Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

HAR KUNI 500 MING SOʻM

2.5.2023 1728

Iqbol PARDAYEVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Bahor kelishi bilan Surxondaryo viloyati qishloq xoʻjalik mahsulotlarini birinchilardan boʻlib xalqimizga taqdim etadi. Bu nafaqat voha iqlimi, balki mehnatkash xalqning tinimsiz harakati mahsuli hamdir. Dehqonchilik hudud yoshlarining bandligini taʼminlashda ham asosiy omillardan biri.

Jarqoʻrgʻon tumani “Oltintepa” mahallasidagi yoshlar yetakchisi koʻmagi bilan 11 nafar ishsiz yoshning bandligi ta’minlanib, dehqonchilikni boshladi. Har bir yosh dehqon auksion orqali 10 yil muddatga 20 sotixdan ekin maydoni oldi. Ulardan biri Sirojiddin Qilichov.

 

Sirojiddin QILICHOV, dehqon:

“35 MILLION SO‘M DAROMAD OLAMAN”

– Maktabni tamomlaganimdan buyon ishsiz edim. Mahallamizga Nurislom Muhammadiyev yoshlar yetakchisi etib tayinlangach, u kishi hamma yoshlar bilan suhbatlashib, qanday ish bilan shugʻullanishga qiziqishimizni soʻradi. Men yer boʻlsa, dehqonchilik qilishim mumkinligini, ammo yer sotib olishga pulimiz yoʻqligini aytdim. Shundan so‘ng auksion orqali 10 yil muddatga 20 sotix yer ajratib berishdi. Oʻtgan yili birinchi hosil uchun yer yongʻoq ekib, 13 million soʻm daromad oldim va olingan daromadimga 4 bosh qoʻy olib, uyda chorvachilikni ham yoʻlga qoʻydim. Ikkinchi hosiliga makkajoʻxori ekib, undan ham yaxshi daromad oldim. Bu yil 50 ming dona sarimsoq piyoz va piyoz ekib, hozir hosilni sotyapman. 35 million soʻm daromad qilishni moʻljallayapman.

Dehqonchilikni boshlagan qolgan 10 nafar yosh ham yaxshi daromad olmoqda. Yoshlar yetakchisi nafaqat yoshlarning bandligini taʼminlamoqda, balki ehtiyojmand yoshlarga ham beminnat yordamini berib kelmoqda.

Nurislom MUHAMMADIYEV, Jarqoʻrgʻon tumanidagi “Oltintepa” mahallasi yoshlar yetakchisi:

– Mahallamiz yoshlari koʻp yillardan beri kurash boʻycha mashgʻulotlar olib borish uchun maxsus gilam yoʻqligini bildirishgandi. Muammoni mahalladagi homiylar yordamida bartaraf etib, sportsevar yoshlarga 38 million soʻmlik kurash gilami olib berdik. Hozir aksariyat yoshlarimiz boʻsh vaqtini kurash zalida oʻtkazmoqda.

Shuningdek, yashab turgan xonadonining qurilish ishlarini oxiriga yetkazolmay qiynalayotgan, boquvchisi yoʻq Asadbek Rahimovga ham mahalla homiylari bilan birga uy-joy qurishi uchun 100 dona shifer olib berdik. Nargiza Eshmamatovaning nogironlik aravachasi yaroqsiz holga kelib qolgani bois unga homiylik asosida nogironlik aravachasi berdik.

Faoliyatim davomida koʻpincha ayrim sabablar tufayli “Yoshlar daftari”ga roʻyxatga kiritilmayotgan yoshlarga ham yordam berishga harakat qilyapman. Bunda mahallamiz saxovatpeshalariga suyanaman.

 

Qiziriq tumanidagi “Oqjar” mahallasida ham dehqonchilik ortidan oilasiga daromad olib kirayotgan yoshlar koʻp. Mahalladagi yoshlar yetakchisi Abdugʻani Hasanovning tavsiya va yordami bilan hozir 35 nafardan ortiq yosh dehqonlar paydo boʻldi. Ulardan biri Toʻychi Ahatov. Mahalla yoshlar yetakchisi unga oʻz xonadonidagi boʻsh turgan joyda dehqonchilik bilan shugʻullanishi uchun imtiyozli kredit ajratib, issiqxona qurishiga yordam berdi. Hozir Toʻychi Ahatov qishin-yozin dehqonchilik bilan shugʻullanib, daromad olish imkoniga ega.

 

Toʻychi AHATOV, dehqon:

“OTA-ONAM XURSAND”

– Bundan 7 oy oldin 33 million soʻm imtiyozli kredit olib, oʻz tomorqamda issiqxona qurgandim. Issiqxonada asosan, poliz (pomidor, bodring) ekinlarini yetishtiryapman. Shu kunga qadar har kuni 45-50 kilogacha bodring terib, markaziy dehqon bozorlariga sotyapman. Bodringni qish boʻyi sotib, kunlik 400-500 ming soʻmgacha daromad oldim. Bundan, ayniqsa, ota-onam juda xursand.

Yoshlarga berilayotgan imkoniyatlar nafaqat ularning bandligini taʼminlashga, balki xalqimiz dasturxonining toʻkin boʻlishiga ham xizmat qilmoqda.

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish