Biz ko‘p va xo‘b gapiradigan mavzulardan biri bu – korrupsiya. Poraxo‘rlarni bisotimizdagi bor yomon so‘zlar bilan “siylaymiz”, taraqqiyotga tushov, shaffoflikka g‘ov, boshimizni eggan, belimizni bukkan, nochorlikka, kambag‘allikka ham shu korrupsiya sabab ekanligini yaxshi bilamiz. Ammo uning oyog‘ini chalishga, davlat idoralaridan, umuman mamlakatdan quvib chiqarishga qancha harakat qilmaylik, bu “yuzi qalin” qilmish hech ketay demaydi. Yoki o‘zimiz ham “ichimda jon-jon, ustimda baqlajon” qabilida ish ko‘ramiz... Har xolda esimni tanigandan beri bir shifokor ming (dollarda, albatta) bilan ushlanganini, korxona rahbari 10 ming bilan qo‘lga tushganini, bir amaldor 100 mingni tuya qilgani haqida eshitaman. Ammo bular hech tugamaydi, chiqaveradi, chiqaveradi... Xuddi qaynar xumcha topib olganmiz-u, ichidan faqat poraxo‘r, muttahamlar chiqadi.
Iddaolar o‘z yo‘liga, quruq qoshiq og‘iz yirtadi. O‘tkazilgan taqdiqot, reyting, natijalar ham gaplarimning puch emasligini isbotlaydi. Mana yaqinda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi bilan hamkorlikda “Fuqarolar O‘zbekistonda korrupsiya to‘g‘risida” mavzusida sotsiologik tadqiqot o‘tkazibdi. Voy, endi natijalarni ko‘ring, korrupsiya kamaydi, shaffof tizim, poraxo‘rlarga kun yo‘q, deydiganlarning yoqasidan olasiz...
Men emas, raqamlar gapirsin
Biz ishonib topshirilgan vakolatni shaxsiy manfaatlar uchun suiiste’mol qilishni korrupsiya deb ta’riflaymiz. Korrupsiya ishonchga putur yetkazadi, demokratiyani zaiflashtiradi, iqtisodiyotga to‘sqinlik qiladi va notenglik, kambag‘allik, ijtimoiy bo‘linish hamda ekologik inqirozni yanada chuqurlashtiradi. Korrupsiyani fosh etish va korrupsiyaga chalingan shaxslarni javobgarlikka tortish faqat korrupsiya va uni ta’minlovchi tizimlarning qanday ishlashini biz tushungan taqdirimizdagina amalga oshishi mumkin. Xo‘sh, yurtimizda korrupsiya darajasi aslida qanday? Fuqarolar qanday munosabatda? Poraxo‘rlikning asosiy sabablari nima? Uni qanday bartaraf etish mumkin?
Avvalo, O‘zbekistondagi korrupsiya bilan bog‘liq vaziyatni quyidagi raqamlardan bilib olsak, bo‘ladi. Ortiqcha gap-so‘zga hojat yo‘q. Tadqiqotga ko‘ra, korrupsiyaviy vaziyatlarga duch kelgan fuqarolar ulushi:
• 2022-yil – so‘rovda qatnashganlarning 15 foizi;
• 2023-yil – so‘rovda qatnashganlarning 19,9 foizi;
• 2024-yil – so‘rovda qatnashganlarning 21,2 foizi.
Respondentlarning aksariyati — 91,2% (2022-yilda 72,1%) o‘z muammolarini hal qilish uchun pora berishga salbiy, 6,3% (4,7%) neytral, befarq, atigi 2,3% ijobiy munosabat bildirdi. 42,5% respondent mamlakatda korrupsiyaning tarqalganlik darajasini “o‘rtacha” deya baholadi, 18,9% korrupsiya darajasi “yuqori”, 11,6% “past” degan fikrda.
Respondentlar ko‘pincha o‘z muammolari yoki masalalarini norasmiy hal qilish holatiga ko‘pincha ushbu tizimlarda duch kelishadi:
• Sog‘liqni saqlash;
• Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar;
• Maktabgacha va maktab taʼlimi;
• Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish;
• Qurilish va uy-joy-kommunal xo‘jaligi;
• Ichki ishlar vazirligi.
Korrupsiya: TOP-5 sabab
Xo‘p, xalqimiz korrupsiyani qoralayapti, pora berishga salbiy ko‘z bilan qarayapti. Jazo bor (fosh etish boshqa masala), qonun bor, nazorat bor. Lekin nega imi-jimida oldi-berdilar bo‘laveradi? Mutaxassislarning fikricha, mamlakatimizda korrupsiyaning paydo bo‘lishi va tarqalishining 5 ta asosiy sababi quyidagilar:
1. Fuqarolarning qonunlar va o‘z huquqlarini, korrupsiyaviy jinoyatlarga qarshi kurashishdagi huquqiy amaliyotni yetarli darajada bilmaydi;
2. Korrupsiya va poraxo‘rlik hamma sohada borligi;
3. Fuqarolarning o‘z savollari yoki muammolarini qonunni chetlab o‘tgan holda hal qilishga intilishi;
4. Jamiyatning tabaqalanishi, boy va kambag‘alga bo‘linishi natijasi;
5. Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qonunchilik bazasining nomukammalligi.
Korrupsiyaga qarshi siyosatning samarali amalga oshirilishini tiyib turuvchi omillar va sabablar:
1. Jamiyatda korrupsiyani bartaraf etish masalasida shakllangan pessimistik munosabat;
2. Jamoatchilikda korrupsiyaga murosasozlik munosabatining yuqori darajasi;
3. Qasos olish qo‘rquvidan kelib chiqqan ishonchsizlik tufayli korrupsiya haqida xabar berishga fuqarolar tayyorligi darajasining pastligi;
4. Korrupsiyaga qarshi ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga javoban korrupsiyaviy sxemalarning takomillashtirilishi.
Nima qilishni ham aytishsin
Bu faktlardan keyin bizda korrupsiyaning qorasi qolmagan deydigan kishilar ham mum tishlab qolishi aniq. Xo‘p, o‘zimiz ham bilamiz korrupsiya borligini. Ko‘p desak, ko‘payib ketdi. Yo‘q desak, balki yo‘qolib ketar degan umidda edik. Mutaxassislar shunchalik bilgir ekan, nima qilishni ham aytishsin, deyotgandir ehtimol. Ha, tadqiqotda bunisi ham aytilgan.
Korrupsiyaviy kelishuvlarda fuqarolar ishtirok etishining oldini olish bo‘yicha tavsiyalar:
1. Mansabdor shaxslarning korrupsiyaviy xulq-atvorini qanday anglab olish, bu haqda qay tarzda va qayerga xabar berish, shuningdek, pora tama qilinayotgan yoki korrupsiyaviy munosabatlarga majburlanayotgan fuqaro o‘zini qanday tutishi haqida aholining keng qatlamlari xabardorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ko‘rish;
2. Korrupsiyaning paydo bo‘lish xavfi yuqori bo‘lgan barcha davlat tashkilotlari va idoralarida, boshqaruv organlarida korrupsiyaviy vaziyat yuzaga kelgan taqdirda fuqarolar murojaat qilishi mumkin bo‘lgan aloqa manzillari va korrupsiyaviy masalalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tarqatish hamda joylashtirish zarur;
3. Korrupsiyaviy huquqbuzarliklar to‘g‘risida xabar bergan kishilarni himoya qilish yuzasidan ta’sirchan amaliy choralar ko‘rish va korrupsiya faktlari haqida xabar bergan shaxslarni taqdirlash mexanizmlarini nazarda tutish muhim ahamiyatga ega.
Davlat va fuqarolik jamiyati tashkilotlariga tavsiyalar:
1. Korrupsiya haqida ijtimoiy balo sifatidagi tasavvurni jamoatchilik ongida va individual idrok etishda qo‘llab-quvvatlash;
2. Jamiyat hayotining turli sohalariga korrupsiyaning ta’sir ko‘rsatuvchi xavf-xatarlariga nisbatan jamoatchilik e’tiborini jalb qilish va kuchaytirish;3. Fuqarolarda korrupsiyaviy amaliyotlarga nisbatan murosasizlikni shakllantirish.
Ma'lumot uchun! Tadqiqotlarga ko‘ra, davlatlar korrupsiyaga qarshi kurashishganda davlat daromadlari uzoq muddatli istiqbolda to‘rt baravarga o‘sadi. Korrupsiya darajasi kamayganida biznes uch foizga tezroq o‘sishi, chaqaloqlar o‘limi darajasi esa 75 foizga kamayishi mumkin.