O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida “Qurilish inshootlarining yong‘inga bardoshliligini takomillashtirish” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi. Anjumanda O‘zsanoatqurilishmateriallari uyushmasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi yong‘in xavfsizligi va favqulodda vaziyatlar muammolari ilmiy-tadqiqot instituti, tegishli vazirlik va idoralarning mas’ul xodimlari, oliy ta’lim muassasalari vakillari, FVV Akademiyasi huzuridagi Fuqaro muhofazasi instituti, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Matbuot xizmati xodimlari, FVV Akademiyasi professor-o‘qituvchilari, harbiy xizmatchilar, kursantlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Anjumandan ko‘zlangan asosiy maqsad – qurilish inshootlarining yong‘inga bardoshligini o‘rganish, ularning mustahkamligi, ishonchligi, olovbardoshligini oshirishga yo‘naltirilgan zamonaviy usul va innovasion texnologiyalarini joriy etish, mamlakatni rivojlantirishning strategik maqsadlariga erishish kabi dolzarb masalalarni o‘rganish, tahlil etish hamda kursantlarga zamonaviy nazariy va amaliy tushunchalar berish, ularning bu sohadagi bilimlarini boyitish, shu bilan birgalikda ushbu sohalarda o‘z yechimini kutayotgan muammolarga javob bera oladigan tavsiyalar, ilmiy ishlanmalarni ishlab chiqish va amaliy ko‘nikmalarni yanada shakllantirishdan iboratdir.
Anjumanni Akademiya boshlig‘i, general-polkovnik Qobul Berdiyev ochib, mamlakatimizda izchillik bilan amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar natijasida barqaror iqtisodiy o‘sish, ayniqsa, ilg‘or texnologiyalarga asoslangan holda ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarini, ilm-fan va innovatsion faoliyatni jadal rivojlantirishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning mustahkam asoslari yaratilayotgani, shuningdek, qurilish inshootlarining yong‘inga bardoshligini takomillashtirishning dolzarb muammolariga davlatimiz tomonidan alohida e’tibor qaratilayotgani, bu boradagi muammolar yechimiga qaratilgan bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinganligini va ijroga kiritilganligini alohida ta’kidladi.
Anjumanda so‘zga chiqqanlar, iqtisodiyot tarmoqlari jadal rivojlanayotganligi, ishlab chiqarish texnologiyalarining murakkablashib borayotgani bois, favqulodda vaziyatlar paydo bo‘lish xavfini yanada oshirayotganiga e’tibor qaratib, qurilish inshootlarida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarni oldini olish va sodir bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning salbiy oqibatlarini kamaytirish, ularni bartaraf etishdagi muammolarni yechimini topish, xavfsizlikni ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish, innovasion texnologiyalarni qo‘llash samaradorligini oshirishda qo‘l keladigan taklif va tavsiyalarni ishlab chiqishga qaratilgan keng fikr-mulohazalarni bildirdilar.
Anjuman doirasida tashkilotchilar tomonidan tashkil etilgan ilmiy innovasion ishlanmalar ko‘rgazmasi hamda badiiy va maxsus adabiyotlar yarmarkasi anjuman qatnashchilarida katta taassurotlar qoldirdi