ENDI YANAYAM KUCHLI BO‘LISHINGIZ KERAK!
OTMga kirish imtihonlaridan yiqilish ko‘pchilik yoshlarda stressli kechadi. Bunday holatda o‘zini tushkun his qilish va qiyinchiliklarga duch kelish tabiiy. Lekin bu muvaffaqiyatsizlik hayotning so‘nggi nuqtasi emas. Bu bir muddatli sinov. Testdan yiqilgan abituriyentlar buni shaxsiy rivojlanish uchun imkoniyat sifatida ko‘rishi kerak.
Keyingi safar kuchliroq boʻlasiz
Zinatjon IBODULLAYEVA,
maktab o‘qituvchisi
O‘qituvchi sifatida ko‘plab o‘quvchilarimning imtihondan yiqilgandagi holatini kuzatganman va buning qanchalik qiyin bo‘lishini yaxshi tushunaman. Ammo unutmaslik kerakki, har bir muvaffaqiyatsizlik aslida qimmatli tajribadir. Bu tajriba yoshlarning shaxsiy rivojlanishiga, kelajakdagi yutuqlariga zamin yaratadi. Birinchi navbatda, muvaffaqiyatsizlikni qabul qila olish kerak. Ko‘pchilik o‘qishdan yiqilishni hayotdagi katta va tuzatib bo‘lmas xato deb qabul qiladi, o‘ziga bo‘lgan ishonchini susaytiradi. Aslida muvaffaqiyatsizlik o‘zingizni qayta kashf etishga, tahlil qilishga va qayerda xato qilganingizni aniqlashga undaydi. Masalan, agar siz matematika fanidan kamroq natija ko‘rsatgan bo‘lsangiz, demak matematikada bilimingiz kamroq, ammo bu zaiflikni imkoniyatga aylantirish o‘z qo‘lingizda.
Men o‘quvchilarimga doim shunday deyman: to‘xtab qolmang, buni tajriba deb qabul qiling va undan keyingi safar qanday muvaffaqiyatli bo‘lishingizni o‘ylab, qayta urinishdan qo‘rqmang. Har bir urinish, har bir xato sizning bilim va tajribangizni oshiradi. O‘zingizga savol bering: “Qaysi fandan ko‘proq tayyorgarlik ko‘rishim kerak?” va “Qaysi mavzularni chala o‘qidim?”
Mavzularni qayta ko‘rib chiqish, ko‘proq takrorlash va mavzuga oid testlar yechish muhimdir. Shuningdek, boshqa o‘quvchilar bilan birgalikda o‘qish yoki qo‘shimcha darslarga qayta borish ham muvaffaqiyatga erishishda yordam beradi. Unutmang, bugungi muvaffaqiyatsizligingiz ertaga sizni kuchli qiladi.
Muvaffaqiyatsizlik – eng yaxshi ustoz
Sevinch OTABOYEVA,
maktab psixologi
Imtihondan yiqilish ko‘plab yoshlar uchun katta sinov va qiyinchilik bo‘lib tuyuladi. Kutilgan natijaga erisha olmaslik, insonning o‘ziga ishonchini susaytirishi va kelajakka umidini so‘ndirishga qodir. Bunday abituriyentlar ko‘pincha o‘zlarini chuqur tushkunlikda his qiladi. Chunki kelajakni tasavvur qila olmaydi va shu yerda hammasi tugadi deb o‘ylaydi. Bu tabiiy reaksiya, hammada ham shunday bo‘ladi. Aytmoqchimanki, muvaffaqiyatsizlikning maʼnosiga chuqurroq nazar tashlasak, bu inson ruhiyatini o‘stirishga va shaxsiy rivojlanishga katta turtki beradigan imkoniyat ekanligini ko‘rish mumkin.
Psixolog sifatida taʼkidlamoqchimanki, muvaffaqiyatsizlik hayotimizdagi eng yaxshi ustoz. Men ruhiy tushkunlikka tushib qolgan abituriyentlarga avvalambor o‘z-o‘zini anglashlarini, xulosa chiqarishlarini va keyingi yil o‘qishga kirish uchun hozir nima qilish kerakligi haqida o‘ylashlarini tavsiya qilaman.
Muvaffaqiyatsizlik – hayotning bir qismi, muvaffaqiyatga erishishimiz uchun kerakli tajriba. Insonning haqiqiy kuchi muvaffaqiyatdan emas, muvaffaqiyatsizliklarini tahlil qila olishidan kelib chiqadi. Muvaffaqiyatsizlik bizni o‘zimiz bilan yuzma-yuz qoldiradi. Bu jarayonda eng muhim narsa – o‘zimizni tushunish, ishonish, o‘z oldimizga aniq maqsadlar qo‘yish va maqsadimizga erishish davomidagi qatʼiyatimizni yo‘qotmasligimizdir.
Qiyinchiliklar oʻtib ketadi
Dilnura YO‘LDOSHEVA,
talaba
Men ham universitetga kirish imtihonlaridan yiqilganman. O‘tgan bir yil haqiqatan ham juda qiyin bo‘ldi. Biroz muddat tushkunlikka tushib qoldim. O‘sha paytda orzularimni amalga oshira olmaganimni his qilib, kelajakdan qo‘rqardim va noaniq hissiyotlar ichida qolib ketdim. Hech kimni eshitgim, gaplashgim kelmas edi. Lekin biroz vaqt o‘tib, yaqinlarimning qo‘llab-quvvatlashi orqali o‘zimda motivatsiya topib, bor kuchimni qayta tayyorlanishga berganman. Ha, meni qo‘llab-quvvatlagan do‘stlarim, oila aʼzolarimning ishonchi, daldasi tushkunlikdan chiqishda yordam berdi. Qaytadan kurslarga bordim, bilimlarimni mustahkamladim.
O‘qishga kira olmaslik hayot tugadi degani emas. Muvaffaqiyatsizliklar sizni to‘xtatmasligi kerak! Aksincha, ular sizni yana-da kuchliroq qilishi lozim. Bu qiyinchiliklar vaqtincha, talaba bo‘lgan kuningiz hammasi bir lahzada o‘tib ketadi. Mana men misol, hozir talaba sifatida menga bu muvaffaqiyatsizlik juda oddiy holatdek ko‘rinadi.