Oramizda shunday insonlar borki, ular o‘zgalar imkonsiz deb qaragan narsalardan imkon izlashadi. Imkoniyati cheklangan yoshlarimizdan biri – Tojixon Qo‘chqorova shunday insonlardan.
Yoshligidan o‘zi tug‘ilib o‘sgan Farg‘ona viloyatidagi hunarmand-u tikuvchi, dizaynerlarga havas qilar, har gal ularning ishini ishtiyoq bilan kuzatardi. Kunlarning birida Tojixon zargarlik va ayollar soch bezagini tayyorlab, turli bayram tadbirlarida peshqadamlik qilib kelayotgan zargar Ra’noxon Bo‘taboyeva bilan uchrashish baxtiga muyassar bo‘ladi. Uchrashuv uning hayotini o‘zgartirib yubordi. Bu uning orzulariga erishishi uchun birinchi qadam edi.
Tojixonning, asosan, qo‘l mehnati talab etiladigan bu yo‘nalishga intiluvchan va tirishqoqligi Ra’no opaga yoqadi va o‘ziga shogird qilib oladi. Har kuni zargarlik va tikuvchilik sir-sinoatlarini o‘rganish uchun 4 ta mahallani piyoda bosib, ustozining xonadoniga ikki yil qatnaydi.
– Shogirdlarim ichida eng sabrlisi va chaqqoni Tojixon edi. Boshida anchagina qiynalgan. Hatto qo‘llari qadoq bo‘lib ketgan paytlarda ham unga yanada ko‘proq vazifalarni yuklar edim va shu tariqa uni boshqalardan iqtidorli ekaniga ishontirardim, – deydi ustozi Ra’noxon Bo‘taboyeva.
Hozir Tojixon mustaqil ish boshlagan, daromadi ham yaxshi. Halol ishlab topayotgan daromadidan oilasiga ham yordam beradi. Bundan tashqari, u Namangan viloyati, Oltiariq tumani va Qo‘qon shahri bozorlariga zargarlik buyumlari va ayollar soch bezaklarini yetkazib bermoqda. Buyurtmalar ko‘payib o‘zida yanada ishonch topgan Tojixon endi kichik tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida mahalla yetakchisiga murojaat qildi. Murojaatga javoban Uchko‘prik tumani hokimligi tomonidan subsidiya asosida 2 dona tikuv mashinasi ajratildi. Hozir Tojixon 5 nafar qizni ish bilan ta’minlab, ularga ish o‘rgatib kelmoqda.
– Zargarlik va tikuvchilikni o‘rganishni boshlaganimda eplay olmaysan, buning uchun qo‘llar baquvvat va sog‘lom bo‘lishi kerak, deganlar ham bo‘lgan. Ularga javoban, “Men albatta katta hunarmand bo‘laman” degandim va o‘z maqsadimga erishdim, – deya faoliyatining ilk davrlarini yodga oladi Tojixon.
Qahramonimiz hozirgi kunda kelinlar uchun turli xildagi zeb-u ziynatlarga ham buyurtmalar oladi. Shu darajaga yetib kelgunicha uni har taraflama qo‘llab-quvvatlagani uchun ota-onasidan minnatdor ekanini aytayotgan hunarmand qizning oldidagi asosiy maqsadi – ota-onasini halol ishlab topayotgan daromadidan Haj safariga olib borish ekan.