Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

INNOVATSION YONDASHUVLAR ta’lim samaradorligiga erishishning asosiy shartidir

12.7.2023 4102

Azizjon KUTLIMURODOV, Ipak yo‘li innovatsiyalar universiteti Bosh direktori – boshqaruv raisi. Shuhrat ATAYEV, O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor. Muzaffar YO‘LDOSHYEV, Iqtisodiyot va pedagogika fakulteti dekani

Innovatsion yondashuvlar ta’lim tizimini modernizatsiyalash va ta’lim samaradorligiga erishishning asosiy shartidir. Zero, bugungi kun yoshlarining tanlagan sohasiga qiziqishini yanada oshirish, layoqati bor yigit-qizlarni ta’limga va mutaxassisligiga to‘g‘ri yo‘naltirish ta’lim-tarbiyada erishajak yutuqlarimiz samarali bo‘lishini ta’minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida “... oliy ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, hududlarda davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etish asosida oliy ta’lim bilan qamrov darajasini 50 foizdan oshirish, sohada sog‘lom raqobat muhitini yaratish” vazifasi qo‘yildi.

Yangi tahrirdagi “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunda “Davlat ta’lim standartlari va davlat ta’limi talablariga muvofiq ta’lim xizmatlarini ko‘rsatuvchi nodavlat ta’lim tashkilotlari bitiruvchilariga davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlarni beradi”, deb belgilab qo‘yildi. Ya’ni tegishli tashkilotlarning litsenziyasiga ega xususiy oliy ta’lim muassasasi diplomi davlat oliy ta’lim muassasalari diplomlari bilan bir xil maqomga ega.

 Yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyada “Har kim ta’lim olish huquqiga ega. Davlat uzluksiz ta’lim tizimi, uning har xil turlari va shakllari, davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari rivojlanishini ta’minlaydi”, deyiladi. Ya’ni davlatimiz davlat ta’lim tashkilotlari bilan bir qatorda, nodavlat ta’lim tashkilotlarini rivojlantirishni ham o‘z zimmasiga olyapti.

Yoshlarning oliy ta’limga qamrovini oshirish, bandligini ta’minlash, zamonaviy bilim va yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega, yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, oliy ta’limni modernizatsiya qilish, ilg‘or ta’lim texnologiyalariga asoslangan holda ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish borasida ko‘zga ko‘ringan natijalarga erishilmoqda.

 Ipak yo‘li innovatsiyalar universiteti tashkil etilishi ham ana shu islohotlar samarasi, deb ayta olamiz. Tashkil etilganiga hali bir yil bo‘lmasa-da, oliy ta’lim muassasamiz qisqa muddatda yutuqlarga erisha boshladi. Zamonaviy kompyuterlar, bir yarim million kitob fondiga ega elektron kutubxona, 15 mingga yaqin o‘quv va badiiy adabiyot jamlangan axborot-resurs markazi, televizorlar, elektron doskalar, zamonaviy mebellar mavjud. Hozir universitetimizda iqtisodiyot (tarmoqlar va sohalar bo‘yicha), boshlang‘ich ta’lim va pedagogika hamda psixologiya yo‘nalishlarida ta’lim berilmoqda. 2023/2024-o‘quv yilidan bakalavriat bo‘yicha 10 ta, sirtqi ta’lim bo‘yicha 10 ta va magistratura bosqichida 4 ta yo‘nalishda ta’lim beriladi.

Universitetimizda Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-dekabrdagi “Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim jarayonini tashkil etish bilan bog‘liq tizimni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, akademik mobillik asosida mamlakatimizning turli hududlarida pedagogika yo‘nalishida o‘qiyotgan talabalar ham ta’lim olmoqda. Ularning yashash hududlari va ijtimoiy holati to‘g‘risidagi ma’lumotlar “HEMIS” axborot tizimiga yuklangan.

Ta’lim tizimiga raqamli texnologiyalarni keng joriy qilishga e’tibor qaratmoqdamiz. Xususan, har bir fakultetda ma’ruza mashg‘ulotlari uchun mo‘ljallangan “smart” auditoriyalar yaratish, ARM fondini raqamlashtirish va elektron tizimga o‘tkazish, ta’lim jarayonida xalqaro miqyosda keng qo‘llaniladigan zamonaviy dasturiy mahsulotlardan foydalanishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda. Axborot-resurs markazi zamonaviy kompyuterlar bilan ta’minlangan.

Bir so‘z bilan aytganda, Ipak yo‘li innovatsiyalar universiteti yurtimizda bilimli, malakali mutaxassis kadrlar tayyorlashda istiqboli porloq oliy ta’lim muassasasi bo‘lishiga ishonamiz va shu maqsad yo‘lida harakat qilamiz. Zero, bu dunyoda yoshlarga ta’lim berishdek sharafli vazifaning o‘zi yo‘q.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish