Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

IFFAT TALABI

8.6.2025 443

Ochil TOG‘AYEV, Gazetaning 1989-yil 15-apreldagi sonidan olindi.

Qora dengizning Janubiy Qrim sohillarida dam olib yurganimizda bir chet el kinosini ko‘rishga to‘g‘ri keldi. Ayol haqida, uning iffati to‘g‘risida, sevgisi, ma'naviy-axloqiy tanazzuli haqida rejissyor ilhom va ishtiyoq bilan hikoya qilardi. Ko‘pchilikda ajib bir qiziqish, kinoyali tabassum paydo qilgan film menda noxush taassurot qoldirdi. Sharq va G‘arbda ayolga turlicha munosabat haqida o‘yladim. Sharq poeziyasi ayolni yerdan olib, yuksaklikka ko‘tarib, samoga chiqarib, farishtaga aylantirgan, keyin uning ishqida Majnundek yonib, yeru-ko‘kni larzaga keltirgan bo‘lsa, mazkur Fransuz filmida ayolni ko‘kdan uzib olib, pastga tushirib, loyga qorib, so‘ng axlatga uloqtiradi. Sharq poeziyasida ayol muqaddas zot, sehrli go‘zallik timsoli, sodiq yor, mushtipar ona, G‘arb san'ati va adabiyotida ko‘p hollarda buning aksi buzuqilik, nopoklik ramzi. Sharqda ayolni ijtimoiy mehnati uchun emas, iffati, pok oilaviy axloqi, muqaddas onaligi uchun yuksak qadrlaganlar. Yorni, onani ulug‘ zot sifatida madh etish Navoiy insonparvarligining tub negizidir.

Sharqda ayol qanchalik ulug‘lansa, unga qo‘yiladigan talab ham shunchalik teran, qat'iy, mas'uliyatli. Bosh talab iffatlilikdir. Iffat – qizning jamoat joylarida o‘zini tutishi, xulq-atvoridan tortib, nikohning birinchi kechasigacha, kelinlik odobidan tortib, onalik martabasigacha fayz bag‘ishlovchi sharm-hayo yog‘dusidir.

Jamoadagi ayollarning nohaq g‘iybati Manzuraning qizlik sha'niga dog‘ tushirdi, deydi “Qiz bolaning sha'ni” publitsistik lavha muallifi. To‘g‘ri, ig‘vo, tuhmat pana-pastqamlardan o‘rmalab kelib zahar soluvchi ilon. Biroq, unga qarshi xolis da'vo bor. Bu - insonning halolligidir. Afsuski, mazkur lavhada qizning halolligini isbotlovchi dalillar keltirilmagan.

Bizda erkak-ayolning oddiy hayotiy muomalasidan, jamoat joylaridagi mehnat munosabatlaridan buzuq ma'no chiqaradigan zamonlar o‘tgan. Bular sovet turmush tarzining dumbullik-norasidalik davriga oid qusurlar edi. Tasavvur eting, har kuni ming-minglab erkak-ayollar kun bo‘yi birga mehnat qiladilar. Lekin ularning ijtimoiy munosabatlaridan hech kim kir izlamaydi. Mabodo, shunday kir izlovchilar uchrab qolsa, halol kishilar ularning ig‘vosiga munosib zarba beradilar. Hozirgi vaqtda ayollarimiz ustozning shogird bilan, boshliqning xodim bilan, muallimning talaba bilan munosabatlaridagi iffatu buzuqilikni sezgirlik bilan ajrata oladigan ongli, madaniy kishilardir.

Intim munosabatlar, ayonki, g‘oyat nozik, pardali kechadi. Bu xususdagi nopoklikni, masalan, Abdulla Qahhorning “Mayiz yemagan xotin” hikoyasidagiday oshkora hal etish g‘oyat mushkul. Ayol qalbi, ayniqsa, biror yaqinining bu boradagi qing‘irligini, egri qadamini qandaydir bir ichki tuyg‘u – intuitsiya orqali sezish xususiyatiga ega bo‘ladi. “Birovning ko‘nglini intuitsiya bilan sezish borasida erkaklar ayollarga teng kelolmaydi. Erkaklar predmetlar dunyosining sultoni bo‘lsa, ayollar insoniy munosabatlar olamining malikasidir” (“Sirli olam”, Toshkent, “Yosh gvardiya”, 1986-yil, 67-bet).

Bo‘lim boshlig‘i bilan uning kabinetida bir soatlik ovqatlanish tanaffusida bir necha bor yolg‘iz qolgan Manzura ilmiy ish yuzasidan suhbatlashganmi yoki... Ayol qalbi buni ko‘p hollarda aniq his etishga moyil bo‘ladi. Abdulla Qahhorning “O‘tmishdan ertaklar” qissasida tasvirlanishicha, tabib Qahhor aka qabulidan qo‘lidagi ko‘zachasi jumragiga paxta tiqib, yuzlari yal-yal yonib chiqqan ayol “mayiz yemagan xotin” toifasidan ekanini beixtiyor his etamiz.

Ayollarning Manzura haqidagi gap-so‘zi birdaniga kelib chiqmagan. Ayollar intuitiv tuyg‘ularini hayotiy dalillar asosida bir necha bor sinab ko‘rganlaridan keyin, shunday fikrga keladilar. Ko‘pchilikning fikrini quruqdan-quruq rad etib yoppasiga g‘iybatchiga chiqarish to‘g‘ri bo‘ladimi? Mazkur idorada o‘nlab, balki yuzlab xotin-qizlar ishlaydi, nega bitta Manzura haqida gap tarqalgan? Qizning boshi ochiq deyishingiz mumkin. Ig‘vo chiqarishda “boshi ochik” yoki “yopiqlik”ning ahamiyati yo‘q. Haqiqiy g‘iybatchilar “boshi bog‘liq”lar haqida ham chiroyli ig‘vo to‘qib chiqarishlari mumkin.

Yurak amri bilan harakat qiluvchi kishilarda ADOLAT TUYG‘USI kuchli bo‘ladi. Ayollar haqida ham shunday deyish mumkin. Agar o‘nta ayoldan ikkitasi Manzura haqida nohaq gap aytganda, sakkiztasi qiz sha'nini himoya qilib, ig‘voni rad etgan bo‘lardi. Nega Manzuraning halolligini jamoada biron kishi himoya qilib chiqmaydi?

Korxona direktori ham Manzura haqida odil fikrini dadil ayta olmaydi. Isbotsiz gap tuhmat, degan aqida bilan kifoyalanadi.

Qizning sevgan yigiti ig‘voni rad etadigan, sevgilisini oqlaydigan dalillar qidirmasdan, birdaniga aynib ketadi. Axir, qiz haqidagi gap-so‘z yigit sha'niga ham otilgan tosh edi-ku? Halollik negizida ildiz otgan muhabbat bamisoli quyosh, uning nuriga chang-g‘uborlar dosh berolmaydi. Asossiz ig‘vo gaplar yigitni o‘z muhabbatidan bunchalik oson voz kechishga olib kelmaydi.

Nihoyat, Manzuraning o‘z halolligini shu jamoada oxirigacha isbotlash o‘rniga ishdan ketib qolishi ham uning halolligiga shubha uyg‘otadi.

Xullas, qiz haqida tarqalgan gap-so‘z ig‘vo emas, balki elning nopoklikka ichki noroziligi, nafrat tuyg‘usidir. Xalqimizning milliy, o‘ziga xos axloq mezoni shuni taqozo etadi. Manzuraning yuqoridagi xatti-harakati boshqa biron xalq, masalan, yevropaliklar nazarida odatdagi hodisa bo‘lib, bu haqdagi gap-so‘zlar har kimning o‘z hohishi, prinsipiga ko‘ra, madaniyatsizlik belgisi, deb talqin etilishi mumkin edi. “Qiz bolaning sha'ni” maqolasi shunday ruhda yozilgan.

Turg‘unlik yillarida xalqimizning milliy o‘ziga xosligi, ezgu milliy an'analari diniy yoki eskilik qoldig‘i niqobi ostida, ta'qib va tahqir etildi. Bolani beshikda yotqizish, uyda issiq sandal qo‘yib o‘ltirish va boshqa shu kabi udumlar eskilik qoldig‘i sifatida qoralandi. Paranjiga qarshi kurash niqobi ostida ayrim g‘ayri axloqiy xatti-harakatlar targ‘ib qilindi. Milliy an’analarga moyillik va sadoqat millatchilik, deb baholandi. Milliy udumlarni faol inkor etish, g‘arb urf-odatlariga ko‘r-ko‘rona taqlidiy moyillik “madaniylik” deb rag‘batlantirildi. Kishilarimiz ma'naviyatida vujudga kelgan bo‘shliqni g‘arb “madaniy” udumlari bilan to‘ldirishga urindilar. Madaniylik juda ustalik bilan milliylikka qarama-qarshi qo‘yildi. Xalqimizning ming yillik milliy an'analarini zo‘ravonlik bilan inkor etish xalq ruhiyatida teskari o‘zgarish vujudga keltirdi.

Milliy an'analarga teskari munosabat ko‘nikmasi ba'zi kishilar ruhiyatida hozir ham amal qilmoqda. A.Taypatovning “Iffat” maqolasi (“Yosh leninchi”, 1989-yil 21-mart) menda shunday taassurot qoldirdi. Muallif kuyov oilasining qizlik iffati talabini, eskilik sarqiti, deb talqin etadi. Kelinni nohaq himoya qiladi. Holbuki, yosh oilani kelishtirish niyatida prokuror aralashuvi bilan uyushtirilgan tibbiy “hujjat” qizning pokligini isbotlovchi dalil bo‘lolmaydi. Hujjatli “iffat”ning hech kimga keragi yo‘q!

Oila – Sharqda azaliy muqaddas hodisa. Uning asl negizi halollikdir. Yangi oila kelin tushirishdan boshlanadi. Kelin-kuyov oyog‘i ostiga halollikdan poyondoz solinadi. Birinchi kecha baxt-iqbol, poklik kechasi bo‘lib oila tarixiga kiradi. Qizlik iffati belgisini ezgu udumga ko‘ra, hovlidagi dorga yoyib qo‘yishgan, mahalladagi e'tiborli ayollar yig‘ilib, kelinni qizlik iffati bilan muborakbod etishgan. Kelinni tabriklash bilan xonadonga kirib kelgan ezgu-go‘zallikni tabriklaganlar. Bu hol mahalla-ko‘y nazarida kelinga izzat-ikrom, obro‘-e'tibor, astoydil mehr uyg‘otgan. Kelin o‘zi tushgan mahallaga ana shunday hurmatli fuqaro sifatida qadam qo‘ygan. Xullas, iffat belgisini namoyish etish haqorat emas, balki fazilat hisoblangan.

Yuqoridagilardan ma'lumki, har bir xalq o‘ziga xos milliy axloqiy xususiyatlarga ega. Bir xalqda axloqiy hodisa hisoblangan udumlar boshqasida noaxloqiy mohiyatga ega bo‘lishi mumkin. Nega biz o‘z milliy an'analarimizni g‘arb andozasi bilan o‘lchashimiz kerak? G‘arb biz uchun, ayniqsa, iffat masalasida axloq namunasi bo‘lolmaydi. Iffatsizlik g‘arb hodisasi. Ekranlarimizda “Mening ismim Arlekino”, “Kichik Vera” filmlari namoyish etildi. Yoshlar filmlardagi ikki-uch daqiqa oshkora ko‘rsatilgan behayo lavhani tomosha qilish uchun bilet kassalariga qayta-qayta navbatda turdilar. Million-million tomoshabinlarga zinoni oshkora tashviq etish g‘ayri aaloqiy hisoblanmaydi-yu, o‘zbek qizining iffat belgisini o‘z xonadonida namoyish etishi haqorat bo‘lar ekan.

Aksincha, xalqimiz kelin tushgan uyda hech bir belgisiz imi-jimida o‘tkazilgan kechani oila sha'niga haqorat, deb bilgan. Go‘zallik halollik demakdir. Kelinning husni, oliy maktabda o‘qib orttirgan kasbi, seplari bo‘lsa-yu, iffati bo‘lmasa, xonadon uchun haqoratdir. Nopoklik qadam qo‘ygan uydan qo‘ni-qo‘shnilar, do‘st-u birodarlar, hatto, qarindoshlar hazar qilishgan. Umuman, nopoklikni hech bir vijdonli shaxs hazm qilolmaydi.

Madaniyat qanchalik rivojlansa, iffat-poklik talabi shunchalik barqaror tus oladi. Respublikamizning yirik shaharlarida, masalan, Toshkent aholisi orasida iffat talabi yanada qat'iy va mas'uliyatli amal qilayotganligi diqqatga sazovordir.

Xullas, boshqa eski odatlarni balki rad etish mumkindir. Biroq iffat talabini inkor etish mumkin emas. Chunki bu xalqimizning halollik talabi, tub milliy axloqiy mezonidir.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish