Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

“Ikki til va bir kasb”

1.11.2023 343

Zarif KOMILOV, O‘zA muxbiri Tohirjon ISTATOV (surat)

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan umumta’lim maktablarida o‘quvchilarga ikkita xorijiy til va kasb o‘rgatish tizimi joriy etilmoqda.

O‘tgan o‘quv yilida Buxoro viloyatida mazkur yo‘nalishda dastlabki harakatlar boshlanib, Buxoro shahri, G‘ijduvon va Shofirkon tumanlaridagi 9 ta maktabda ushbu tizim hayotga tatbiq etildi. Kasb o‘rgatish ishlarini samarali yo‘lga qo‘yish maqsadida Buxoro shahar maktablari texnologiya xonalarini jihozlash uchun 1,6 milliard so‘m, G‘ijduvon tumaniga 1 milliard 130 million so‘m hamda Shofirkon tumaniga 1 milliard 160 million so‘m mablag‘ ajratildi. Tegishli maktablar 45 turdagi 270 ta asbob-uskuna va jihozlar bilan ta’minlandi.

Shuningdek, tuman (shahar)larda o‘quvchilarga 2 ta xorijiy til va 1 ta kasb o‘rgatiladigan 1 tadan jami 13 ta maktab tanlanib, belgilangan talab asosida zamonaviy jihozlandi. 20 ta professional ta’lim muassasasida umumta’lim maktablari o‘quvchilarini kasb-hunarga o‘rgatish bo‘yicha zarur shart-sharoitlar yaratildi. 2024-yilda viloyatdagi yana 33 ta umumta’lim maktabida ushbu tizim joriy etilishi belgilangan.

Bundan tashqari, viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi, O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi, “Hunarmand” uyushmasi hamda Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmalarining qo‘shma qarori asosida ham maktabda o‘quvchilarning ikkita xorijiy til va hunar o‘rganishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

– Qo‘shma qaror doirasida “Ikki til va bir kasb” tamoyili asosida har bir hudud markazidan olisda bo‘lgan 2 tadan, jami 26 ta maktab tanlab olingan, – deydi viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Farrux Qurbonov. – Ularda o‘quvchilarga tajribali pedagoglarni biriktirgan holda xorijiy til va kasb-hunar o‘rgatish ishlari yo‘lga qo‘yilgan.

Hamkor tashkilotlar rahbarlari Peshku tumanidagi 10- hamda G‘ijduvon tumanidagi 8-umumta’lim maktablarida bo‘ldi. Bu yerda o‘quvchilarga xorijiy til va kasb-hunar o‘rgatish borasida yaratilgan shart-sharoitlar hamda olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi. Maktablarda tashkil etilgan to‘garaklar, qo‘shimcha mashg‘ulotlarni bevosita kuzatdi. Mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini yanada oshirish maqsadida mas’ullarga tegishli tavsiyalar berildi.

“Ikki til va bir kasb” tamoyili asosida namunali faoliyat olib borayotgan o‘qituvchilar “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi tomonidan rag‘batlantirildi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish