Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Ilmli ayol – jamiyat ko‘zgusi

19.6.2024 519

Kamola Xudoyberdiyeva

Yangi O‘zbekistonda kechayotgan keng ko‘lamli va jadal islohotlar jarayonida xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini taʼminlash, iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish, oila, onalik va bolalikni himoya qilish, salomatligini muhofaza qilish, ayollar o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish, ular uchun yangi ish o‘rinlari yaratish, intilish va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha 2022– 2026-yillarga mo‘ljallangan “Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi” to‘g‘risidagi PF 60-sonli farmonida davlat siyosatining muhim yo‘nalishi sifatida belgilangan va bu borada tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. 

Gender tenglikni taʼminlash strategiyasida xotin-qizlarni ilmiy faoliyatga keng jalb qilish, ularning innovatsion g‘oyalarini, ixtirochilik, ratsionalizatorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash masalasiga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Birgina o‘tgan yilning o‘zida 31 ming nafardan ziyod ilmiy xodim ilmiy-tadqiqot va tajriba konstruktorlik faoliyati bilan shug‘ullangan bo‘lsa, ularning qariyb 40 foizini ayollar tashkil etgan. Xususan, xotin-qizlarning 73 foizi oliy taʼlimda, 16,5 foizi davlat sektorida, 10 foizi tadbirkorlik sohasida, 0,2 foizi notijorat sektorida ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanmoqda.

Tahlillarga ko‘ra, ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi ayollar, asosan, Toshkent shahrida yig‘ilgan (49,6 foiz). Hududlarda esa ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchilar ko‘rsatkichi pastligicha qolmoqda. Ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan ayollarning 3 568 nafari ilmiy darajaga ega bo‘lib, ularning 707 nafari fan doktori, 2 412 nafari fan nomzodi va 449 nafari PhD ilmiy darajasiga ega xodimlar hisoblanadi (2023-yil sarhisobi bo`yicha).  

Hozirgi kunda ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi talablariga muvofiq, umumiy yillik moliyaviy hajmi 45,4 milliard so‘mlik 82 ta ilmiy loyiha (27,8 milliard so‘mlik 57 ta amaliy, qariyb 17 milliard so‘mlik 25 ta innovatsion loyiha) olima ayollar tomonidan bajarilmoqda.

Zamonaviy ma’rifatparvar ayol deganda, milliy an’analarimizga sodiq ravishda taraqqiyotga intilayotgan, tashabbuskor va tashkilotchi, ayollik maqomini tadqiqotchilik, yetakchilik, ustozlik faoliyati bilan uyg‘unlashtirgan bugungi kun qahramonlari ko‘z oldimizga keladi.

Islom ta’limoti ayol shanini ulug‘laydi.  Islom dini o‘z ayollariga nisbatan yaxshi munosabatda bo‘lgan erkaklarni insonlarning eng yaxshisi qatoriga qo‘shadi. Bu xususda hadisda “Sizlarning ichingizda eng yaxshingiz o‘z ahli ayoliga nisbatan yaxshi munosabatda bo‘lganingizdir”, deya marhamat qilinadi (Imom Termiziy rivoyati). Islom shariatida Alloh taoloning kalomida ilm talab qilish musulmonlarning erkagu ayoliga tegishlidir. Hadisi sharifda “Ilm talabi har bir musulmon uchun farzdir”, deyiladi.

Shunday ekan, har bir ayol o‘z oldiga ilm sarhadlarida o‘z o‘rnini topish va insoniyat uchun ahamiyatli hissa qo‘shishni maqsad qilib qo‘yishi ustuvor vazifa hisoblanadi.  Birgina sanoat sohasini misol qilib olinsa, bugungi kunda butun dunyoda polimerlar keng miqyosda qo‘llaniladi. Iste’mol uchun ishlab chiqariladigan plastmmassa idishlardan tortib, eshik deraza romlari, quvurlar, uy xo‘jalik jihozlarigacha asosi polimerlardir. Albatta, ularni ishlatilgach tabiat uchun zarar yetkazmagan holda bioparchalash yoki qayta ishlash va ikkilamchi xomashyo sifatida yana ishlab chiqarishga joriy qilish kabi muammolar o‘z yechimini kutmoqda.

Polimerlarning ishlab chiqarish sohalarini kengaytirish hamda fizik-mexanik xususiyatlarini yaxshilash maqsadida qo‘shilgan qo‘shimchalar, masalan, plastifikatorlar, to‘ldiruvchi moddalari termik barqarorlikni sezilarli darajada kamaytiradi. Bunga yo‘l qo‘ymaslik va foydalanish ko‘lamini va muddatini kengaytirish uchun termostabilizatorlardan foydalanish muhim va tiokarbamid hosilalari sintez qilinib, ularning xususiyatlari o‘rganilib va amaliyotga joriy qilinsa, hudud bo‘yicha tarmoqlarda iqtisodiy samaradorlikni oshirishga va hududni rivojlantirishda ishlab chiqarish spektrini kengaytirishga yordam beradi. Shu muammolar ustida ilmiy loyihalar yo‘lga qo‘yilgan, shuningdek, natijalar asosida sintez mahsulotlarni nafaqat termostabilizatorlik xususiyati, balki fungisidlik, bakterisidlik, insektisidlik xususiyatlari tadqiq qilinadi, farmatsevtik dori vositalariga tarkibiy qism sifatida tuberkulyoz, saraton kasalliklarida qo‘llanilishi, biologik faol modda sifatida ta’sir xususiyatlari o‘rganilib chiqiladi. Olingan natijalar asosida xalqaro maydonda O‘zbek olima ayoli sifatida o‘z o‘rnini egallagan hamjamiyat a’zosi bo‘lishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan yoshlardan biriman. 

Aholi soni yildan yilga oshib borayotganligi tufayli insonlarning tabiatimizga ta’siri tobora oshib bormoqda, bu esa o‘z navbati umumbashariy hamda hududlarda mahalliy ekologik muammolarning ko‘payib ketishiga sabab bo‘lmoqda. Issiqxona effekti, ya’ni atmosferaga turli gazlarning, jumladan, karbonat angidrid, chala yongan azot va metanning ajralishi iqlimning isib ketishiga sabab bo‘lmoqda. Bundan tashqari, ozon qatlamining yemirilib borayotganligi ham hech birimizga sir emas, Ozon gaz qatlami butun insoniyat va tiriklikni zararli ultrabinafsha nurlarni yutib himoya qilish vazifasini to‘laqonli ado eta olmasligi ma’lum bo‘lmoqda, oqibatda teridagi turli kasalliklar, kuyish va hatto saraton turlarining ko‘payib ketishiga olib kelmoqda. Hozirgi davrda xlorftormetanlar ya’ni freon gazlari, aviatsiya chiqindilari, azotli o‘g‘itlardan foydalanish hamda atom va yadro qurollaridan foydalanish bunga sabab bo‘lmoqda. Chuchuk suv muammosi esa dolzarbligicha qolmoqda, gidrosferadagi bor yo‘g‘i 2,8 foiz suv iste’molga yaroqli, bu faqatgina qutblardagi muzliklar hisobiga to‘g‘ri kelmoqda. O‘tgan asrlarga nisbatan XXI asrda chuchuk suv iste’moli 7 barobarga ortgan.  

Yuqorida sanab o‘tilgan muammolarni kamaytirishga hamda ilmiy innovatsion yechimlarni izlab topishga bugungi kun yoshlari hamjihatlikda bel bog‘lab ilmiy harakatni amalga oshirishsa albatta biz o‘z oldimizga qo‘ygan maqsadlarimizga erishamiz!

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish