Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Ijtimoiy tarmoqlarning foydalari

24.11.2023 445

1. Izlash va muloqotdagi qulaylik

Ijtimoiy tarmoqlarda video, audio, surat, biror-bir shaxs yoki maslakdoshlarni topish juda oson. Bunday saytlarda foydalanuvchilar ro‘yxatdan o‘tish chog‘i ko‘pincha ismi sharifi, tug‘ilgan vaqti, yashash manzili, o‘qigan, ishlagan joylari va ayni damdagi faoliyati haqida maʼlumotlar kiritadi. Bu maʼlumotlar aloqalari uzilgan sinfdoshlar, kursdoshlar va tanish-bilishlar bir-birlarini topishlariga yordam beradi.

2. Axborot topish va almashishdagi yengillik

Ijtimoiy tarmoqlarda biror mavzudagi axborotni yengillik bilan topish mumkin. Deylik, salomatlik sohasiga qiziqqan kishi ayni shu yo‘nalishdagi kanal va guruhlarga aʼzo bo‘lishi mumkin. Turli sohalarda maslahatlar olish, kerakli bilim va tasavvurlar hosil qilish imkoniga ega.

3. Shaxsiy tarbiya, o‘z-o‘zini rivojlantirish vositasi

Ijtimoiy tarmoqlarning eng maqtovli, ahamiyatli jihatlaridan biri — ilm olish, kasb-hunar o‘rganishdagi beqiyos yordamidir. Kundalik turmushda duch kelinadigan turli yumushlarni bajarishni ham internet, xususan ijtimoiy tarmoqlar yordamida oson o‘zlashtirish mumkin. Oddiy misol, ayollar bichish-tikish yoki pazandalik sirlarini YouTube tarmog‘idagi kanallardan bemalol o‘zlashtira oladi.

4. Biznes yuritishda beminnat yordamchi

Baʼzi ijtimoiy tarmoqlarda esa reklamani tanlangan yoki kerakli auditoriyaga yetkazish imkoni bor. Buni foydalanuvchining qiziqishlarini hisobga olib tarmoqning o‘zi algoritmlar asosida bajarishi mumkin.

5. Turli ijtimoiy aksiyalar va yordamlar

Ijtimoiy tarmoqlarda og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolganlar, yetim-yesirlar, nogironlar, bir so‘z bilan aytganda moddiy-maʼnaviy himoyaga muhtoj qatlamga yordamlar uyushtirish mumkin. Bu ayniqsa so‘nggi yillarda tobora keng quloch yoyyapti. Mana shunday ko‘maklar ko‘plab kishilarning dardiga malham bo‘layotgani haqida ommaviy axborot vositalari tez-tez xabar berib turibdi.

6. Ijodkorlar va boshqa soha vakillari uchun keng maydon

Qalam ahlini ijodi tanitadi. Baʼzida boshlovchilar, hatto tajribali jurnalistlar uchun ham bosma yoki elektron nashrlardan “joy tegmay qolishi” mumkin. Chunki har bir nashr o‘z talabiga, qiziqishiga ega. Ijtimoiy tarmoqlardagi kanallar esa jurnalist va blogerlar uchun katta maydon ochib beradi. Har kim o‘z imkoni va iqtidoriga, harakati va hafsalasiga qarab obunachi yig‘ishi mumkin. Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlar tezkorligi bilan ham ustun. Ayni damdagi voqea-hodisa haqida o‘sha zahoti yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri xabar berish mumkin. Ularni yuritish uchun juda katta texnik malaka ham talab etilmaydi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish