O‘zi uchun yashagan inson o‘lik,
O‘zgalar uchun o‘lgan mudom tirikdir!
Qatag‘on qurbonlari deyilganda xayolimizga ko‘pincha JADIDLARIMIZ keladi. To‘g‘ri, ularni eslashimiz va ular haqida bilishimiz shart, lekin jadidlarimizdan tashqari, ulardan oldin ham BOLSHEVIKLAR qo‘lida ayanchli QATAG‘ONga uchraganlar bor. Lekin biz nega ular haqida bilmaymiz, ularning ismlarini unutganmiz? Aksar tengqurlarim ularni tanimaydi, ehtimol eshitgandir, lekin bilmaydi, ular bilan g‘ururlanmaydi.
Shunday insonlardan biri MULLA MUHAMMAD IBROHIMBEK CHAQABOY O‘G‘LIdir. Ko‘pgina tarixiy manbalarda IBROHIMBEK QO‘RBOSHI deb ataladi. Usha davrlarda xalq orasida IBROHIMBEK LAQAY, SHARQ NAPALEONI, LAQAYLIK ROBIN GUD degan nomlar bilan mashhur bo‘lgan.
Ibrohimbek 1889-yilda Buxoro amirligining Ko‘ktosh qishlog‘ida tavallud topgan. Otasi Chaqaboy To‘qsabo Buxoro amirligining piyoda qo‘shinlari safida xizmat qilgan. Bu esa Ibrohimbekning navkarlikka qiziqishiga sabab bo‘ldi. Tarix fanidan ma’lumki, Qo‘rboshi so‘zi “Shaharni tunda qo‘riqlovchi mirshab, qurol-yarog‘ ombori mutasaddisi hamda qurol-aslaha, turli yaroqlar va to‘p yasash korxonalari boshlig‘i” ma’nolarini bildiradi. Qo‘rboshi lavozimiga tayinlangan shaxs miltiqxona va to‘pxonalarga boshchilik qilib, xom ashyo keltirilishidan to tayyor bo‘lguncha va ularni xon yoki amirning buyrug‘iga ko‘ra navkarlarga tarqatilishiga boshchilik qilgan.
Mard va jasur qo‘rboshining yana bir unvoni bo‘lgan, u To‘qsabo deyilgan. To‘qsabo hozirgi davrdagi palkovnik harbiy unvoni bilan tenglashtiriladi. U ham otasi kabi piyoda qo‘shinlarda navkarlik faoliyatini boshlagan va davom ettirgan. U o‘z vazifasini juda a’lo darajada ado etgan, toki qizil armiya bosqinchilari Buxoro amirligi hududiga kirib kelguniga qadar. Qizillar kirib kelganidan qo‘rqqan xon va amirlar xonlikni tashlab bolsheviklarga qul bo‘lishga qaror qilishadi. Bundan Ibrohimbek qo‘rboshining g‘azabi qaynaydi va bolsheviklarga qarshi o‘z tarafdorlari va sodiq askarlari bilan harakat qilishni boshlaydi.
U juda ko‘p qonli urushlar olib boradi. Sharqiy Buxoroni o‘ziga qal’a qilib oladi va hech bo‘lmaganda Buxoroning sharqiy hududlarini “qizillardan” himoya qilishga harakat qiladi. 1920-yilda Sharqiy Buxoroda bo‘lib o‘tgan qizil armiya askarlariga qarshi jangda yengilgach, kuch to‘plash uchun Afg‘onistonga chekinadi. Afg‘onistonda yetarlicha kuch to‘plagan qo‘rboshi Vaxshning chap tomonida, hozirgi Dushanbeda va Hisor hududlarida bolsheviklarga qarshi bir necha qonli janglar o‘tkazib, g‘alaba qozondi va harbiy muvaffaqiyatlarga erishdi.
Usmon Xo‘jayev RSFSR bosh konsuli bilan muzokaralar o‘tkaza boshladi. Muzokaralar natijasida Nagorniy va Sharqiy Buxoroning butun hududi unga berildi. 1921-1925-yillar oraligi‘da u va uning tarafdorlari Buxoro xalq sovet respublikasiga doimiy bosqinlar uyushtirib turgan.
Bizning mard va jasur ajdodimiz 1931-yil 12-iyunda Oqbosh yaqinidagi jangda yaralanadi va mag‘lubiyatga uchraydi. Shu yilning 23-iyunida u chekistlar qo‘liga tushadi va xuddi shu kuni sud ishlari boshlanadi. Jasoratli qo‘rboshi 1931-yilning 31-avgustida 42 yoshida Toshkentda otib o‘ldiriladi...
Ular aslida ISTIQLOLCHILAR bo‘lsa ham, lekin xalqqa BOSMACHILAR deb uqtirilgan. To mustaqillikka erishgunimizcha rus mafkurasi ostida ularni bosmachilar dedik. Mustaqillikdan so‘ng esa ularning istiqlolchilar ekanligi ravshanlashdi. Lekin nega haligacha tarix darsliklarimizda bosmachilar deb o‘rganamiz? Tarix darsliklarimizdagi ushbu mavzuning eng so‘nggidagina deyarli e’tibor kam qaratiladigan hududida ularning istiqlolchi ekani yozilgan, holos. Endi ular kelajak avlod uchun ham bosmachi va bosqinchilar bo‘lib qolaveradimi?
Qatag‘on qurbonlari deganda xayolimizga qachongacha jadidlarimiz kelaveradi? Afsuski, biz ular haqida ham to‘liq ma’lumotga ega emasmiz. Bu sharmandali ayblarimizni tan olish vaqti kelgandi, endi xatolarimizni tuzataylik. Hozirgi rivojlangan va raqamlashtirilgan zamonimizda kitobdan ma’lumot qidiruvchilar kam albatta, lekin qo‘limizdagi smarfondan qidirishga 5 daqiqa ham vaqt ketmaydi.