2022-yil noyabr oyida faoliyatini boshlagan “Ibrat farzandlari” lohiyasi xorijiy tillarni o‘zbek auditoriyasiga, o‘zbek tilini xorijiy auditoriyaga o‘rgatish uchun mo‘ljalangan bo‘lib, til o‘rganmoqchi bo‘lgan barcha uchun ochiq hisoblanadi. Loyiha turli platformalar orqali til o‘rganuvchilarni jalb qilib kelyati, jumladan, YouTube platformasida videodarslar, “Ibrat academy” mobil ilovasi, Telegram va Instagram tarmoqlaridagi sahifalar, ibratfarzandlari.uz sayti orqali til darslari yetkazib berilmoqda.
Lohiha oldiga qator vazifalar qo‘yilgan: dunyo tillarini o‘zbek tili orqali o‘rgatishni qo‘llab quvvatlash; o‘zbekistonlik yoshlarning savodxonlik darajasini oshirish va xorijiy tillarni o‘rganishini ta’minlash; xorijiy mamlakatlarda faoliyat olib boruvchi ta’lim muassasalari, til maktablari bilan xalqaro hamkorlikni rivojlantirish; til o‘rganuvchilarni rag‘batlantirib borish orqali ko‘proq yoshlarni xorijiy tillarni o‘rganishga targ‘ib etish; xorijdagi vatandoshlar uchun turizm, biznes va migratsiya darslarini ishlab chiqish; sohaga yo‘naltirilgan xorijiy til darslarini tashkillashtirish; tillar marafoni orqali loyiha doirasida mukammal egallagan foydalanuvchilarni izlab topish, rag‘batlantirish; viloyatlarda “Ibrat farzandlari” ofislarini tashkil etish; maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilari, umumta’lim maktablari o‘quvchilari hamda akademik litsey, professional va oliy ta’lim muassasalaridagi o‘quvchi-talabalar uchun “Ibrat Academy” mobil ilovasida xorijiy tillarni oson o‘rgatuvchi maxsus dastur ishlab chiqish va joriy etish; “Ibrat farzandlari” nomi ostida tayyorlangan videoqo‘llanmalarga nisbatan intellektual mulk huquqiga egalik qilish va boshqalar.
Shuningdek, loyiha xorijiy tillarning o‘rganilishini rivojlantirish uchun mahallalar kesimida ish olib borish va bu borada mahalla yoshlar yetakchilari bilan hamkorlik qilishni yo‘lga qo‘ygan. Bunda “Ibrat Academy” ilovasi orqali grammatika qoidalarini o‘zlashtirganlik to‘g‘risidagi sertifikatlarni berish va bu bilan mahallalar kesimida xorijiy tillarni o‘rganish darajasi monitoring qilib boriladi. Tillar o‘qitilishini tengdoshlari, mahalladoshlari orasida keng targ‘ib qilayotgan yoshlar aniqlanadi, ularga “Ibrat farzandlari” nishoni taqdim etiladi.
Loyiha bular bilan cheklanib qolmaydi, maqsadlar ancha katta. Masalan, har bir o‘qitilayotgan til bo‘yicha “Ibrat farzandlari” doirasida o‘quv qo‘llanma, lug‘atlari ishlab chiqish, xorijiy mamlakatlarda tashkil etiladigan ta’lim ko‘rgazmalarida ishtirok etish, xorijiy tillarni va xorijliklarga o‘zbek tilini o‘rgatishga xizmat qiluvchi telekanal faoliyatini tashkil etish, til o‘rganish, savodxonlik darajasini oshirishni yoshlar orasida targ‘ib etishga qaratilgan hujjatli va badiiy filmlar, seriallar ishlab chiqarish singari katta rejalar bor.
Loyiha faoliyati haqida “Ibrat farzandlari” NNT xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Mahfuza Ortiqova bilan suhbatlashdik:
— “Ibrat farzandlari” loyihasi o‘z samarasini bera boshladi. Masalan, kuni kecha YouTube kanalimizga xat keldi. Xatda Fayoza ismli o‘zbek qizi tuman markazida joylashgan o‘quv markazida anchadan buyon IELTS darslariga tayyorlangani, ammo 5,5 baldan ortiq qo‘lga kirita olmagani, keyinchalik “Ibrat farzandlari”dan Iskandar Komoldinovning IELTS darsliklarini ko‘rish orqali bu safar 6,5 balni qo‘lga kiritgani va bundan juda ham xursandligi yozilgan. Yana bir voqea. Shu yilning may oylari edi. Ofisimiz eshigini yoshgina yigit taqillatib keldi. Ismi Elbekjon ekan, yigitimiz nemis tili ustozlari bilan tanishish umidida kelibdi. Bilsak, Surxondaryoning chekka tumanidan bo‘lgan bu yigit hech bir repetitor yoki o‘quv markaziga murojaat qilmasdan, o‘zi mustaqil ravishda nemis tilini platformamizdan o‘rganib, O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining nemis tili bo‘yicha filologiya fakultetiga davlat granti asosida o‘qishga kirgan ekan. Ayni damda shu yigit Germaniyada yozgi kurslarda grant asosida o‘qiyapti. Bunday misollar juda ko‘p.
Loyihaga xorijiy ta’lim dargohlaridan ham katta qiziqish bildirilyapti. Jumladan, shu yilning iyul oyida loyihamiz rahbari Rustam Qoriyev hamda “Ibrat Academy” ilovasi boshqaruvchisi Iskandar Komoldinov dunyoning yetakchi universitetlaridan biri Oksfordda malaka oshirib qaytdi. Iyun oyida esa Hindistonlik bir guruh eng a’lochi o‘quvchilardan tarkib topgan delegatsiya “Ibrat oromgohi”da malaka oshirgan edi.
Ayni kunlarda Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Ispaniya, Polsha, Italiya, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Turkiya, Ozarbayjon kabi mamlakatlar bilan o‘zaro aloqalar rivojlanib bormoqda. Natijada o‘zbekistonlik yosh o‘qituvchilar, “Ibrat farzandlari” platformalari orqali til o‘rgangan iqtidorli yoshlarning mazkur mamlakatlarga ta’lim sayohatiga yuborilishi rejalashtirilgan.
Qayd etish lozimki, “Ibrat farzandlari”ning Toshkent, Jizzax, Termiz shaharlarida rasmiy markazlari ham tashkil etilmoqda. Mazkur ofislarda yoshlar oflayn darslardan tashqari, “Ibrat Debate”, “Ibrat Quiz”, “Speaking club” va turli tillardan mahorat darslarida ishtirok etishlari mumkin.
Bugungacha va kutilayotgan natijalar qanday?
2024-yil 22-avgust holatiga “Ibrat Academy” mobil ilovasida 2600 ta dars joylangan, ilova foydalanuvchilari soni esa 1 million 400 mingdan oshdi, sertifikat olganlar esa 146 mingdan ziyod. Yil avvalida sertifikat olganlar soni 60 mingni tashkil etgan, yarim yillikda mazkur raqamni 90 mingga olib chiqish mo‘ljallangan edi, ammo natijalar kutilgandan ham yaxshi bo‘lib, 146 mingni tashkil etmoqda. 2023-yil yakunida yoshlar siyosati sohasida amalga oshirilgan ishlarga bagʻishlangan hisobotda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga loyihadan til oʻrganuvchilarni 2024-yil yakunigacha 1 millionga yetkazilishi boʻyicha axborot berilgan. Ammo yil yakuniga yetmay turib rejadagidan deyarli 1,5 barobar ko‘p foydalanuvchi jalb qilindi.
Ayni vaqtga kelib YouTube platformasida kanal kuzatuvchilari soni 642 mingni, darslarni ko‘rishlar soni esa 38 millionni tashkil etmoqda.
2024-yilning yakuniga qadar darslar turini 30 taga, darslar sonini 3000 taga, sertifikat olganlarni 170 mingga yetkazish, o‘zbek auditoriyasi uchun xorijiy tilni to‘rtta ko‘nikma bo‘yicha o‘rgatadigan kitoblarni yaratish va dunyoning yetakchi nashriyotlari va noshirlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish mo‘ljallangan.