Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

IJROSI KECHIKTIRILAYOTGAN QARORLAR NATIJASI na yotoqxona, na ijaraga uy bor

4.9.2023 1793

Shahruza SATTOROVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Har yili mavsumga yaqin hukumat biror qaror chiqarib, talabalar muammosini o‘ylayotganini eslatib turishi odatiy holga aylangan. Bu yil ham Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’lim muassasalari talabalarini turarjoy bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 376-son (14.08.2023) qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2023/2024-o‘quv yilida 1-kurs talabalari davlat oliy ta’lim muassasalarining yotoqxonasiga joylashish uchun davlat xizmati markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz)ga elektron ariza berishi belgilandi. 2024/2025-o‘quv yilidan boshlab esa barcha kurs talabalari davlat OTMlarining yotoqxonasidan joy olish uchun faqat elektron ariza berishi kerak bo‘ladi.

Shuningdek, qarorda talabalar turarjoyiga joylashish uchun ariza berish 1-avgustdan boshlab o‘quv yili yakuniga qadar davom etishi aytilgan. (maktabgacha ta’lim tashkilotlariga bolalarni joylashtirish uchun yillab navbat kutish jarayonini eslang)

Elektron navbatga turishku muammo emas, biroq turarjoylar necha foiz talabaga yetadi o‘zi? Xullas, muammoga yechim bo‘la olmaydigan qaror yana bittaga ko‘payib, qilinishi kerak bo‘lgan muhim tadbirlar ijrosi esa orqaga surilgani surilgan.

QAROR IJROSINI KIM NAZORAT QILADI?

2021-yilda Yunusobod tumanidagi ijaraga olingan kvartiradan besh nafar talabaning jasadi topilishi, shuningdek, Toshkent davlat yuridik universiteti talabasining o‘zi ham yashab, ham ishlab kelgan qurilishi tugallanmagan bino hududida yiqilib, vafot etishi ortidan talabalarni turar joy bilan ta’minlash masalasiga prezident darajasida e’tibor qaratilgandi.

Jumladan, bu kabi fojialar kelgusida takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida har bir hudud kesimida talabalar turar joylari va ijaradagi talabalarning yashash sharoiti o‘rganilishi, oliy ta’lim muassasalari prorektorlarining lavozim vazifalari qayta ko‘rib chiqilib, ularning talabalar turar joyi va ijarada yashaydigan talabalar bilan ishlash tizimi yaratilishi, o‘qishga qabul qilingan talabalar ehtiyojidan kelib chiqib, talabalar turar joylari qurilishi aytilgandi. Bundan tashqari, ijarada yashayotgan talabalar bo‘yicha o‘rganish tizimi joriy etilishi ham ma’lum qilingandi.

Shundan so‘ng Prezident farmoniga muvofiq, 2021-yil 1-maydan boshlab yotoqxona bilan qamrab olinmagan va o‘ziga, shu jumladan, ota-onasiga tegishli bo‘lmagan uyda ijara huquqi asosida yashaydigan davlat oliy ta’lim muassasalari talabalariga oylik ijara to‘lovining 50 foizi davlat budjeti hisobidan qoplab beriladigan bo‘ldi.

2021-yil 9-sentyabrda ham Vazirlar Mahkamasining “Respublika oliy ta’lim muassasalarida talabalarni turarjoy bilan qamrab olish darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi. Mazkur qarorda respublika bo‘yicha davlat-xususiy sherikchiligi asosida har biri o‘rtacha 400 o‘rinli, jami 228 ta (2022-yil hududlarda 47 ta, 2023-yil 67 ta, 2024-yil 62 ta, 2025-yil 52 ta) talabalar turar joylarining qurilishi belgilangan edi. Shuningdek, hokimlarga OTMga yaqin joylardan 0,5 gektar yer ajratish majburiyati ham yuklangan edi. Talabalar uchun ahamiyatli bo‘lgan qaror chiqarildi. Biroq uning ijrosini hech kim eslamadi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Bilimni baholash agentligi mas’ullari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bo‘lim boshlig‘i Salohiddin Sanaqulov o‘tgan bir yarim yilda 24700 o‘rinli talabalar yotoqxonasi foydalanishga topshirilganini ta’kidladi. Biroq qarorda 2022-2023-yillarda 50 160 o‘rinli yotoqxona qurib bitirilishi kerak edi. Salohiddin Sanaqulov 2023-yilning oxirigacha 18 ming o‘rinli yotoqxonalar qurib bitkazilishini ta’kidladi.

Ko‘rib turganingizdek, bu boradagi ishlar juda sust olib borilmoqda, biroq qabul kvotalari yildan-yilga oshib bormoqda. So‘nggi yillarda oliy ta’lim muassasalarida qabul kvotasi 2,6 barobarga, talabalar soni esa 2,3 barobarga ko‘paydi. Lekin yotoqxonalar o‘rin soni atigi 25 foizga oshirilgan.  Bu vaziyatda oshirilgan kvotalar bo‘yicha talabalarning yotog‘ini faqat ijara uylar qondiradi, talab oshgan sayin ijara haqqi ham osmonga chiqib boryapti.

Shu kunlarda uy bozorlari talabalar bilan gavjum. Ularning ko‘pchiligi bu yerga birinchi marta kelishi emas. Ulardan ishlar qalay deb so‘rasangiz, aksariyati bir xil javob beradi: “studentlarni qo‘ymaymiz deyishyapti”, “narxlar oshib ketibdi”…

Maklerlarga aldanib qolish, o‘qishga yaqin joylardan uy topa olmaslik, to‘satdan ijara uyni bo‘shatishga to‘g‘ri kelib qolishi haqidagi talabalarning hikoyalarini necha marta eshitganmiz.

NEGA YOTOQXONA MASALASI HISOBGA OLINMAYDI?

Yurtimizda bu muammo bugun yo kecha paydo bo‘lib qolmagan. Kvotani oshirayotgan OTM shuncha talabani o‘qitishga tayyorligini bildiradi. Ya’ni bu kerakli miqdorda auditoriyalar va boshqa xonalar mavjud, shuncha miqdordagi talabani qabul qilishga tayyormiz, deya qabul kvotasini oshiradi. Negadir shu paytda talabalarni turar joy bilan ta’minlash masalasi inobatga olinmaydi.

2021-yil holatiga ko‘ra, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida talabalarning yotoqxona bilan ta’minlanganlik darajasi 12,2 foiz, Toshkent davlat yuridik universitetida 10,6 foiz, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Samarqand davlat universitetida 8 foizni tashkil qiladi. Biroq ushbu oliy ta’lim dargohlarida qabul kvotalari yildan-yilga oshirib borilmoqda.

Bundan tashqari, xususiy va xorijiy OTMlarning hech biriga yotoqxona infratuzilmasi bo‘yicha talab qo‘yilmaydi. 90 foiz xususiy va xorijiy OTMlarning yotoqxonasi umuman yo‘q. Deyarli har oyda yangi OTM ochish bo‘yicha hukumat qarori paydo bo‘ladi, biroq ularda ham yotoqxona mavjudligi talabi yo‘q.

Keyingi yillarda uysozlik (yangi uy-joy qurish va sotish) sohasida birmuncha masofa bosib o‘tildi. Bu yaxshi. Ammo jamiyatning eng yordamga muhtoj, shu bilan birga, kelajak uchun muhim qatlami – talabalar chetda qolib ketmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, talabalarning qayerda yashashi masalasi ularning o‘zlariga tashlab qo‘yilgan.

XORIJDA HAM BU MUAMMO BOR, LEKIN…

Misol uchun, Turkiyada talabalar uchun mo‘ljallangan uch xil: davlat, xususiy va “Vaqf” fondiga qarashli yotoqxonalar bor. Ularning narxi ham bir-biridan, albatta, farq qiladi. Eng arzoni va yaxshisi “Vaqf” yotoqxonasi hisoblanadi. “Vaqf” yotoxonalarida 12 oy uchun 250 dollar to‘lanadi, shu pul ichida uch mahal ovqat ham beriladi.

Fransiyada davlat mulki bo‘lgan va subsidiyalangan talabalar turarjoylari CROUS deb nomlanuvchi yagona tashkilot tomonidan boshqariladi. Universitetlar u bilan shartnoma tuzib, binolardan biriga joy olishadi. Rezidensiyalarni Fransiyaning barcha hududlarida topish mumkin, ammo ofis har bir universitet yoki kollej bilan shartnoma imzolashga tayyor emas. Ijara narxining pastligi va ta’lim muassasalariga yaqinligi tufayli bu majmualarda yashashni xohlovchilar juda ko‘p.

Germaniyada ham vaziyat xuddi shunday: Studyentenwerk (Talabalarga xizmat ko‘rsatish tashkiloti) deb nomlangan yagona tuzilma kampuslarning ishlashi va xonalarni taqsimlash uchun ham javobgardir. Ular sizni qiziqtirgan shahardagi mumkin bo‘lgan variantlar haqida ma’lumot qidirish, mavjudligini tekshirish va ro‘yxatga olish to‘g‘risida bildirishnoma olgandan so‘ng darhol raqamga murojaat qilish imkonini beruvchi qulay veb-saytga ega.

Yaponiya universitetlarida 3 millionga yaqin talaba bor, ular ko‘chmas mulk bozori uchun jozibali mijoz hisoblanadi. Yaponiyada bir kishilik “talabalar uylari” juda keng tarqalgan.

Bularni davlat ham, universitet ham qurmaydi – xususiy firmalar quradi. Kichik va tor bo‘lsa-da, barcha sharoitlar bo‘lgani uchun, bunday uylarga talabalar tez ko‘nikadi. Asosiysi, talabalarni turar joy yetishmasligidan kelib chiquvchi beqarorlik va bir uyda haddan ziyod ko‘pchilik bo‘lib turish kabi muammolar qiynamaydi. Ular ilm olishdan chalg‘imaydi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish