O‘n besh kundan buyon “Kakku uyasi uzra parvoz”ni o‘qiyapman. O‘zi 80 bet qolgan, lekin mana uch-to‘rt kunki, kitob o‘qishga hech vaqt ajrata olmayman. Uxlash oldidan telegramga qaray-chi, hech kim yozmadimikan, deya internetni qo‘shaman-u, soat o‘n ikki-bir bo‘lganini sezmay qolaman...
Bu manzara XXI asr yoshlari uchun begona emas. Bo‘sh vaqt topildi deguncha ijtimoiy tarmoqlarga muk tushamiz. Virtual olamga shu qadar sho‘ng‘ib ketamizki, o‘qilayotgan kitob, uy vazifalari-yu, bir talay yumushlar qoladi, ketadi. Telegramda qanday shov-shuv tarqagani, feysbukda qaysi mavzu “hayp” bo‘lgani, instagramda bugun kim qayerga borib, suratga tushgani...
Ertalab uyg‘onishimiz bilan qo‘limizga telefon olamiz. Go‘yoki biron muhim yangilikdan quruq qolayotgandek, nonushta qilib bo‘lib, to ishga otlanguncha ijtimoiy tarmoqlardan ko‘z uzmaymiz. Mashinada, jamoat transportida, tirbandlikda turib qolsak ham, qo‘limiz beixtiyor telefonni paypaslay boshlaydi. Olimlar-u faylasuflar oltinga tenglashtirgan vaqt esa ko‘zlarida jiqqa yosh bilan o‘tib ketaveradi...
Ozroq nazariya
Qadimgi Rim faylasufi Seneka aytganidek, bu dunyoda vaqtdan tashqari boshqa hech narsa bizniki emas. Vaqtni hayotiy maqsadga sarflay olishdan murakkab, mashaqqatli, ammo olijanob mashg‘ulot yo‘q. Rivojlanish, olimlarning fikricha, inson vaqtini tejab oldinga intilishi demakdir. Buning uchun u g‘ildirakni o‘ylab topdi, so‘ng aravani, undan keyin avtomobil, poyezd va samolyotni yaratdi. Maktub o‘rniga telegramma va telefon, teatr o‘rniga televizorni kashf etdi. Kompyuterlar, zamonaviy savdo markazlari, turli elektr jihozlari – bularning hammasi inson vaqtini tejashga qaratilgan.
Shunga qaramay, odamlar hamon vaqt yetishmasligidan noliydi. Maktab o‘quvchisi-yu talaba, o‘rta yoshli-yu keksalar, ishchi-yu ishsizda vaqt yo‘q. Lahzalar sovurilmoqda. Alloma Seneka, hayotimizning ko‘p qismini xatolar va ahmoqona ishlarga sarflaymiz, muhim davrlar harakatsizlikda o‘tadi, hayotimizda deyarli keraksiz bo‘lgan ishlar bilan shug‘ullanamiz, deb ta’kidlaganida haq edi. Bugungi “Z” (zed) avlod qimmatli vaqtini qiymatsiz tarmoqlarda uvol qilyapti.
Statistikaga qaraganda, dunyo bo‘yicha o‘rtacha hisoblaganda, sutkasiga 5 soat umrimizni ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazar ekanmiz. Bani basharning 26 foizi uchun bu ko‘rsatkich allaqachon 7 soatdan oshgan?!
Bir misol
“Tarmoqlarda necha soat vaqtingizni o‘tkazasiz, deb so‘ragan ekansiz, ochig‘i shu savoldan keyin o‘ylanib qoldim. Ertalab nonushtada, o‘qishga borguncha, zerikarli darslarda, bo‘sh vaqtlarda... Adashmasam, bir kunda kamida 6 soatimni shunga sarflayman. Ba’zida shuning o‘rniga qancha foydali ish qilishim mumkin edi, deb o‘ylab qolaman. Lekin feysbuk, telegram, instagram, tvitter... har soatda lentamni kuzatib turmasam, nimanidir yo‘qotgandek bo‘laman. Odamlar bilan real hayotda gaplashgandan ko‘ra chatdagi yozishmalar qulayroq bo‘lib qolgan. Uxlash uchun sakkiz soat, tarmoqlar uchun 6-7 soat vaqt ajratsam, 24 soatdan 10 soatim qolar ekan. Shunda umrimning necha yilini behuda o‘tkazgan bo‘laman-a?”, – Mirjalol Jumaqulov.
Yana nazariya
Ijtimoiy tarmoqlar vaqtimizni o‘g‘irlabgina qolmay, ruhiyatimizga ham zarar yetkazadi. Amerikalik ruhshunos Robert Kraut depressiya va internetda o‘tkazgan vaqt o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlik borligini isbotladi: qancha vaqt onlayn bo‘lsangiz, shunchalik qayg‘uga botasiz!
2017-yilda keng ko‘lamli tadqiqot natijalari e’lon qilindi, uning doirasida besh yil davomida yarim million amerikalik maktab o‘quvchilarining xatti-harakatlari o‘rganildi. Ma’lum bo‘lishicha, bu davrda ijtimoiy tarmoqlarga bog‘lanish fonida o‘smirlarda ruhiy tushkunlik alomatlari 33 foizga, o‘z joniga qasd qilish xavfi esa 56 foizga ortgan. Ijtimoiy tarmoqlar nafaqat yangiliklar, balki stress, hasad, bulling (ommaviy ta’qib, kamsitish), yo‘qotilgan foyda sindromi, bog‘lanib qolish va qo‘rquv manbayi hamdir.
FoMO sindromi – ijtimoiy tarmoqlardan bosh ko‘tara olmas ekansiz, yo‘qotilgan foyda sindromini boshdan o‘tkazishingiz aniq. FoMO deb ataladigan bu sindrom boshqa odamlar hayotida ro‘y berayotgan qiziqarli va muhim voqealarda yetarlicha ishtirok etmayotganingizni his qilishga majbur etadi. Bu esa, o‘zingizni hurmat qilmaslikka va depressiya hamda hadik hissining kuchayishiga olib keladi. Kimdir hali dunyoning u chekkasida, hali bu chekkasida sayohatda bo‘lib tursa, kimdir olgan yangi mashinasini ko‘z-ko‘z qilsa, kazo-kazolar bilan achomlashib tushgan suratlarini joylasa, kim ham qayg‘uga botmaydi deysiz.
Sotsiofobiya. Harakatlaringizning boshqa foydalanuvchilar tomonidan baholanishi ijtimoiy harakatlardan qo‘rqish – sotsiofobiyaga olib keladi. Aytaylik, siz har besh daqiqada ijtimoiy tarmoqlardagi tasmalaringizni tekshirasiz; doimo kim bilandir yozishasiz va ular sizga odatdagidan kechroq javob berishsa, g‘azablanasiz; hayotingizni boricha “efir”ga uzatasiz va ularni boshidan oxirigacha kim tomosha qilganini va kim aloqani uzganini diqqat bilan kuzatasiz.
Traybalizm. Insonlarning oʻziga oʻxshaganlar bilan “qabila” boʻlib birlashish ishtiyoqi hamda boshqa ijtimoiy guruhlarga ashaddiy dushman sifatida qarashi fan tilida “traybalizm” deyiladi. Bu tushuncha oʻzida “Biz” va “Ular” oʻrtasidagi azaliy tafovutni ifodalaydi, traybalistik mentalitet olamni oq va qora, yaxshi yoki yomonga ajratadi. Oltin oʻrtaliqqa oʻrin yoʻq bunda.
Siz hayotda bilgan, tanigan odamlar ijtimoiy tarmoqlarda butunlay boshqa insonga aylanadi, qaysidir postingiz ostida qoldirgan izohlaridan yoqa ushlaysiz. Tavba, bu odamga nima jin urdi? Koʻcha-kuyda duppa-durust koʻrishib yurardi-ku! Mana virtual “qabilachilik”ning ilk simtomlari.
Yoki ijtimoiy tarmoqlardagi muloqotda odamlar aslidagidan koʻra dadilroq, mulozamatsiz va hatto shafqatsizroq koʻrinishi mumkin. Ikki shaxs koʻz-koʻzga tushganda aytolmaydigan gaplarini internetda bemalol aytadi. Real hayotdagi xulq bilan parallel ravishda ijtimoiy tarmoqlarda oʻzgacha, oʻziga xos odob shakllanmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, real hayotdagi odamlar bilan muloqotda muammolarni keltirib chiqarmoqda.
Xullas kalom...
Inson o‘z kuchi, imkoniyatlariga ishonib, orzulariga yetish yo‘llarini izlab yashaydi. Buning uchun unga ma’lum vaqt kerak, vaqt esa har doim yetishmaydi. Yoshlarda orzularini ro‘yobga chiqarish, ularga tezroq erishish uchun imkoniyatlar bor. Lekin bu intilishlar samarali bo‘lmasa, vaqt o‘tgani sezilmay qoladi, kunlar ketidan kunlar, oylar ketidan oylar o‘tadi. Shu tariqa ba’zilar yoshi bir joyga borgach, umrim besamar, izsiz o‘tdi, degan afsus-nadomat chekadilar.
Globallashuv dunyoni o‘zgartirmoqda. Yangi-yangi kashfiyotlar insonning yashash tarziga ham ijobiy, ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Tarmoqlarning vaqtimizga, asab tolalarimizga, o‘zaro munosabatlarimizga salbiy ta’sirining oldini olish esa o‘z qo‘limizda. Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishda o‘zimizga aniq bir me’yor qo‘yib olishimiz lozim, shunda kamroq ruhiy tushkunlikka tushar, real va virtual hayotdan birini tanlashga majbur bo‘lmas, o‘z orzumizga yetish uchun ko‘proq imkoniyatni ishga solgan bo‘lar edik.