Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Toshkentning qaysi tumanlarida ijara narxi arzonroq?

11.6.2024 217

Yoshlar ovozi

O‘zbekistonda uy-joy ko‘chmas mulk bozori ketma-ket ikkinchi oy ijobiy dinamikani ko‘rsatmoqda. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lum qildi.

Markaz taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, aprel oyida sotuvlar 11 foizga, may oyida esa 9 foizga oshgan.

Biroz sekinlashuvga qaramay, ijobiy tendensiyaning davom etishi ushbu segmentdagi iste’molchilar faolligining barqaror jonlanayotganidan dalolat beradi.

Shu bilan birga, uy-joy ijarasi bozori barqarorlashdi. Ikkilamchi uy-joy ko‘chmas mulk bozoridagi narxlar o‘rtacha darajada oshdi va yillik o‘sish 10 foizdan ortiqni ko‘rsatdi, bu iqtisodiyotdagi umumiy inflyatsiya darajasiga yaqin.

Uy-joy bozoridagi faollik 15,2 foizga kamaydi

Umuman olganda, oyning oxirida ko‘chmas mulk bozorining tahlili qisqa muddatda ijobiy dinamikani ko‘rsatadi. May oyida 21,6 mingta uy-joy sotildi, bu o‘tgan oyga nisbatan 9 foizga yuqori.

O‘tgan yilning may oyiga nisbatan uy-joy bozoridagi faollik 15,2 foizga kamaydi. Ikki oylik o‘sishga qaramay, joriy faollik darajasi hali ham bir yil oldingi darajadan past bo‘lib qolmoqda, bu esa talabni cheklovchi doimiy omillarni ko‘rsatmoqda, — deyiladi markaz axborotida.

Hududiy uy-joy bozoridagi vaziyat

Hududiy ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, uy-joy savdosining eng katta o‘sishi:

Samarqand viloyatida — 21 foiz,
Andijon viloyatida — 19,3 foiz
Namangan viloyatida — 15 foiz.

Toshkentdagi uy-joy ijarasi bozoridagi vaziyat

May oyida uy-joy ijara bozori aprel oyidagi pasayishga nisbatan mo‘tadillashdi. Aprel oyi bilan taqqoslaganda poytaxtning aksariyat tumanlarida sezilarli o‘sish qayd etilmadi, o‘sish atigi 1,2 foizni ko‘rsatgan. Toshkentda uy-joy ijara narxi bir kvadrat metr uchun 8,4 dollarni tashkil etgan.

Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi hamon yuqoriligicha qolmoqda, ushbu tumanlarda ijara narxi bir kvadrat metr uchun o‘rtacha 10,5 dollarni ko‘rsatmoqda.

Boshqa tumanlarga nisbatan arzon uy-joy ijara narxlari Uchtepa, Sergeli va Bektemir tumanlarida saqlanib qolmoqda.

Shu bilan birga, o‘tgan yilning may oyiga nisbatan poytaxt ijara bozori 6,7 foizga qisqargan.

Ikkilamchi uy-joy bozori

Respublika bo‘yicha ikkilamchi uy-joy narxlari may oyida 1,3 foizga, yillik hisobda esa 10,3 foizga oshgan, bu inflyatsiya ko‘rsatkichlariga yaqin.

Oylik dinamikasining biroz yumshatilishiga qaramay, ikkilamchi uy-joy narxlarining uzoq muddatli o‘sish tendensiyasi davom etmoqda.

Hududlar kesimida

Ikkilamchi uy-joy narxlarining eng yuqori o‘sishi qayd etilgan hududlar:

Buxoro,
Qashqadaryo,
Toshkent,
Xorazm viloyatlari bo‘lib, ularda narxlar o‘rtacha 18,7 foizga oshgan.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish