“STADA” kompaniyasi o‘zining 11-sonli jamoat salomatligi sohasidagi “STADA Health Report 2024” tadqiqotini taqdim etdi. Unda 23 mamlakatdan 18 yoshdan 99 yoshgacha bo‘lgan 46 ming ishtirokchi sog‘liqni saqlash tizimi, tibbiyot, sun’iy intellekt, yosh va keksayish, ruhiy salomatlik, o‘z-o‘zini parvarish qilish, tashqi ko‘rinish bo‘yicha onlayn so‘rovnomaga javob bergan. O‘zbekiston ikkinchi yil ketma-ket ushbu tadqiqotda ishtirok etmoqda.
O‘zbekistonliklar tibbiyot sohasidagi xizmatlardan qoniqadimi?
Tadbirda taqdim etilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida respondentlarning 68 foizi sog‘liqni saqlash tizimi faoliyatidan, asosan, dori vositalarining mavjudligi, shifokorlar va farmatsevtlarning kasbiy mahorati, shuningdek, tibbiyot muassasalari bilan o‘zaro hamkorlikning muntazam ravishdagi ijobiy tajribasi tufayli qoniqishini ta’kidlagan.
Shu bilan birga, qo‘shni Qozog‘istonda aholi sog‘liqni saqlash tizimi faoliyatidan ko‘proq norozi (67 foiz) ekanligini ko‘rish mumkin.
Davolanish usullari va dori-darmonlarni tanlash imkoni yo‘q
O‘zbekistonda ijobiy tendensiyaga qaramay, respondentlarning 28 foizi tibbiyot muassasalarida xizmat ko‘rsatishning past darajasi, 22 foizi profilaktik ko‘rikdan o‘tish imkoni mavjud emasligi va 19 foizi esa shifokor qabulini tashkil etishda qiyinchiliklarga duch kelgan. Shuningdek, respondentlar davolanish usullari va dori-darmonlarni tanlash hamda uyda dorilar bilan davolanish imkoniyati yo‘qligini ta’kidlagan.
Tashqi ko‘rinishidan norozilar
Tadqiqotiga ko‘ra, o‘zbekistonliklarning 78 foizi tashqi ko‘rinishidan mamnun va bu 23 mamlakat orasida eng yaxshi natija hisoblanadi.
Ma’lum bo'lishicha, dunyo bo‘ylab o‘rtacha bunday odamlarning ulushi 49% ni tashkil qiladi. Bunda tashqi ko‘rinishidan norozi bo‘lganlarning 38 foizi ortiqcha vazn bilan, 14 foizi esa vazn yetishmasligi bilan bog‘liq muammolarga duch keladi.
Shuningdek, respondentlarning 6 foizi ijtimoiy tarmoqlarda o‘zlarini boshqalar bilan solishtirganda tashqi ko‘rinishidan qoniqmasligini bildirishdi.
Sog‘lom ovqatlanishga rioya qiladiganlar — 28 foiz
O‘zbekiston fuqarolari jismoniy salomatlik darajasini yuqori baholaydilar – respondentlarning 71 foizi tana holatidan mamnun ekanligini ma’lum qilgan. Tadqiqot natijasiga ko‘ra, o‘zbekistonliklar orasida salomatlikni saqlash uchun sport bilan shug‘ullanadiganlar soni 38 foizni, faol ijtimoiy hayot kechiradiganlar 35 foizni va sog‘lom ovqatlanishga rioya qiladiganlar 28 foizni tashkil qiladi.