Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Ilmiy-amaliy anjuman

29.9.2023 582

Farhodjon XOJAYEV, Akademiya katta o‘qituvchisi, mayor.

O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida “Favqulodda vaziyatlarni oldini olish va ularni bartaraf etish: muammo va yechimlar” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi.

Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Gʻ.Mavlonov nomidagi Seysmologiya instituti, Respublika ilmiy-tadqiqot institutlari, O‘zbekiston Respublikasi FVV Favqulodda vaziyatlar profilaktikasi departamenti, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Yong‘in xavfsizligi va favqulodda vaziyatlar muammolari ilmiy-tadqiqot instituti, O‘zbekiston Respublikasi FVV Seysmoprognostik monitoring Respublika markazi, Qurolli Kuchlar akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, Chirchiq Oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti, Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi huzuridagi Fuqaro muhofazasi instituti yosh olimlari va boshqa nodavlat tashkilotlar, Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasining professor-o‘qituvchilari, harbiy xizmatchilari, kursantlar va talabalar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Anjumanni Akademiya boshlig‘i, general-mayor Ravshan Haydarov ochib, mamlakatimizda izchillik bilan amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, shuningdek, favqulodda vaziyatlarni oldini olish va ularni bartaraf etishga qaratilgan dolzarb muammolarni soha mutaxassislari tomonidan zamonaviy inovatsion texnologiyalar asosidagi yechimini topish hamda ilmiy izlanishlar olib borishga alohida e’tibor qaratilayotganini alohida ta’kidladi.

Anjumanda so‘zga chiqqanlar, iqtisodiyot tarmoqlari jadal rivojlanayotganligi, ishlab chiqarish texnologiyalarining murakkablashib borayotgani bois, favqulodda vaziyatlar paydo bo‘lish xavfini yanada oshirayotganiga e’tibor qaratib, turli ijtimoiy va iqtisodiy obyektlarda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarni oldini olish, innovatsion texnologiyalarni qo‘llash samaradorligini oshirishda qo‘l keladigan taklif va tavsiyalarni ishlab chiqishga qaratilgan keng fikr-mulohazalarni bildirdilar.

Anjuman doirasida yosh olimlar, tadqiqotchilar va iqtidorli talabalar tomonidan yaratilgan ixtirolar, innovatsion ishlanmalar bo‘yicha ma’ruza bilan chiqishlari va ularning namoyishlari,  ishlanmalar ko‘rgazmasi hamda badiiy va maxsus adabiyotlar yarmarkasi anjuman qatnashchilarida katta taassurotlar qoldirdi.

Anjuman yakunida Akademiya rahbariyati tomonidan vazirlik, idoralardan tashrif buyurgan ma’ruzachilarga hamda faol ishtirok etganlarga tashakkurnoma va sertifikatlar hamda esdalik sovg‘alari tantanali topshirildi.

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish