Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

HAZRAT NAVOIYNING ORZUSI

1.2.2023 970

Iroda POʻLATOVA, Bektemir tumanidagi 346-maktabning ona tili va adabiyot fani oʻqituvchisi

   Milliy oʻzligimiz timsoli, maʼnaviyatimiz asosi boʻlgan ona tilimizga  eʼtibor yanada kuchaytiriladi. Albatta, chet tilini bilish — zamon talabi.  Ammo ona tilini bilishga majbur qilish kerak.                                                                           

Shavkat MIRZIYOYEV

Davlat tili mavqeyiga ega boʻlgan oʻzbek tili, yaʼni ona tilimiz dunyo tillari orasida oʻz qadriga hamda oʻrniga ega. XI asrda yashab ijod qilgan buyuk qomusiy olim Mahmud Koshgʻariy “Devonu lugʻotit turk” asarida oʻsha davrlarda turkiy til deb atalmish ona tilimizni arab tili bilan oʻzaro muqoyasa qiladi. Alloma arab va turkiy tillarni maydon talashayotgan ikki uloqchi otga oʻxshatadi va bu bellashuvda turkiy til ham sira raqibidan ortda qolmasligini taʼkidlaydi.

Tilimiz rivojida Alisher Navoiyning xizmatlari beqiyos. Hazrat oʻz asarlarini turkiy tilda yozdi hamda tilimiz mavqeyini yuksak darajaga koʻtardi. Oʻzbek tilining ifoda imkoniyatlari boyligini namoyish qilgan “Muhokamat-ul lugʻatayn” asari oʻz davri uchun qanchalik muhim boʻlsa, bugun ham ahamiyatini yoʻqotmagan. Asarda arab, fors, hindiy tillari qatorida turkiy tilning ham eng qadimiy tillardan biri ekani alohida taʼkidlangan.

Alisher Navoiy ijodida ona tilidagi soʻzlarning imkoniyatidan toʻliqroq foydalanishga harakat qilgan. Navoiyshunos olim Aziz Qayumovning “Alisher Navoiy” deb nomlangan lavhalarida shunday bir voqea keltiriladi: “Navoiy oʻz ona tili – turkiyni behad qadrlar edi. Bu tilning boy imkoniyatlari sheʼr uchun juda qulay ekanini u yaxshi his etardi. Ammo buni koʻplar bilmas, turkiy til nazm uchun noqulay deb hisoblardi. Bir kuni Navoiyning mehmonxonasiga yigʻilgan shoirlar suhbatida shu xususda bahs boʻldi. Suhbatdoshlardan biri turkiy tilda yuksak badiiy asarlar yaratish qiyin, degan fikrni izhor etdi:

– El ogʻzida ne soʻz boʻlsa, unga sheʼr libosi kiydirmoq har vaqt mumkin boʻla bermas. Masalan, “qirchillatmoq” soʻzini olaylik. Kishi tishni qirchillatur. Ammo bu avom alfozini nazmda bermoq mushkul va nomaqbuldur.

– Agar mazmun ifoda etilsa, har bir alfoz sheʼrda ishlatilmogʻi mumkindir, – dedi Navoiy eʼtiroz bildirib. – Sheʼrda faqat maʼnosiz soʻzgina nooʻrindir.

Navoiy xayolga choʻmdi. Uning odatini yaxshi bilgan Zayniddin Vosifiy oʻsha ondayoq uning qoʻliga bir varaq toza qogʻoz va qalam berdi. Siyohdonni tokchadan olib, oldiga qoʻydi. Navoiy shoshib yoza boshladi. Soʻng yozganini baland ovoz bilan oʻqidi:

Tushda koʻrdim yorimi, xandon raqibim oʻtruda,

Rashkdan har lahza tish qirchillaturman uyquda.

– Ofarin, – dedi majlis ahli.

Hozirjavoblik bilan yozilgan bu bayt bahsga yakun boʻldi”.

Navoiy oʻz ona tilining boyligi va afzalliklarini taʼkidlar ekan, fors tilida ayrim tushunchalarning nomi mavjud ham emasligini aytadi. Shoir “bu xalq orasinda paydo boʻlgʻon taʼb ahli salohiyat va taʼblarin oʻz tillari turgʻoch oʻzga til birla zohir qilmasa erdi”, degan istakni bildiradi. Yaʼni Hazrat turkiy tilda soʻzlashuvchilar oʻz tillari turganda fikrlarini boshqa tilda izhor qilmasliklarini orzu qiladi.

Bugun tilimizning sofligi uchun harakatlar borayotgan bir davrda Hazrat Navoiyning orzulari ushalmog‘i lozim.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish