Bugungi kunda Jizzax viloyatida nogironligi bo‘lgan yoshlar (30 yoshgacha) 10 ming 443 nafarni tashkil qiladi. Ularga bepul va sifatli taʼlim olishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Yil boshidagi xatlov va o‘rganishlar natijasida 305 nafar nogiron yigit-qiz “Yoshlar daftari”ga kiritilib, 251 nafariga amaliy yordam ko‘rsatildi. Bugungi kunga qadar bu yoshlarga asbob-uskuna va mehnat qurollari, davolanish xarajatlari, moddiy yordam va kontrakt pullari uchun 654,4 million so‘m to‘lab berildi. Imkoniyati cheklangan yoshlarni nafaqat ijtimoiy himoya qilish, balki ularning shaxsiy rivojlanishi va ta’lim olishi borasida ham chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda. Mamlakatimizda alohida yordamga muhtoj bolalarning rivojlanish darajasi, imkoniyatlari va qobiliyatiga ko‘ra maxsus yoki umumiy ta’lim tizimida o‘qishi uchun inklyuziv ta’lim markazi tizimi amalga oshirilmoqda. Inklyuziv ta’lim vazifasi bolalarning qobiliyati va holatidan qat’i nazar, ularning barchasiga sifatli ta’lim berishdan iborat. Inklyuzivlik bunday bolalar ijobiy ruhiy va ijtimoiy rivojlanishi uchun oilada yashashi va o‘z tengdoshlari bilan oddiy maktabda bilim olishi lozimligini nazarda tutadi. Inklyuziv ta’lim tizimi nogironlar aravachasidagi bola yaqin atrofda joylashgan har qanday maktabda ta’lim olishi, o‘zlashtirishda qiynalayotgan bo‘lsa, o‘qish va yozishga o‘rganish uchun maxsus yordamga ega bo‘lishi, darslarga qatnamay qo‘ygan bolaga esa maktabga qaytish uchun tegishli yordam ko‘rsatilishini kafolatlaydi. Bu borada Yoshlar ishlari agentligining Jizzax viloyati boshqarmasi qoshida tashkil etilgan “Inklyuziv ta’lim markazi”ga may, iyun, iyul, avgust oylarida jami 74 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar qamrab olindi. Ko‘rsatilgan yordamdan so‘ng ularning 29 nafari sog‘aydi. Hozir markazda 45 nafar bola tahsil olmoqda. Shundan “Logopediya” to‘garagida 28 nafar, “Qo‘l mehnati” to‘garagida 17 nafar bola ishtirok etadi. “Logopediya” to‘garagi (zaif ko‘ruvchi, zaif eshituvchi, nutqida kamchiligi mavjud, rotatizm) o‘quvchilariga yakka tartibda va frontal yondashgan holda turli mashg‘ulotlar o‘tilyapti. Masalan, nutq nuqsoniga ega bo‘lgan o‘quvchilar bilan logopedik mashg‘ulot, zaif ko‘ruvchi o‘quvchilar bilan sezuvchanlikni oshirish mashqlari, zaif eshituvchi o‘quvchilar bilan imo-ishora mashqlari, frontal tarzda esa diqqat-e’tiborni jamlash, xotira va fikrni to‘liq ifodalash didaktik o‘yinlari o‘tkazilyapti. “Qo‘l mehnati” to‘garagida ham shu tartibda mashg‘ulotlar olib borilmoqda. Nogiron yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvatlash maqsadida joriy yil 8-16-avgust kunlari Jizzax viloyati hokimligi hamda qator mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda 100 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj yosh Forish tumani “Koinot” oromgohiga dam olish uchun yuborildi. Oromgohda Ikkita fitobar, axborot-resurs markazi, ma’naviyat va ma’rifat xonasi, mashg‘ulot zallari tashkil etilib, ingliz tili, tasviriy san’at, mohir qo‘llar, kompyuter savodxonligi kabi o‘n beshga yaqin to‘garakda malakali murabbiylar mashg‘ulot olib bordi. Tibbiyot bo‘limida fizioterapiya muolajalari, fitodavolash xizmatlari, jismoniy tarbiya mashqlari tashkil etildi.