Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

“Ibrat Academy” – til o‘rganishda yangi davr

10.8.2023 3931

Risolat MAXSIMOVA “Ibrat farzandlari” loyihasi bosh menejeri

Yoshlar ishlari agentligi 2022-yil noyabr oyida tashkil etgan “Ibrat farzandlari” loyihasi xorijiy tillarini bepul, sodda va kreativ usulda o‘rgatishni maqsad qilgan. Loyiha doirasida professional ustozlar 13 ta til bo‘yicha 22 turdagi tizimli va tilni ilk bosqichdan boshlab o‘rgatuvchi darslar majmuasi ishlab chiqilmoqda. “Ibrat farzandlari” bilan turli tillar bo‘yicha bilimlarni qisqa muddat ichida komfort zonadan turib egallash mumkin. Loyiha barcha uchun teng ravishda istalgan joyda, istalgan vaqtda bepul til o‘rganish imkonini yaratdi.

Loyiha juda tez ommalashib, qisqa vaqt ichida “YouTube”da qariyb 320 mingdan ortiq o‘rganuvchiga ega bo‘ldi. Eʼlon qilingan darslarni umumiy ko‘rishlar soni 12 milliondan oshdi. Raqamlardan ko‘rinib turibdiki, mamlakatimizda yoshlar o‘rtasida chet tili ta’limini rivojlantirish muhim va bu yo‘nalishda bepul onlayn darslarga talab yuqori.

“Ibrat farzandlari” O‘zbekistonning chekka hududlaridagi isteʼdodli yoshlarga, moliyaviy imkoniyati cheklangan, lekin chet tilini o‘rganishga ishtiyoqi baland o‘quvchilarga ham xorijiy tillarni o‘rgatish, ularning til bo‘yicha savodxonligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Ahamiyatlisi, ushbu darslar bir necha yildan keyin ham o‘z aktualligini yo‘qotmaydi. Til o‘rganishni maqsad qilgan istalgan o‘quvchi YouTubeʼdagi online darslarni istalgan vaqtda ko‘rib, o‘rganishi mumkin. Lekin YouTube imkoniyatlari cheklangan, ushbu videoplatformada o‘rganuvchilar progressini kuzatish, ular bilan qayta aloqaga chiqishning imkoni yo‘q.

Bu borada til o‘rganuvchilarga yanada qulaylik yaratish maqsadida “Ibrat farzandlari” loyihasi doirasida “Ibrat Academy” ilovasi ishlab chiqildi. Unda o‘rganuvchilar nafaqat videodarslarni ko‘rishi, balki o‘zining til darajasini doimiy tekshirib borishi, bilimini mustahkamlaydigan sinov-mashqlarini bajarishi, so‘z boyligini interaktiv usulda oshirishi mumkin.

O‘rganuvchi dastlab ilovani yuklab olib, unda shaxsiy profil yaratishi lozim. So‘ng o‘zi qiziqqan tiliga obuna bo‘lib, “Placement Test” orqali til bo‘yicha darajasini aniqlay oladi. Bu orqali ilova foydalanuvchining til yuzasidan bilimiga mos darajadagi darslar va sinov-mashqlarini tavsiya etadi.

Ilovani onlayn ham offlayn ham ishlatish mumkin. Ilovada tarmoqdan uzilgan holda ishlash uchun videodarsliklar, fayllar va mavzuga oid mashq materiallarini yuklab olish funksiyasi mavjud.

Har qanday tilda erkin so‘zlashning yagona yo‘li – bu so‘z boyligi. Foydalanuvchiga bu borada yordam berish uchun “Ibrat Academy”da o‘zbek tilidagi so‘z va iboralar lug‘ati mavjud. Lug‘atda 100 mingdan ortiq so‘z va iborani topish va ularni 8 turdagi mashqlar yordamida o‘rganish mumkin.

Ilovada respublika miqyosidagi “Peshqadamlar jadvali” ham uzluksiz ravishda berib boriladi. Eng yaxshi o‘rganuvchilar esa munosib taqdirlanadi.

Kutilmagan sovg‘alarga ega bo‘lish uchun ilovani yuklab olish, faol foydalanuvchi bo‘lish, loyihani kuzatib borish va ilovaning peshqadam o‘rganuvchilari o‘rtasida o‘tkaziladigan yakuniy tanlovda g‘olib bo‘lish talab etiladi.

Kelgusida ilovaga sunʼiy intellekt funksiyasi qo‘shilishi kutilmoqda. Bu har bir foydalanuvchi bilan individual asosda ishlash imkonini yaratadi. Yaʼni sunʼiy intellekt funksiyasi o‘rganuvchining topshiriqlarini tekshiradi, u bilan muloqot qiladi, xato va kamchiliklari yuzasidan fikr va tavsiyalar beradi.

Ilovadan foydalanishda yosh chegarasi yo‘q. Barcha til ixlosmandlari sodda, samarali va eng muhimi, bepul asosda qator tillarni o‘rgana oladi.

Bugun til o‘rganishda yangi davr boshlandi. Siz ham ushbu intellektual harakatga qo‘shiling, chunki bu loyiha dunyo madaniyatlari o‘rtasida ko‘prik yaratadi, kommunikatsiyani rivojlantiradi va dunyoning istalgan burchagida ravon muloqot qilish imkonini taqdim etadi!

Loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad faqat til o‘rgatish emas, o‘zbekistonlik global liderlarni tayyorlashdir!

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish