Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

HIS QIL, YOZ, SURATGA OL!

7.1.2023 479

Shahribonu RAHMATOVA tayyorladi.

Shunday suratlar borki, ular tarixdan so‘zlovchi yagona vizual manba bo‘lib qolishi mumkin. Unda jamiyat anglagan, sezgan, ammo baʼzi sabablarga ko‘ra yashirgan dardlari boricha ko‘rinadi, muallifning mahorati tufayli muhim­lik darajasi yanada oshadi. Suratlar aldolmay­digan boladay hamma sirni ochib qo‘yadi.

Sahifamizning bu galgi mehmoni fotojurnalistika sohasida faoliyat yuritib kelayotgan, gazetamiz sahifalari va ijtimoiy tarmoqlarida suratlari tez-tez eʼlon qilinadigan yosh ijodkor Xolida Musulmonova.

Xolidaning fotojurnalistikaga kirib kelganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q. Ammo ijodiy ishlari ko‘pchilik ustozlarning ham eʼtirofi­ga sazovor bo‘lmoqda. Ayni paytda u O‘zJOKUning bosma OAV va noshirlik ishi fakultetida tahsil olib, “Maʼrifat” gazeta­sida faoliyat yuritmoqda. Adabiyot, sanʼat, sportning figurali uchish turiga qiziqadi. U yaratayotgan ijodiy ishlarida o‘zbek xalqining kundalik turmush-tarzi, urf-odatlari, qadriyati, kezi kelganda, illatlari bo‘y ko‘rsatib turadi.

Xolida MUSULMONOVA

– Surat olishni universitetda o‘rganganman. Avvallari hatto “selfi”da ham chiroyli surat ololmas­dim. 2-kursligimda ustozimiz Hus­niddin Ato fotojurnalistikadan saboq bergan. U kezlarda mazmunli surat qanday bo‘lishi haqida tushunchaga ham ega emasdim. Darslarda oxirgi qatorda o‘tirardim, tushunmasdim. Lekin vazifalarni bajarish davomida ko‘p suratlar oldim, kuzatdim, ularni do‘stlarim va ustoz bilan birga tahlil qildik. Shunday kunlarning birida us­toz qo‘limga eski fotoapparatlarini berib, “Surat olib keling-chi” dedilar… Ijodim ana shundan boshlangan, deydi Xolida.

Xolida Musulmonning “Qishloqdagi qish” nomli birinchi fotohikoyasi “Gazeta.uz” internet nashrida chop etilgan, hozir esa “Oyina.uz” portalida ham nashr etilmoqda.

Uning hayotdagi shiori shunday: “Inson xotirasi 128 gega­baytlik fleshka emas. Ayniqsa, hislarni saqlab qolishni ista­maydi. Inson yillar, oylar, kunlar, hatto daqiqalarda evriladi. Har bir evrilishning o‘z taʼmi, mazasi bor, nazarimda... Yozish kerak... Yillar o‘tib o‘zgargan hislaringiz qay darajada ekanini eslash uchun, sezish uchun... O‘sha hislaringga nimalar turt­ki bo‘lganini yod etish uchun suratga olish kerak... His qil, yoz, suratga ol!”

Keling, Xolida tarixga muhrlagan suratlarni birgalikda his etamiz.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish