bu adolat prinsiplariga qanchalik mos keladi?
Abituriyentlarga oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun imtiyozlar Prezident farmon va qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasining qarorlari asosida joriy qilinishi mumkin. Yildan-yilga ko‘payib kelayotgan imtiyozlar 43 ta edi. Yaqinda 44-imtiyoz e’lon qilindi.
Prezidentning joriy yil 25-oktabrdagi HYPERLINK "https://oyina.uz/editor/files/7172555.pdf"qaroriga koʻra, “Vatan tayanchi” bolalar va oʻsmirlar harbiy-vatanparvarlik harakati faoliyatini yanada kengaytirish, unda faol ishtirok etish hamda davlat umumtaʼlim maktablarini aʼlo baholar bilan tamomlagan yoshlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida taʼlim muassasalarida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilishi belgilandi. Jumladan, oliy harbiy taʼlim muassasalariga kirish uchun oʻquvchilarga taqdim qilinadigan imtiyozlar yana bittaga koʻpaydi. Unga ko‘ra, maktablarda 10-11-sinf o‘quvchilari uchun tarkibi 20 nafar bo‘lgan “Vatan tayanchi” otryadlari tuziladi va bunda faol ishtirok etgan 1 nafar o‘quvchiga OTMga kirishda tavsiyanoma beriladi. Tavsiyanoma orqali abituriyent to‘plagan balining 5 foizi miqdorida qo‘shimcha balga ega bo‘ladi.
5 xil imtiyoz bor
Imtiyozlarning 5 xil turi bor va qo‘shimcha imtiyozlar ham mavjud. Tabiiyki, abituriyentlar bu xabarni o‘qib, “men ham hech bo‘lmasa birortasiga ilinarmikanman”, degan xayolga boradi. Bu savolga esa – ha, albatta, harakat qilsang bas, deb javob berish mumkin. Hatto bir emas bir nechta imtiyozni qo‘lga kiritish ham o‘zingizga bog‘liq.
Bilim va malakalarni baholash agentligi rasmiy saytida keltirilgan 43 turdagi imtiyoz turli mezonlar bo‘yicha ajratilgan. Ular quyidagilar:
– imtihonsiz davlat granti asosida talabalikka tavsiya etish uchun asos bo‘luvchi imtiyozlar;
– imtihonsiz bazaviy kontrakt asosida talabalikka tavsiya etish uchun asos bo‘luvchi imtiyozlar;
– tegishli fan bo‘yicha imtihondan ozod etilib, ma’lum miqdorda ball berishga asos bo‘luvchi imtiyozlar;
– to‘plangan balga nisbatan qo‘shimcha ball beruvchi imtiyozlar;
– qo‘shimcha kvota doirasida tanlovda ishtirok etish uchun asos bo‘luvchi imtiyozlar.
Bundan tashqari, qo‘shimcha imtiyozlar ham mavjud. Bular orasida xalqaro va milliy til bilish sertifikatlari hamda tegishli fanlardan qo‘lga kiritilgan sertifikatlar uchun beriladigan imtiyozlar hammaga tanish. Yaqinda navoiylik abituriyent qiz 6 ta fandan milliy sertifikat olib, oldindan maksimal balni qo‘lga kiritgani ko‘pchilikka ma’lum. Ko‘rinib turganidek, bunday sertifikatni qo‘lga kiritish uchun mehnat qilish – ko‘p o‘qish kerak.
“Zulfiya”, “Mard o‘g‘lon”, “Nihol” davlat mukofotlari, “Tarbiyachi”, “Hamshira”, “Zakovat” tanlovlari yoki xalqaro olimpiadalar g‘oliblari hech qanday imtihonsiz grant yoki to‘lov-kontrakt asosida talaba bo‘lish imkoniga ega bo‘ladi. Bunday imtiyozlarni qo‘lga kiritish esa, oson bo‘lmaydi.
Erishish nisbatan osonroq imtiyozlar – mahalladagi “daftar”lardir, agar mezonlariga mos kelsangiz. Mabodo bu bo‘lmasa, 5 yillik ish stajiga ega bo‘lganlar uchun imtiyoz bor. Lekin odatda, diplom ishga kirish uchun kerak, ishga kirib olgan odamda o‘qish ishtiyoqi pasayadi.
Imtiyozga ega bo‘lishning uzoq muddatli strategiyalaridan biri – farzandingizni prezident maktablari yoki ixtisoslashtirilgan maktabga o‘qishga solish. Shunda ularning so‘zsiz talaba bo‘lishini oldindan kafolatlab qo‘yasiz. Aytgancha, “Temurbeklar maktabi”da o‘qitish ham zo‘r variant. Chunki bir necha yillardan beri OTMga kirish imtihonlarida to‘planayotgan 200 dan yuqori ballarning askari shu maktab bitiruvchilariga tegishli. Xullas, imkoniyat ko‘p...
Alohida kvota qanday ajratiladi?
“Temurbeklar maktabi” bitiruvchilariga beriladigan imtiyoz bir necha yillardan beri boshqa abituriyentlarni qiynab keladi. Har yili mandatdan so‘ng jonkuyar journalist va blogerlar shu adolatsizlik haqida yozardi. E’tirozlar o‘rganilib, “Temurbeklar maktabi” bitiruvchilariga qo‘shimcha kvota ajratilishi belgilandi. Bu haqda huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev: “Eng muhimi, endi “Temurbeklar maktabi” bitiruvchilari boshqalarga xalaqit bermaydi. Nihoyat bizni eshitishdi, rahmat”, deydi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Ammo bu kvota nimaning hisobidan ajratiladi? Shartli aytadigan bo‘lsak, amaldagi 200 ta kvota 150 taga kamaytirilib, 50 tasi imtiyozlilar uchun rasman ajratiladimi yoki 200 ta kvota 250 taga yetkaziladimi? Qo‘shimcha kvota deb bong urilayotgan o‘rinlar boshqa abituriyentlarning haqqidan kesib olinmayaptimi, degan xavotir yo‘q emas.
O‘z bilimi bilan o‘qishga kira olmaydimi?
OTMga kirishda imtiyoz taqdim etadigan ixtisoslashtirilgan maktablar soni ortmoqda. Lekin bunday maktab bitiruvchilariga imtiyoz berishda biror mantiq bormi? Bu haqda bloger Shahnoza Soatova shunday fikr bildirgan edi: “Maxsus maktablarda alohida maxsus sharoitlar, yaxshi o‘qituvchilar, ta’lim sifati yuqori bo‘lsa-da, yana uning bitiruvchilari imtiyoz bilan oliy ta’lim muassasasiga kirsa. Boshqa soliq to‘lovchilarning repetitorga qatnab o‘qigan farzandlari umidi so‘nadi-ku”. Afsuski, bu masala hali yechimini topgani yo‘q.
Qishloq maktablarida, og‘ir sharoitda o‘qib, yaxshi ball to‘plagan abituriyentlarning haqqi emasmi bu kvotalar? Ixtisoslashtirilgan maktabda sifatli ta’lim olgan o‘quvchilar uchun imtiyoz shartmi o‘zi? Ular o‘z bilimi bilan shundoq ham oldingi qatorlarda o‘qishga kirishi kerak-ku!
Aslida imtiyoz kimga va nima uchun berilishi lozim?
Ijtimoiy adolat prinsipi?
Yildan yilga “semirib” borayotgan imtiyozlarning askari o‘ziga to‘q, muhtojligi bo‘lmagan oilalarga beriladi. Jumladan, ichki ishlar, bojxona organlari xodimlari va harbiy xizmatchilarning farzandlariga va hokazo. Imtiyozlar ma’lumotnomasida yozilishicha, bu imtiyozlar xizmat paytida vafot etgan yoki tan jarohati olgan xodimlarning farzandlari uchun ajratiladi. Albatta, ularga imtiyoz berish juda oqilona ish. Lekin bu boshqa abituriyentlarni talabalik baxtidan mosuvo qilish hisobiga shakllanishi adolatsizlikdir.
O‘ylab ko‘raylik, nogiron, ota-ona qaramog‘isiz qolgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj abituriyentlar imtihonda yuqori ball yig‘a olsagina grand asosida o‘qiydi. Ota-onasi organda ishlamagani ularning aybi emas-ku!
Ayni paytda hokim yordamchilari uchun ham qo‘shimcha imtiyoz belgilangan. Bunga o‘xshash imtiyozlarni sanashga barmog‘ingiz yetmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining II bo‘lim, V bob, 19-moddasida “O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeyidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar.
Imtiyozlar faqat qonunga muvofiq belgilanadi va ijtimoiy adolat prinsiplariga mos bo‘lishi shart”, deyilgan. Xo‘sh, yuqoridagi holatlar ijtimoiy adolat prinsiplariga mos kelishini biror mas’ul tushuntirib bera oladimi?!
Imtiyozlar ko‘payib, abituriyentlar kamaymoqda
2024-yilda abituriyentlar soni sezilarli kamaygan. Ya’ni bu yil o‘qishga hujjat topshirganlar jami 894 ming 279 nafarni tashkil qildi. O‘tgan yillarda bu ko‘rsatkich 1 milliondan oshgan. Qiziq, yoshlarning o‘qishi, bilim olishini ta’minlash uchun yildan yilga imtiyozlar oshib bormoqda-yu, o‘qishni xohlovchilar soni kamaymoqda. Balki buning sabablari haqida ham chuqurroq o‘ylab ko‘rish kerakdir. Balki abituriyentlar adolatsizlik qurboni bo‘lishdan ko‘ra, chetda o‘qishni yoki ishlab pul topishni afzal ko‘rayotgandir...