Bugungi kunda yosh avlodning chet tillarni bilishi yetakchi mutaxasis bo‘lishi uchun muhim omil hisoblanadi. Shu bois Yoshlar ishlari agentligi “Ibrat farzandlari” loyihasi orqali mamlakatimizda yoshlarning tillarni o‘rganishiga ko‘maklashmoqda.
G‘ijduvon tumanida “Ibrat farzandlari” loyihasi asosida “Ibrat sardorlari” loyihasi yo‘lga qo‘yilgan. Loyihaning maqsadi tuman miqyosida yoshlarning til o‘rganish imkoniyatini oshirish va qiziquvchilarning tilni onlayn o‘rganishini ta’minlashga qaratilgan “Ibrat Academy” ilovasini keng targ‘ib qilishdan iborat. Loyihaga Sherzod Sharipov asos solgan.
– G‘ijduvon tumanidagi barcha mahallada “Ibrat farzandlari” loyihasining mahalladagi sardorlari tizimini joriy qildik, – deydi “Ibrat sardorlari” loyihasi rahbari Xurshid To‘xtayev. – Har bir mahalladan yetakchilik qobiliyatiga ega, o‘z atrofiga yoshlarni yig‘a oladigan, qobiliyatli, xorijiy tilga qiziquvchi, “Ibrat Academy” darsliklarini tugatgan, bilimli yoshlarni “Ibrat sardori” sifatida sayladik. Ularga kerakli ko‘nikmalarni berib, to‘g‘ri yo‘nalish ko‘rsatdik. Sardorlar o‘z mahallasida atrofiga 15-20 nafardan o‘quvchini jamlab, ularga darslarni o‘zlashtirishda ko‘mak beryapti. O‘quv jarayonlari “Ibrat Academy” ilovasi videodarslari asosida olib boriladi.
“Ibrat sardorlari”da 34 400 foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, 33 570 nafar o‘quvchi bepul til o‘rganmoqda. Shu kungacha 8 397 nafar yosh til bilish darajasini aniqlovchi sertifikatlarni qo‘lga kiritgan. Ta’kidlash o‘rinliki, 12-maktab o‘quvchilari, aka-uka Jasurbek va Jo‘rabek Vohidovlarning loyiha doirasidagi tashbbuskorligi va yetakchiligi tahsinga loyiq. Ular Facebook sahifasida o‘z faoliyatini keng yoritishi Yoshlar ishlari agentligi mutasaddilari e’tiboriga tushib, Prezident sovg‘asi sifatida maktabga 16 ta planshet sovg‘a qilindi.
G‘ijduvon tumani miqyosidagi “Xorijiy tillar haftaligi”, “Xorijiy tillar oyligi”, “Xorijlik mehmon bilan bir kun” loyihalari, Mahalla sardorlari forumi, “Ibrat farzandlari” ochiq paralimpiadasi singari qator tadbirlar til o‘rganishga qiziquvchilarning yangi ko‘nikmalar olishiga imkon yaratmoqda.
Bugungi kunda “Ibrat sardorlari” 75 nafarni tashkil qiladi. Ular orasida 10-sinf o‘quvchisi Shohruh Hamrayev ham bor.
– Bir necha oy muqaddam hokimimiz ta’lim granti asosida ingliz tilini o‘rgandim, – deydi ingliz tili bilish darajasidan “B1” sertifikatni qo‘lga kiritgan Shohruh Hamrayev. – Hozir esa “Ibrat farzandlari” doirasida mahallamning “Ibrat sardori”man. Tuman va mahallamda ingliz tilini o‘rganmoqchi bo‘lgan yoshlarni o‘z atrofimga jamlaganman. Ularga Rustam Qoriyev darslari asosida til o‘rganishlariga ko‘mak berib kelmoqdaman. “B1” sertifikatini qo‘lga kiritgan bo‘lsam, tez orada bu natijalarimni yangilashga harakat qilyapman. Albatta, bu kunga yetib kelishimda ustozlarim va ota-onamning o‘rni katta. Ustozlarim menga xorijiy tillarni o‘zlashtirishim uchun ko‘plab maslahatlar berishdi. Ulardan minnatdorman. Kelajakda nemis tilini ham o‘rganmoqchiman.
“Ibrat sardorlari” targ‘ibot ishlaridan tashqari, o‘z yutuqlari bilan tengdoshlarini ruhlantirmoqda. Shunday yoshlardan biri tumandagi “Biyosin” mahallasining “Ibrat sardori” Ruxshona Namozova. Ruxshona 9-sinf o‘quvchisi, xorijiy tilga qiziqishi tufayli ingliz tilini mukammal o‘zlashtira oldi. Hozirga qadar 10 ga yaqin milliy va xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritgan. Ruxshona bu yutuqlari bilan oila a’zolarida ham ingliz tiliga qiziqish uyg‘otgan hamda ularga til o‘rganishida ko‘maklashmoqda. U o‘quvchi bo‘lishiga qaramasdan mahalla markazida bir guruh o‘quvchilarga ingliz tilidan bepul dars beradi.
– “Ibrat Academy” ilovasi chekka qishloqlardagi o‘quvchilar uchun juda qulay imkoniyat deb o‘ylayman, – deydi Ruxshona Namozova. – Mahallamizdagi yoshlar yetakchisi va o‘quvchilar bilan birga ishlab, 100 ga yaqin xorijiy tilga qiziquvchilarni atrofimizga yig‘dik. Ularga “Ibrat Academy” ilovasidan foydalanishda yordam bermoqdamiz. O‘quvchilar orasida kurslarni tugatib, sertifikatlarini qo‘lga kiritganlar ham bor. Imkoniyatlar oqilona foylanib, topshiriqlar o‘z vaqtida bajarilsa, viloyat yoki tuman markaziga, vaqt va mablag‘ sarflab turli kurslarga qatnashga hojat qolmaydi.
“Ibrat Academy” ilovasidan faol foydalanuvchilar reytingida Buxoro hududida G‘ijduvon tumani birinchilikni egallagan. Tuman reytingida esa “Degrezon” mahallasi oldinda. Bu natijaga erishishimizda aka-uka Vohidovlarning hissasi katta.
“Ibrat sardorlari”ning taklif va mulohazlarini tinglash, hamda ularga amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida, G‘ijduvon tumani hokimi Sherzod Ashurov har hafta “Ibrat sardorlari” bilan suhbat o‘tkazadi. Suhbatda “Ibrat sardorlari” ingliz tilida muloqot o‘rnata olishadi. G‘ijduvon tumanidagi bunday samarali loyiha Buxoro viloyati bo‘ylab keng tarqalmoqda.