Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Hech kim kasal boʻlmasin!

29.11.2023 379

Zebuniso Kamol qizi

Shu voqeadan keyin doʻxtirxonaning yonidan bosh barmogʻimga qarab-qarab, aylanib, 10 metr uzoqdan oʻtadigan boʻlganman. Oʻzi kichkinaligimdan doʻxtirdan qoʻrqaman.

Yozda tirnogʻimni chuqurroq olib yuboribman. Bir necha kun ogʻrib yurdi, onamga aytsam, tuzli suvga botirib tursang, koʻrmagandek boʻlib ketasan, dedi. Ammam yod surt dedi, xolam yana allaqqanday mazni aytdi. Xoʻp, deb aytganlarini qilib yurgandim, danakdek shishib ketdi, qarasam kulgim keladi, lekin ogʻrigʻi... Shunda tushundim “yaramga tuz sepma” iborasining ma’nosini.

Xullas, hamma oʻzbeklar qatori eng oxirgi chora sifatida doʻxtirga bordim.

Qarshi tumanida yashayman, oʻzimizni poliklinikaga borgandim, u yerning shifokori ham erinibgina, ustini bosib koʻrdi, aniq bilaman oʻshanda ogʻriq zo‘ridan pomidordek qizarib ketdim. Keyin “tuzli suvga botirmadingizmi”, – dedi.

Tuzli suv foyda bermaganini bilgach, tuman markaziga boraqoling, deb Beshkentdagi koʻp tarmoqli poliklinikaga yuborishdi. Chakki o‘tib, devorlari sarg‘ayib ketgan eski qishloq poliklinikasidan ta’bim xira bo‘lib, tuman markaziga otlandim. Boshidagi qalpogʻi qiyshaygan, egnidagi xalati gʻijim bo‘lib ketgan shifokor ham “shu paytgacha nima qilib yurdingiz?”, deb qoʻlimni yaxshilab ezgʻiladi.

To‘satdan “barmogʻingizni kesamiz, bo‘lmasa butun qo‘lingizga tarqalishi mumkin, dushanbagacha tayyorlanib keling”, desa bo‘ladimi!

Xoʻp, degancha yugurib chiqdim. Menimcha, qaytib kelmasligimni oʻzi ham sezdi. Ketayotib qabulxonadagi ayolning men chiqqan xonaga kirib ketayotgan shifokorga qarab: “sizga amaliyotchi biriktirilgan, oxirgi kurs ekan, qogʻoziga maqtab yozib bersangiz bo‘ldi, hali yana elliktasi kelar ekan, kelib bizni ham ovora qilmaydi” degan gapi qulogʻimga chalindi.

Ha, demak u “shifokor” aslida talaba bo‘lgan. Lekin oxirgi kurs talabasi bo‘lsa ham kesish darajasigacha borgan jiddiy kasallikka tashxis qo‘ya olyapti, maqtasa, arzigulik. Ellikta dedimi, kichkinagina tumanimizda 50 ta talaba shifokorlikka o‘qiyaptimi? Kim biladi u talabalarning qanchasi orzu-havas bilan shifokor bo‘laman deb superkontrakt to‘lagan.

Avvallari shifokorlar faqat Toshkent Tibbiyot Akademiyasida oʻqitilardi, u yerda oʻqishku mayli, oʻqishga kirish uchun imtihon topshirish qanchalik qiyinligini hamma yaxshi biladi.

Men buni qoralayman, aytishadi-ku, bolaning orzularini yoʻqqa chiqarmaslik kerak. Shifokor boʻlgisi keldimi, boʻlsin, tajribasi boʻlmasa nima, 1-2 yil ishlasa, oʻrganib ketadi. Oʻzi doʻxtirlarning uzogʻi 4-5 ta retsepti boʻlsa. Biroq, doʻstlar, bundan keyin biz umuman kasal boʻlmasligimiz kerak. Aks holda...

Aytgancha, barmogʻing nima boʻldi, deysizmi? Yiring yigʻilgan ekan, igna bilan teshib chiqarib yuborgandim, tuzalib ketdi, balki tuzli suvning ham foydasi tekkandir...

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish