Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

“INKLYUZIV O‘ZBEKISTON” - YOSHLAR BILAN!

21.9.2022 306

Nilufar MATKARIMOVA, Yoshlar ishlari agentligining ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar bilan ishlash bo‘limi bosh mutaxassisi

Yoshlar ishlari agentligi tashabbusi bilan sentabr oyida yurtimizning tarixiy shaharlariga nogiron yoshlar uchun “Inklyuziv O‘zbekiston” sayohati tashkil etilmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 50 nafardan, jami 700 nafar imkoniyati cheklangan yosh Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz shaharlariga sayohat qiladi.

Jumladan, xorazmlik yoshlar ikki kun davomida Buxoro viloyatining tarixiy manzillari – Ark, Bolo hovuz masjidi, Poyi Kalon, Minorayi kalon, Ulug‘bek va Mir arab madrasalari, Labi hovuz, Sitorayi Mohi Xosa kabi madaniy meros yodgorliklari va tarixiy qadamjolarni tomosha qildi. Shuningdek, Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qildi. Navoiy viloyatidan 50 nafar yosh Xorazm viloyatining qadimiy va ko‘hna Xiva va Urganch shaharlariga sayohat qildi. Sayohat davomidagi barcha xarajatlar Yoshlar ishlari agentligi jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘lab berildi.

Sayohatning birinchi kuni Urganch shahrining diqqatga sazovor joylari: Jaloliddin Manguberdi monumenti, 3 ming yillik tarixga ega Avesto majmuasi bilan tanishishdi. Xorazm viloyati Yoshlar markaziga ham “Inklyuziv sayohat” tashkil etildi.

Urganch shahrining istirohat bog‘ida madaniy hordiq chiqarishdi. Sayohatning ikkinchi kuni yoshlar “ochiq osmon ostidagi muzey shahar” – Xivaga yo‘l oldi. Ichan qal’a va Dishan qal’alar, u yerda joylashgan har bir minora-yu tarixiy qadamjolarni ziyorat qilib, tarixi bilan bog‘liq ko‘plab qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘ldi.

Qoraqalpog‘istonlik 50 nafar nogiron yoshlar ham Buxoroda bo‘ldi. Sayohat Bahouddin Naqshband majmuasini ziyorat qilish bilan boshlandi. Sayohat davomida Buxoroning eski shahar qismida joylashgan Ark, Labi hovuz, Chor minor, Mir arab madrasasiga hamda Sitoroyi Mohi Xosa majmuasiga tashrif buyurishdi. Sayohatlarimiz davom etmoqda, yurtimizning boshqa hududlaridagi imkoniyati cheklangan yoshlar ham tarixiy shaharlarimizni ko‘rib,vaqtlarini chog‘ o‘tkazishadi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish