Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

“IBRAT” hayotimga mo‘jiza kabi kirib keldi”

6.12.2023 992

Zanjiloy Abdusalomova, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabasi

“Ibrat farzandlari”dan til o‘rgangan boyovutlik Xurshida Egamnazarovaning shogirdlari 300 nafardan oshdi

Oramizda shunday insolar borki, hayot sinovlariga taslim bo‘lmay, ildam harakat qiladi.  Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida yashovchi Xurshida Egamnazarova xuddi shunday inson. Xurshida opa bilan suhbatlashib, uning samimiy, bilim olish va farzandlarini munosib tarbiyalashga harakat qilayotgan sodda qishloq ayoli ekanini angladim.

 “Turmush o‘rtog‘im vafot etganida farzandlarim juda kichik edi. Qattiq tushkunlikka tushib, endi nima qilaman, deb ko‘p o‘ylardim. Uch nafar qora ko‘zlarimning boshini silab, yaxshi kunlar kelishiga ishonch bilan yashadim. Yoz jaziramasida dalada ketmon chopar, paxta terardim. O‘sha paytlari o‘zim o‘qimay, qiynalayotganim uchun farzandlarimni albatta o‘qitaman deb o‘zimga va’da berganman.

Topgan pulimni bilim yo‘lida sarfladim, kunlik daromadimni qora qozon qaynatishdan orttirib, yangi kitoblar xarid qilishga, farzandlarimni kitobga muhabbat ruhida tarbiyalashga harakat qildim. Farzandlarim mendan mangi kitoblarni kutishar edi. Uyimizda televizor ko‘rish emas, kitob o‘qish doimiy odatimiz bo‘ldi. Shu tariqa nafaqat kitob o‘qishga qiziqishimiz, balki xorijiy tillarni o‘rganish ko‘nikmamiz ham o‘sib borardi.

Qishloqda yashash juda qiyin, oila tebratish uchun dalada ishlashdan boshqa choram yo‘q edi. Ammo men bir umr dalada ishlay olmasdim. Nima qilish, qanday hunar o‘rganib, daromad toppish haqida o‘ylardim. Til o‘rganishga qiziqishim, ingliz tilidan oz-moz xabardorligim bois mahallamiz bolalariga ingliz tilidan dars o‘tish fikri keldi. O‘z ustimda ishlash uchun tilni mukkammal o‘rganishim kerak edi. Shu paytda Yoshlar ishlari agentligining “Ibrat farzandlari” loyihasi haqida eshtib qoldim, bu loyiha mening hayotimga mo‘jiza kabi kirib keldi!

Loyiha darslarini birinchi kundanoq o‘rgana boshladim. Ingliz tilini o‘rganishga shu qadar kirishib ketdimki, Rustam Qoriyev o‘tayotgan darslardan bilimlarim yanada mustahkamlanib bordi. Shu orada ikki nafar shogird olib, ingliz tilini o‘rgata boshladim. Bu usul bilan ham o‘zimga amaliyot o‘tardim, ham shogirdlarimga o‘rgatar edim. Shu tariqa darslarimga qiziquvchilar soni kundan kunga orta boshladi.

Men nafaqat ingliz tili, koreys va fransuz tillarini ham o‘rgana boshladim. O‘quvchilarim soni 100 nafarga yaqinlashgach, biz va bizning kichik o‘quv markazimiz haqida viloyat hokimi xabar topibdi. Uyimizga viloyat hokimi va yoshlar ishlari agentligi rahbari kelib, darslarimiz va dars o‘tish sharoitlarimizni o‘rganishdi. Viloyat hokimi Akmaljon Maxmudaliyev ta’miri bitmagan uyimizni hokimlik hisobidan ta’mirlab berishini aytdi. Yoshlar ishlari agentligi yangi ta’mirlanayotgan o‘quv markazimizni jihozlar bilan to‘liq ta’minlab berdi.

Endi dars boshlaganda hatto doskasi ham bo‘lmagan xonamiz zamonaviy o‘quv markaziga aylandi. Meni mamlakatimizda ta’lim tizimi hamisha qo‘llab-quvvatlanishi quvontiradi. Chekka bir qishloqda yashaydigan oddiy qishloq ayolining hayotini butunlay o‘zgartirib yuborgan “Ibrat farzandlari” loyihasidan va undagi menga bilim bergan ustozlardan minnatdorman”, – deydi Xurshida Egamnazarova.

Xurshida opaning o‘quvchilari bugun 300 nafardan oshgan va ular yuqori natijalarga erishmoqda. “Ibrat Akademy” o‘quv markazining  7 nafar o‘quvchilari prezident maktabiga o‘qishga qabul qilingan, yana ko‘plab o‘quvchilari esa fan olimpiadalarida faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelmoqda.

O‘zim ko‘p qiyinchilik ko‘rganman, o‘quvchilar moddiy tomonlama qiynalganligi uchun bilim olmay qolmasin deya qiynalgan oila farzandlariga va nogiron yoshlarfa bepul darslar o‘rgataman”, – deydi qahramonimiz. 

Xurshida opa kelajakda shogirdlari safini yanada kengaytirib, ularni ingliz tilida ravon so‘zlay oladigan qilish maqsadida. Bu yo‘lda unga omad tilab qolamiz.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish