Mamlakatimizda yoshlarning o‘sishi, rivojlanishi va o‘z ustida ishlashi uchun keng imkoniyatlar mavjud. Eng muhimi, O‘zbekistonda barcha yoshlar, ular imkoniyati cheklangan yoki sog‘lom bo‘lishidan qat’i nazar, teng imkoniyatlarga ega. Buning yaqqol misoli sifatida yozgi paralimpiya o‘yinlarida erishilgan yutuqlarni keltirish mumkin. Bu natijalar yoshlarimizning imkoniyatlari va iqtidorlariga e’tibor qaratilgan siyosatning samarali ekanligini ko‘rsatadi.
Natijalar faqat sport sohasida emas, balki ilm-fan va ta’limda ham o‘z aksini topmoqda. Hozirgi kunda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetini davlat granti asosida tamomlayotgan, darsdan bo‘sh vaqtida to‘quvchilik bilan shug‘ullanib, daromad topayotgan Maqsadoy Hotamjonova buning isboti bo‘la oladi. U talabalar yotoqxonasida qizlar uchun “Mohir qo‘llar” klubi tashkil etgan, o‘zining ijodiy va ijtimoiy faoliyati bilan boshqalarga ajoyib o‘rnak bo‘lmoqda.
– Maqsadoy, taklifimizni rad etmay, suhbatga rozi bo‘lganingiz uchun rahmat. Avvalo, bolalik paytlaringiz va kasallik sabablari haqida gaplashsak.
– Men 1997-yil 10-oktabrda Buxoro viloyatining Jondor tumanida oddiy oilada tug‘ilgan. Ota-onam aka-ukalarning farzandi bo‘lgan. Avvaliga hammasi yaxshi edi. Maktabda a’lo baholarga o‘qib, 6-sinfgacha tengdoshlarim qatori o‘zim yurib darsga borardim. Biroq qish kunlarining birida oyog‘imda kuchli og‘riq bilan uyg‘ondim. Avvaliga qorda ko‘p o‘ynagandirman, deb o‘yladim. Ota-onam ham bunga jiddiy e’tibor berishmadi. Lekin kundan kunga oyog‘imdagi og‘riq kuchayib bordi, hatto yurishdan qoldim. Toshkentdagi shifokorlar bunga dadam va onamning qarindosh ekanini sabab qilishdi. O‘n uch yoshlarimda to‘liq oyoqdan qoldim, hech qayerga bora olmadim. O‘shanda men endi yashay olmasam kerak, deb o‘ylagandim. Chunki kechagina tengdoshlarim bilan o‘ynab yurib, birdan oyoqdan qolishim kutilmagan vaziyat edi, bu hodisa menga juda katta ruhiy zarba bergan. 7-sinfni boshlash arafasida edim. Maktabimiz direktori uyimizga keldi va ota-onamga farzandi uchun alohida o‘qituvchilar uyga kelib dars o‘tishlarini aytdi. Bu navbatdagi zarba edi. Axir men haliyam yurib ketishimga, bu oddiy kasallik ekaniga ishongan edim. Tabiiyki, avvaliga bundan bosh tortdim. Ammo direktorning uyimizga qayta-qayta kelib, menga qisqa muddat uyda ta’lim olib turishimni, tuzalib ketib maktabga chiqsam, sinfdoshlarimdan orqada qolmasligim kerakligini tushuntirgandagina rozi bo‘ldim. Shunadn keyin men maktabga faqat tadbirlarga va bayramlardagina aravachada borib turdim.
– Ota-onangiz o‘zlarini aybdor his qilsa kerak?
– Albatta. Dastlabki tashxisdan keyin ham boshqa shifokor, tabiblarga yugurdik. Moskvalik mutaxassislar ham, afsuski, oyoqqa turishim imkonsizligini aytishdi. Keyin umidimizni butunlay uzdik. Avvaliga sinfdoshlarim, ko‘chadagi odamlar ustimdan kulayotgandek tuyulardi. Keyinchalik bunga ham ko‘nikdim va o‘z-o‘zimga va’da berdim: odamlarning menga rahmi kelishiga yo‘l qo‘ymayman, ustimdan kulishiga ahamiyat bermayman. Sog‘lom odamlardan kam emasligimni isbotlash uchun ahd qildim. Hamma fanni a’lo bahoga o‘zlashtirib, maktabni qizil diplomga bitirdim.
Toshkent shahrida joylashgan imkoniyati cheklanganlar uchun ixtisoslashgan kollej borligini eshitib, ota-onamga maktabdan keyin o‘sha yerda tahsilni davom ettirmoqchiligimni aytgandim, ular buni qo‘llab-quvvatlashdi.
– Bilasiz, o‘zbek oilalarining aksariyati qizining uzoqda bo‘lishini xohlamaydi. Gapingizga qaraganda, ota-onangiz sizning qaroringizni rad etmagan?
