Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Bir kadastr ostida yashaydigan oilalar uchun alohida hisobraqam ochiladi

15.7.2024 277

Yoshlar ovozi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan elektr energiyasi va tabiiy gaz bo‘yicha yangi tariflar belgilangan edi. Iyul oyining ilk kunlarida ASKUE tizimidagi hisob-kitoblarda texnik nosozlik kuzatilgani bilan bog‘liq holatlar ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi.

Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda aholi uchun elektr energiyasi isteʼmoli bir oyda 200 kilovat soat emas, aksincha, 450 yoki 500 kilovatt soat qilib belgilanishi maqsadga muvofiqligi taʼkidlandi. Xo‘sh, 200 kilovatt soat qaysi normalarga asosan belgilangan? Nima uchun bunda bir xonadonda istiqomat qiluvchi uch yoki to‘rt oila hisobga olinmagan?

Yangi billing tizimi qanday ishlaydi?

“Hududiy elektr tarmoqlari" AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Alvar G‘aybullayev mazkur savollarga quyidagicha javob berdi:

–Taʼkidlash kerakki, bugungi kunda ishlayotgan billing tizimi 2012-yilda joriy qilingan. Keyingi yillarda elektr energiyaga talabning shiddat bilan oshayotgani va zamonaviy billing tizimining zarurligi uchun 2022-yilda texnik shartlar ishlab chiqilgan. Joriy yilning 1-avgustidan respublika bo‘yicha billing tizimi yangilanadi. Hozirda mazkur tizim sinov tarzida Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida joriy etilgan. Amaldagi tizimda abonentning ism-familiyasi, pasport maʼlumotlari va hisob-raqami bo‘lgan bo‘lsa, yangi tizimda abonentning kadastr maʼlumotlari, bitta odam nomida nechta hisob raqami borligi kabi maʼlumotlar jamlanadi. Yangi tizimda monitoring ishlarini olib borish maqsadida isteʼmolchining shikoyat va takliflari, ularning soni ham yozib boriladi.

Bir kadastr ostida yashaydigan oilalar uchun alohida hisobraqam ochiladi

Ijtimoiy norma bilan bog‘liq masalaga kelsak, bitta kadastrga bitta hisobraqami beriladi. Biroq ayrim xonadonlarda bir kadastr asosida to‘rttagacha oila mavjud. Bunday xonadon 200 emas, 800 kilovatt soat elektr energiyasini ishlatadi. Shu asosda biz bir kadastr ostida yashaydigan oilalar uchun alohida hisobraqami yoki ijtimoiy holatga bog‘lagan holda yechim qilib berish boʻyicha takliflar berdik. Albatta, bu masalaga yechim topiladi.

Elektromobillar masalasiga yechim qanday?

Shuningdek, isteʼmolchilar tomonidan elekromobillar bo‘yicha ham qo‘shimcha hisobraqami so‘ralgan. Chunki isteʼmolchi o‘z ehtiyoji uchun va elektromobil uchun alohida to‘lov bo‘lishini istaydi. Shu va boshqa holatlar bo‘yicha Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan birgalikda ishlayapmiz. Ularda reyestr bor: kim qanaqa ijtimoiy himoyaga muhtoj. Shu sababli, har oyning beshinchi sanasida agentlikka bu haqida maʼlumotlar taqdim etayapmiz. Yaqinda bu masalalar bo‘yicha ham yechim bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda.

Normaga asos nima?

O‘z navbatida, tahlillar shuni ko‘rsatadiki, o‘tgan oyda 71 foiz aholi 200 kilovatt soatgacha elektr energiyasini isteʼmol qilgan. Buni hududlar miqyosida ko‘radigan bo‘lsak, Toshkent shahrida 54,5 foiz, Samarqandda 68 foiz, Xorazm viloyatida 69 foizni tashkil etgan. Bu borada ham taklifimizni taqdim etganmiz.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasi faoliyat yuritadi va mazkur tashkilot tariflarni belgilaydi. Bizning tashkilot ijrochi organ hisoblanadi. Albatta, bu yangi tabaqalashtirilgan tarif har tomonlama o‘rganilgan. Demak, 200 kilovatt soat norma o‘z-o‘zidan qabul qilinmagan.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish