Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

ILOJI BOR EKAN, NEGA KECHIKTIRILDI?

8.9.2022 203

Shahruza SATTOROVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Maktab darsliklari ijarasi ikki baravarga oshdi, bu ota-onalar, keng jamoatchilikning haqli e’tiroziga sabab bo‘ldi, hatto bu mamlakatimiz Konstitutsiyasiga zidligi aytildi, oqibatda bu muammo ham Prezident aralashuvi bilan hal etiladigan bo‘ldi...

Xalq ta’limi vazirligi qarorlar e’lon qilib, e’tirozlar kuchayavergach qarorni bekor qilish borasida anchagina “tajriba” to‘pladi. Avval 2025-o‘quv yiligacha kechiktirilgan o‘quvchilar uchun yagona maktab formalari 2022/23-o‘quv yilidan majburiy bo‘lishi to‘g‘risida hukumat qarori e’lon qilindi. Boshida bu qarorni qo‘llab-quvvatlab, formalarning katta qismi tikilayotgan Namangan viloyatiga jurnalistlar uchun press-tur uyushtirgan vazirlik, ko‘p o‘tmay, majburiyat yana ortga surilganini e’lon qildi.

So‘ng 15 yillik mehnat stajiga ega va shu yil bahorda attestatsiyaga jalb etilmagan oliy toifali o‘qituvchilar eng quyi toifaga tushib qolayotgani shov-shuv bo‘ldi. Xalq ta’lim vazirligi yana munosabat bildirib, bunday o‘qituvchilarning toifasi umrbod oliy bo‘lib qolishini bildirdi.

Yana muhokamalarga sabab bo‘lgan mavzulardan biri – maktab darsliklarining ijarasi edi. 2022/23-o‘quv yili uchun darsliklar ijara narxlari ikki-uch barobarga oshirilgan. Bu jamoatchilikda keskin norozilik kayfiyatini uyg‘otdi. Vazirlik bu masalani izohlay turib, darsliklar uchun ijara narxlari Moliya vazirligi tomonidan belgilanganini aytdi.

Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmatining tushuntirishicha, joriy o‘quv yilida ijara haqi keskin oshishiga yangi darsliklarni chop etish xarajatlari oshgani sabab bo‘lgan.

2022-yilda jahonda qog‘oz narxi 60-70 foizga balandlagani, qog‘oz importida transport xarajatlari keskin oshgani, bu esa tannarx ko‘tarilishiga sabab bo‘lgani ham aytilgan edi. Masala ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lib, Konstitutsiyaga zidligi aytilgach davlatimiz rahbari maktab darsliklari va mashq daftarlarini bepul ijaraga berishni tezkor yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, maktab darsliklarini chop etishga sarflangan mablag‘ darslik foydalaniladigan muddat (yil)ga bo‘linib yig‘iladi. Yig‘ilgan mablag‘lar Byudjetdan tashqari Respublika maqsadli Kitob jamg‘armasida to‘planib, mazkur kitobni keyingi yilda chiqarishga sarflanar edi, tartib shunday. Ijara narxlari bekor qilingach bu tartib qanday amalga oshiriladi?

Kecha AOKAda bo‘lib o‘tgan Xalq taʼlimi vazirligi ishtirokidagi anjumanda “Maktab darsliklari faqat joriy o‘quv yilida bepul taqdim etiladi”, – deb xabar berdi xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Temur Komilov. Bekor qilingan ijara tushumlari o‘rnini qoplash uchun byudjetdan 500 milliard so‘m to‘lab beriladi. Endilikda maktab darsliklarining ijara to‘lovlari doimiy ravishda bepul bo‘ladi. Maktab darsliklarini chop etish xarajatlari kelgusi yillarda ham byudjetdan qoplanadi va buning uchun ota-onalardan boshqa pul yig‘ilmaydi. Qiziq holat. Darsliklarni bepul tarqatishning iloji bor ekan, nega shu paytgacha o‘quvchilar darsliklar uchun pul to‘lab keldi?

Mantiqan o‘ylab qaralganda, ta’lim bepul deganda darsliklar ham bepul bo‘lishi kerak. Shunday ham bo‘ldi, lekin nega shuncha e’tirozlardan keyin, yana Prezident aralashuvidan so‘ng hal bo‘lmoqda masala? Mutasaddilar o‘ylab ko‘rmaydimi buni?

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish