Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

HAQIQIY ISHQ

13.1.2023 103

✍️ Navoiylik ALISHER

HAQIQIY ISHQ

Olamni kezaman ishim shu,
Yashayman, bahorim, qishim shu,
Yer bosib yurganim sezmadim
Yulduzni ushladim xushim shu.

Bulutlar to‘shimga urildi,
Oy, quyosh tishimga urildi,
Ko‘rinding, o‘rnimdan turgandim
Koinot salgina surildi.

Sevaman, bas, so‘zim qolmadi,
Ko‘rdi-yu so‘ng ko‘zim qolmadi,
Beta'ma, benuqsoq bog‘landim
Sen kelding bir o‘zim qolmadim.

So‘raysiz, --kim deya,
--Gadomi,
Muhabbat bobida adomi,
Aytishim shart emas taniysiz
(Siz mendan yaxshiroq taniysiz)
Tanimay bo‘lmaydi Xudoni.

XARITA

Chizib oldim bugun ko‘ksimga,
O‘zbekiston xaritasini.
Va yurtimga topshirdim so‘zsiz
Hayotimning sug‘urtasini.

Kezib chiqdim qadamba-qadam,
Andijon-u to Qoraqalpoq.
Sog‘inganda bag‘rimga bosdim
Vatanimga ochgancha quchoq.

Zamin bo‘lsa barchamizniki,
Sevish kerak yonib, qizg‘onib.
Yaxshi ko‘rib bo‘lmaydi mudroq
Sevish mumkin, faqat uyg‘onib.

Meni shoir qilgansan shukur,
Kelmasa bas, deyman malolim.
Xaritanga bosh qo‘ysagina
Tinch uxlaydi jufti halolim.

KUZATUV

Yuragingni avrasang bazo'r,
Tuyg'ularni butkul etsang tiz.
Yomon bo'lar o'tsa yoningdan
Seni yaxshi ko'rmaydigan qiz.

Isyon qilar yurak dafatan,
Zanjirlarni parchalar tuyg'u.
Yonginangdan o'tar-u lekin
Seni yaxshi ko'rmaydi-da u.

Zohiringda sipo va mayin,
Jilmayasan o'lib tirilib.
Seni yaxshi ko'rmaydigan qiz
Muyilishdan ketar burilib.

Ozroq yerga qaraysan keyin,
Ko'kka boqib uflaysan hisni.
Ammo ko'rging kelaveradi
Seni yaxshi ko'rmagan qizni.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish