Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Cho‘milish havzalaridagi ifloslangan suv jiddiy kasalliklarni keltirib chiqaradi

24.6.2024 176

SSV

Yoz fasli kirib kelishi bilan ko‘pchilik jaziramadan qochish va salqinlanish maqsadida cho‘milish uchun ochiq suv havzalariga talpinadi. Suzishning organizm uchun foydali jihatlari ko‘p, albatta. Ammo suv havzalarida cho‘milish chog‘ida turli kasalliklarni yuqtirib olish xavfi mavjud.  Xo‘sh, buning oldini olish uchun qanday qoidalarga amal qilish lozim?

Ushbu savolga Toshkent shahar 1-son yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasi bosh shifokori Gulnoza Qurbonova javob berdi.

Cho‘milish havzalaridagi ifloslangan suvda uchrashi mumkin bo‘lgan ichak tayoqchasi va enteroviruslar o‘tkir virusli ichak infeksiyalari, gepatit (A,Ye), ichburug‘, ichterlama, lyamblioz, salmonellyoz kabi kasalliklarni keltirib chiqaradi, — deydi mutaxassis. — Bunday virus va bakteriyalar suvga insonning yuvilmagan qo‘llari, qusiq moddalari, qush yoki hayvonlarning najasi, hashoratlarning lichinkalari orqali tushadi.

25-45 daraja issiqlik bakteriya va viruslarning ko‘payishi va uzoq yashashi uchun optimal harorat hisoblanadi. Shu bois yoz faslida kasallik qo‘zg‘atuvchilari suvda bir necha kundan bir necha oygacha saqlanishi mumkin.

Xastalik belgilari

Xastalik belgilari taxminan 12-48 soat oralig‘ida holsizlik, ko‘ngil aynishi, qusish, tana haroratining ko‘tarilishi, ich ketishi, qorin dam bo‘lishi kabi alomatlar bilan namoyon bo‘ladi.

Ochiq suv havzalarida cho‘milish vaqtida turli zamburug‘li infeksiyalar tufayli dermatit va boshqa teri kasalliklarini ham yuqtirib olish mumkin.

Ifloslangan suvdagi bakteriya va viruslarning ko‘z shilliq qavatiga tushishi esa konyunktivit yoki keratitga olib keladi.

Qoidalarga rioya qiling!

Suv havzalarida cho‘milish vaqtida shu kabi kasalliklarga chalinish xavfini kamaytirish uchun bir qancha qoidalarga rioya qilish kerak.

Avvalo, cho‘milish taqiqlangan, ifloslangan, tekshirilmagan va notanish suv havzalariga tushmaslik lozim. Ruxsat etilgan joylarda cho‘milganda ham suvning ko‘z, burun va og‘izga tushishidan saqlanish muhim. Agar tanada ochiq yaralar bo‘lsa, cho‘milishdan tiyilgan ma’qul.

Cho‘milishdan oldin va keyin sovun bilan yaxshilab yuvinish va kiyimlarni almashtirish zarur.

Bundan tashqari, ochiq havzalarda cho‘milish uchun atmosfera harorati +20...+25, suv iliqligi esa +17...+19 darajadan kam bo‘lmagan sharoit zarur.

Oftob nurlaridan saqlaning

Quyosh faol bo‘lgan pallada (12:00 dan 16:00 gacha) oftob tig‘idan saqlanish kerak. Chunki ultrabinafsha nurlarining davomiy ta’siri kataraktaga va keyinchalik ko‘z nuri butunlay yo‘qolishiga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, kuchli ultrabinafsha nurlari tufayli allergik reaksiyalar, teri saratoni yuzaga kelishi xavfi ham mavjud.

Ta’kidlash joiz, sun’iy suzish havzalari ham turli infeksiyalarni yuqtirib olish xavfidan xoli emas. Shu sababli ularning tozaligiga, suvi o‘z vaqtida almashtirilganiga ishonch hosil qilish lozim. Agar bunday hovuz kafellari sirpanchiq bo‘lsa, suv eskirganidan dalolat beradi. Basseyn suvi sovuq bo‘lmasligi ham muhim, chunki bunday harorat tomir tortishishiga olib kelishi mumkin.

Agar sizda cho‘milish paytida yoki undan keyin kasallik alomatlari kuzatilsa, darhol shifokorga murojaat qilish kerak.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish