgan. Ko‘pchilik uchun zerikarli va oddiy tuyilgan bu kasb men, oilam uchun asosiy daromad manbayi, zavqli mashg‘ulot, zamonaviy aytganda “hobby”ga aylangan. Ko‘pincha tig‘iz ish vaqtidan horib, uyga kelganda tomorqaga kirsam, bahridilim ochiladi.
Termostatik issiqxona
O‘simliklarni erta ko‘klamda sovuq urishi 2022-yilda 60 million so‘m kredit olib, 10 sotixli issiqxonani qurishiga sabab bo‘lgan.
– Bundan avval ham oilaviy dehqonchilik bilan shug‘ullanganmiz, – deydi Muhammadjon Do‘stqobilov. – Tomorqamizda asosan poliz mahsulotlarini yetishtirardik. Lekin oxirgi paytlarda erta ko‘klam payti havoning keskin sovishi yerga qadab qo‘ygan urug‘larimizni nobud qildi. Keyin buning oldini olish maqsadida issiqxona qurdik.
Issiqxona ko‘pchilik “quyosh xonalari” singari ma’lum bir energiya resursi (ko‘mir, gaz, o‘tin) bilan isitilmaydi. Balki vaqti-vaqti bilan shamollatib turiladi. G‘aroyib-a?! Buning siri nimada ekan?
– Bizda pechkali issiqxonalardan keng foydalaniladi, – so‘zida davom etadi yetakchi. – Lekin ijtimoiy tarmoqlar orqali chet eldagi qishloq xo‘jaliklari bu borada oqilona va samarali hisoblangan “Termosstop” usulidan foydalanayotganiga guvoh bo‘ldim. Termosstopda 3 qavatli plyonka qatlam ishlatiladi, 2 qavati issiqxona ustidan va 1 qavat plyonka issiqxonadagi o‘simlik yoki daraxt ustidan qoplanadi.
Yoshlar yetakchisining so‘zlariga ko‘ra, bu fevral oxiri va mart oyi boshida kuzatiladigan sovuqda tushgan qirov zahrini ichkariga o‘tkazmaydi. 2-plyonka qavati va o‘simlik ustidagi qavat o‘rtasida vakuumli termostatik muhit paydo bo‘ladi. Bu bir tomondan hosilni asrasa, ikkinchi tomondan energiya resurslarini tejaydi. Yashavor, azamat, deging keladi, beixtiyor.
Gibrid plantatsiya
Bu yer xuddi mahalliy va xorijiy iqlimda yetishtiriladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining gibrid plantatsiyasiga o‘xshaydi. Aniqrog‘i, yetakchining tomorqasi va issiqxonasida pomidor-bodringdan tortib, apelsin, mandarin, limon va hatto zaytunni ham uchratasiz.
Birinchi issiqxonada pomidor va bodring ayni hosilga kirgan, mevalarga rang ingan. Ma’lum bo‘lishicha, pomidorning “Pikosnaya”, bodringning “Orzu” navi yetishtiriladigan bu joyda hosil va daromad ancha yuqori.
– Pomidorimiz may oyida sotuvga tayyor bo‘ladi. O‘tgan yili 800-900 kilogram hosilni 20 mingdan sotib, 18-20 million so‘ daromad oldik. Bodringdan 500-600 kilogram hosilni 4-5 million so‘mga pulladik. Bu yil ham daromadni oshirish, hosilni ko‘paytirish uchun ancha ter to‘kyapmiz, –deydi qahramonimiz.
Ko‘chatchilik
Yoshlar yetakchisi sitrus mevalarni mahalliylashtirishda tajriba to‘plagan. Limon, mandarin, apelsinni ikkinchi va uchinchi issiqxonalarda yetishtirish, ko‘chatchilikni ham yo‘lga qo‘ygan.
– Sitrus bo‘yicha ilk ishimiz limondan boshlangan. Ko‘p yillar avval otam Dushanbedan 3 tup limon ko‘chatini olib kelib, hovliga o‘tqazgan. 2008-yilgi qattiq sovuq paytida bu nihollar sovuqqa dosh bera olmadi. Lekin dadam sabr va qunt bilan ko‘chatlarning tomiridan limonni qayta “jonlantirgan”, qalamcha qilgan. Hozir limonning “Mer” navini parvarish qilyapmiz. Har yili o‘rtacha 1-2 tonna hosil yetishtiramiz. O‘tgan yili limonni 15 mingdan sotdik, – deydi Muhammadjon Do‘stqobilov.
Apelsinning xonaki, katta va o‘rta meva turlari, mandarinning jaydari nav ko‘chatlarini sotishning o‘rtacha hajmi yiliga 700-1000 tagacha. Limon ko‘chati 20-25 ming, Apelsin ko‘chati 65-80 ming va mandarin ko‘chati 120-150 ming so‘mdan xaridorlarga yetkaziladi.
– Ko‘z tegmasin, tomorqaga qarab kam bo‘lmayapmiz. O‘tgan yili xonadonimizda shuning ortidan to‘y qildik, imorat soldik. Kaftdekkina tomorqamizdan yiliga o‘rtacha 180-200 million so‘m chiqishiga ko‘pchilik qatorida siz ham ishonmasangiz kerak, – deydi suhbatdoshimiz kulib.
“Jamatak”da yosh dehqonlar ko‘payadi
– Mahallamizda tomorqasi bo‘sh yotgan bironta xonadon yo‘q. Ayni palla yurtimizda tomorqadan unumli foydalanish, aholining bandligini ta’minlash, “bir hudud – bir mahsulot” tamoyili asosida hududlarda sanoatbop va eksportbop qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishga ixtisoslashuv jarayoni jadal sur’atda davom etyapti. Mazkur hayotbaxsh islohotlar ijrosini ta’minlash maqsadida 40 nafar yoshning xonadonida issiqxona qurib berildi. 15 nafar yoshga “E.auksion” platformasi asosida mahalla hududidan 21 sotixdan 10 yillik imtiyozli davr bilan 30 yil muddatga yer maydoni ajratildi. Bu joyda yoshlar birinchi galda asosiy hudud drayver mahsuloti – yeryong‘oq, hosil olingandan keyin to‘qsonbosti usulida piyoz va karam ekishadi, – deydi qahramonimiz.