– Albatta. Ular menga imkoniyati cheklangan farzand sifatida qarashmagan. Sog‘lom bolalarning ota-onasi ularga qanday munosabatda bo‘lsa, menga ham xuddi shunday muomala qilishgan. Mabodo meni Toshkentga jo‘natishmaganda edi, qarshingizdagi Maqsadoyning maqsadlari, orzulari to‘rt devordan nariga o‘tolmasdi. Shuning uchun ota-onamdan minnatdorman.
– Toshkentga keldingiz, kollejga kirdingiz, keyin oiladan uzoqda yashash qiyin bo‘lmadimi?
– Birinchi kuni kollejga borganimda xuddi o‘zim kabi insonlarni ko‘rdim. Umrimda hali ko‘zi ojiz yoki tanasining qaysidir qismi yo‘q odamlarni ko‘rmagan edim – qo‘rqib ketdim. O‘sha zahoti onamga telefon qilib, meni olib ketishlarini aytdim. Lekin dars tugashi bilan fikrimdan qaytdim. Chunki kursdoshlarim bilan bir necha soatlardayoq ahil bo‘lib ketgandim. Qolaversa, bir-birimizning dardimizni ko‘zimizdan tushunib turardik. Darsdan chiqqach, onamga qayta qo‘ng‘iroq qilib, shu yerda o‘qishimni aytdim. Onam ham bu qarorimdan mamnun edi, menga dalda bergan bo‘ldi. Ayni o‘sha yerda orttirgan do‘stlarim eng yaqin o‘rtoqlarim bo‘lishdi. Ular bilan haligacha uchrashib turamiz. Ingliz tiliga mehrim tushib, universitetga kirishga harakat qilganman. Ammo ketma-ket 3 yil talabalik baxti nasib qilmadi. U paytlar hali imkoniyati cheklanganlar uchun alohida kvota ajratilmas edi.
– Abituriyentlik payti ham oson bo‘lmagandir?
– Oson bo‘lmagan. Kollejni bitirib qishloqqa qaytganimda mendan endi turmushga chiqishimni kutishgan edi. Ammo ular bilgan Maqsadoy Toshkentdan olam-olam rejalar bilan qaytgandi. 3 yil uyda bo‘ldim. Mahallamizdagi talaba juvondan, keyin ingliz tili fani o‘qituvchisidan tilni o‘rgana boshlaganimda atrofdagilar menga ishonchsizlik bilan qarashardi. Uch yillik muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining ingliz tili filologiyasiga o‘qishga qabul qilindim. Bu orada tarix o‘qituvchimdan to‘qishni o‘rganib, har xil kiyimlar to‘qir, ularni telegram guruhimga joylab, sotardim. Shuning ortidan topgan ozgina pulim ham men uchun qadrli edi.
– Talaba bo‘ldingiz, Toshkenga kelganingizda ham qiyinchiliklar bo‘lgandir?
– Deyarli yo‘q. Kollejdagi tahsilda ancha pishib qolgandim-da. Lekin bu yerda kursdoshlarimning bilimi mendan ancha yuqori edi. Avvaliga qo‘rqqanman, ammo ulardan bilmaganlarimni o‘rgandim. Do‘stlarim ham vaqti va bilimini qizg‘anishmadi.
– Ayrim qizlar maktabni bitirib turmushga chiqib ketyapti. Ularga va ota-onalarga nima degan bo‘lar edingiz?
– Turmush o‘yinchoq emasligini aytgan bo‘lardim, u bir kunlik dabdabali to‘y bilan o‘lchanmaydi. Imkon borida qizlarimiz o‘qib, o‘z ustida ishlashi kerak. Chunki davlat tomonidan ajratilayotgan imkoniyatlar juda ko‘p. Ota-onalardan ham shuni iltimos qilgan bo‘lardim: agar qizingizning baxtli bo‘lishini istasangiz, albatta, unga o‘qish uchun imkon bering. Hatto imkoniyati cheklangan bo‘lsa ham. To‘rt devor orasida qolgandan ko‘ra, o‘qib, jamiyatga qo‘shilgani yaxshi.
– Maqsadoy, kelajakdagi rejalaringiz haqida aytsangiz.
– Rejalab qo‘ygan ishlarim ko‘p. Birinchisi – ingliz tilidan yaqinda topshiradigan IELTS imtihonidan yaxshi natija ko‘rsatish. Keyin magistraturani Vestminister universitetida o‘qimoqchiman. O‘zim kabi insonlar uchun o‘quv markaz ochish niyatim ham bor. Albatta, xorijiy mamlakatlarga sayohat qilish va sevimli mashg‘ulotim – to‘quvchilikni katta biznesga aylantirish niyatidaman.
– Samimiy suhbat uchun tashakkur, ko‘zlagan maqsadlaringizga erishing.
– Rahmat!