Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

HUQUQIY HUJJATLARNI FARQLASHNI O‘RGANAMIZ

18.11.2022 725

Shahruza SATTOROVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

QONUN, QAROR, FARMON VA FARMOYISH: FARQI NIMADA? 

QONUN

“Normativ-huquqiy hujjat­lar to‘g‘risida”gi qonunga asosan, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari, Oliy Maj­lis palatalarining qarorlari qonun hujjatlaridir. Prezident farmonlari va qarorlari, Vazirlar Mahkama­sining qarorlari, vazirliklar, dav­lat qo‘mitalari va idoralarning buyruqlari hamda qarorlari, mahal­liy davlat hokimiyati organlarining qarorlari qonunosti hujjatlaridir.

Milliy ensiklopediyaga ko‘ra, qonun davlat oliy vakillik organ­larining eng yuqori kuchga ega bo‘lgan hujjatidir. O‘zbekistonda eng asosiy qonun – Konstitutsiya.

Qaror davlat organi yoki mansabdor shaxsning o‘z vako­lati doirasida qabul qiladigan va biror oqibat keltirib chiqaradi­gan hujjatidir. O‘zbek tilining izohli lug‘atida qaror so‘zi: “rasmiy organ, tashkilot, majlis, mansabdor shaxs va shu kabilarning biror ish, masala yuzasidan bamaslahat qabul qilgan to‘xtami, hukmi” deb sharh­langan.

Farmon – hokimiyat oliy organi yoki davlat boshlig‘ining qonun kuchiga ega bo‘lgan buyrug‘i.

Farmoyish – boshqaruvga doir huquqiy hujjat. Konstitutsi­yaviy huquqda davlat boshlig‘i va ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan vakolatlari doirasida chiqariladi. Ijro etuvchi hokimiyat organining tez hal qilinishi kerak bo‘lgan va boshqa joriy masalalar­ga oid qarori farmoyish shaklida chiqariladi.

Demak, qonun – eng yuqori kuchga ega hujjat. Farmon – yuqori organ yoki davlat boshlig‘ining buyrug‘i. Qaror – rasmiy organ yoki mansabdor shaxsning biror masala bo‘yicha to‘xtamini ifodalovchi hujjat. Farmoyish esa tezkor hal qilinishi kerak bo‘lgan masalalar haqidagi hujjatdir.

BOSH QOMUS

Qomus arabchada “ocean”, “lug‘at”, “so‘z boyligi” kabi ma’nolar­ni anglatadi. Izohli lug‘atga ko‘ra, o‘zbek tilida uch xil ma’noda qo‘lla­nadi: mukammal, to‘liq lug‘at, en­siklopedik lug‘at, ko‘chma hayot­ning yoki bilimning biror sohasiga oid to‘liq asar, majmua.

Demak, konstitutsiyaga nisbatan bosh qomus so‘zini ishlatish uncha­lik to‘g‘ri emas. So‘zning uchinchi, ko‘chma ma’nosi biroz mos kelishi mumkin. Lekin Konstitutsiyada biror sohaga oid to‘liq qonun-qoidalar aks etmaydi. Ko‘pincha asosiy tar­tib-tamoyillar belgilab beriladi. Biroq bu ibora tilga kirib ulgurdi. Garchi u ensiklopediya, to‘liq asar mazmunida bo‘lsa-da, bugun bosh qomus so‘zini eshitgan kishi konstitutsiya haqida gap ketayotganini tushunadi.

 

BOSH HARF BILAN YOZILMAYDI

Rasmiy hujjatlarda, yozish­malarda eng ko‘p ko‘zga tashla­nadigan xatolardan biri qonun, qaror, farmon, farmoyish, buyruq kabi so‘zlarni bosh harf bilan yozish. Hatto “O‘zbek tilining asosiy imlo qoidalarini tas­diqlash haqida”gi qarorda ham qonun so‘zi gap ichida katta harf bilan yozilgan.

Xo‘sh, nega kichik harf bilan yo­zilishi kerak? Negaki, imlo qoidalariga ko‘ra, bu so‘zlar bosh harf bilan yozilishi belgilanmagan. To‘g‘ri, qaror yoki farmonni Prezident yoki davlatning oliy tashkiloti rahbarlari tasdiqlaydi. Biroq hujjatning o‘zi oliy tashkilot yoki mansabni anglat­maydi.

Konstitutsiya davlatning asosiy qonuni bo‘lgani uchun, garchi imlo qoidalarida alohida tartib ko‘rsatil­magan bo‘lsa-da, bosh harf bilan yozilishi mantiqan asosli. Oliy bosh qonun nazarda tutilmagan holat­larda esa “konstitutsiya” so‘zi kichik harf bilan yoziladi.

“lex.uz”dagi rasmiy hujjatlar­ga nazar tashlasangiz, yuqoridagi so‘zlar bir o‘rinda bosh harf, bosh­qa o‘rinda kichik harf bilan yozilgan. Ommaviy axborot vositalarining ko‘pchiligida ham shu ahvol. Qonun­chilik bazasidagi imloni ham bir xil­lashtirish kerak. Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari depar­tamenti bu masala yuzasidan uzilkesil xulosa bersa, yaxshi bo‘lardi.

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish