Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Geologiya-menerologiya fanlariga ixtisoslashgan ilmiy kengashlar faoliyati muhokama etildi

30.5.2024 413

OAK Axborot xizmati

Oliy attestatsiya komissiyasida 2024-yilning 28-may kuni geologiya-menerologiya fanlari yo‘nalishida oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiyasi hamda ilmiy kengashlar faoliyati samaradorligini oshirishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda ilmiy kengashlar va uning huzuridagi ilmiy seminar kotiblari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston - 2030” Strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni asosida belgilangan vazifalar doirasida tashkil etilgan anjumanda mamlakat iqtisodiyotini yuksaltirishda muhim o‘rin tutuvchi mineral-xomashyolardan unumli foydalanishda ilm-fanning ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi.

– Mamlakatimiz yer yuzida ma’lum barcha foydali qazilmalarga boy zamin, – deydi o‘z nutqida texnika fanlari doktori, professor Abdurashid Xasanov. – Shu bois mineral-xomashyo resurslaridan samarali foydalanish yo‘nalishini ilm bilan rivojlantirish maqsadida loyiha ofisi tashkil etib, yetakchi institut va ilmiy markazlar jalb qilinmoqda. Bunda yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash, sohaga ilg‘or xorijiy tadqiqot metodlarini joriy qilishga katta ahamiyat qaratilayotgani e’tiborga molik.

Darhaqiqat, bugungi kunda Geologiya-mineralogiya fanlari bo‘yicha respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy tadqiqot markazlarida 10 ta ilmiy kengash faoliyat ko‘rsatmoqda. Xalqaro va respublikamizda faoliyat yuritayotgan 69 ta jurnalda mazkur fan bo‘yicha amalga oshirilayotgan tadqiqotlarning asosiy ilmiy natijalari e’lon qilib borilmoqda. Sohaga qaratilayotgan e’tibor sababli so‘nggi to‘rt yilda 12 ta fan doktor (DSc) hamda 59 ta falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalarida tadqiqotlar bajarildi.

Yig‘ilishda oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar sohasidagi keng ko‘lamli islohotlar xususida axborot berilib, navbatdagi vazifalar belgilab olindi. Xususan, Yangi O‘zbekistonni barpo etish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga hamohang tarzda amalga oshirilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari, ularning sifatini oshirish, axborot tizimini takomillashtirish, innovasion va ilg‘or xalqaro tadqiqot uslublarini amaliyotga joriy etish kabi masalalar keng muhokama etildi.

Shuningdek, jahonda tez o‘zgarayotgan texnologik vaziyat bois “yashil” energetika, elektrotexnika sanoatida kamyob metallarga talab tobora ortib borayotgan bugungi sharoitda mineral - xomashyo bazasidan foydalanishda ilm-fanning ahamiyatini oshirish, aniqlangan zahiralar va foydali qazilmalarni qazib olishga innovasion texnologiyalarni joriy etish orqali mamlakat iqtisodiyotini yuksaltirish borasidagi ilmiy izlanishlar davr talabi ekani ta’kidlandi.

Bu borada, ayniqsa, sohada axborot almashinuvini to‘liq raqamlashtirish orqali shaffoflikni ta’minlash, ilmiy tadqiqotchilar uchun qulay sharoitlarni yaratish borasida OAK tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga alohida e’tibor qaratildi. Shunga ko‘ra, ilmiy kengashlar faoliyatini tashkil etishda me’yoriy tartib-qoidalarga qat’iy rioya qilish, ilmiy-tadqiqot ishlarining sifatini ta’minlash yuzasidan vazifalar belgilanib, amaliy tavsiyalar berildi.

Ochiq muloqot va muhokamalar asosida o‘tkazilgan yig‘ilishda Ilmiy kengashlar faoliyatini nizom talablariga ko‘ra tashkil qilish hamda axborot-tahlil xulosalari bo‘yicha savollarga atroflicha javob olindi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish