Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Hayot haqiqati

8.5.2023 781

Fayyoza Xolmurodova, Toshkent Irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Milliy tadqiqot universiteti talabasi

Telefonim jiringlab uyg’onib ketdim. Qarasam ayam telefon qilyapti, shoshgancha ko’tardim-u “Assalomu alaykum” deb hol ahvol so’ray boshladim. Uxlab turganim bilingan, shekilli, alik olgancha kesatish ma’nosida kulib, dars tayyorlayapsanmi dedi. Uyalganimdan nima deyishni bilmay yo’q utiribmiz qizlar bilan deb qo’ydim. Har safar uyga borganimda bo’sh vaqtingda o’qiysan deb, turli xil kitoblar berib yuborardi. Ayam bilan dadam kitoblarni juda ham yaxshi ko’radilar. Qayerda kitob ko’rib qolmasin uni o’qishga, sotib olishga oshiqadilar. Ba’zan  dadam bilan ayamni taqdir yo’llarini tutashtirgan shu kitoblar bo’lsa kerak deb ham o’ylab qolaman. Uyimizda mo’jazgina kutubxonamiz bor. U yerda o’zbek adabiyotidan tortib, jahonning mashhur yozuvchilarini asarlarini ham topish mumkin. Bu safar menga O’zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning kitoblarini bergan edi. Dadam Abdulla Oripovni hamqishlog’im deydilar. Bolaligimda o’ylardim demak, bizdan keyingi qishloqda tursalar kerak deb. Aslida esa Qashqadaryodan bo’lganligi uchun shunday der ekanlar. Ular haqda shunday ko’p gapirishganki bizning oila a’zoimizdek bo’lib qolgan.  Ayam har safargidek suhbatimizni she’r o’qish bilan davom ettirdi:  

O’tgan kunlarimga boqib mutazir,

Sog’inchdan yonadi, yongan bu jonim.

Afsuski yonimda emassiz hozir…

Deya biro z to’xtab qoldilar. Vaqtida dars qilib, foydali narsalar bilan shug’ullanishimni, telefondan kamroq foydalanishimni ta’kidlab xayrlashdilar. Ayamning ovozidan ma’yuslikni, sog’inchni  sezdim. Telefonni qo’yar ekanman ko’zimga yosh keldi, derazani ochib tashqariga qaradim. Ba’zan o’ylab qolaman. O’zimga o’zim nahot hayot shunaqa bo’lsaya deb qo’yaman. Avvallari ayam ko’p bolaligi haqida to’lib toshib gapirar, quvonchdan yuzlari kular, ba’zida esa yig’lab ham qo’yardi. Bola bo’lganligimiz uchunmi bu hissiyotlarni anglamas edik. Biz uchun ular go’yoki bola bo’lishmagandik edi. Ayamning gaplariga beparvo qarab qo’yardik. Inson ulg’aygan sari bolalik undan uzoqlashar ekan. Hozir men ham bolaligimni sog’indim. Talabalik oltin davr der edilar, aslida sog’inch davri ham ekan. Shom vaqti ham bo’lib qoldi. Bu vaqtda qishloqda ish qizg’in bo’ladi. Derazadan qarasam qishlog’im ko’chalari ko’rinadigandek tuyladi. Ammo baland-baland  binolar ko’rinadi, xolos. Chuqur xo’rsinib qo’yaman. Beixtiyor boya ayam o’qib bergan, O’zbekiston Xalq shoiri Abdulla Oripovning ,,Tabiat” she’ri yodimga tushdi:

Uzoqlarda qoldi tug’ilgan uyim,

Ajib bolaligim qoldi uzoqda.     

Qoldi xommopishga ko’milgan uyim,

Qoldi singillarim bari yiroqda.

 

Shoir she’rini yodga olar ekanman bu misralar men uchun yozilgandek, go’yo.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish