Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

"Ming so'mdan, akajonlar"

29.2.2024 218

Ilhomjon ABDUSALOMOV, "Mahorat maktabi" tinglovchisi

Mobil globallashuv davrida yashayapmiz. Soniya sari o‘zgarayotgan hayot tarzi, albatta , bugungi davr texnologiyalariga chambarchas bog‘liq. Ayni damda butun insoniyatning “maslakdoshi”, kezi kelganda “virtual do‘sti” ga aylangan ijtimoiy tarmoqlar millionlab ko‘zlarni o‘ziga qaratgan.

Bugun ko‘cha, maktab-u oliy o‘quv yurtlari, jamoat transportlari, bozorlarda, umuman inson qayerda gavjum bo‘lsa, ana o‘sha yerda odamlar qimmatli vaqtini Instagramdagi kontentlarni tomosha qilishga sarflayotganiga  ko‘zingiz tushadi.

Foydali, saviyali chiqishlar bo‘lsaku, mayli, lekin ayrim “bloger”larimizning kurakta turmaydigan so‘kish-u qarg‘ishlari, qaysi kiyimini qanchaga olgani, kechki ovqatga nima yeganini bilishdan beriga o‘tmaymiz. Keling, o‘tgan yildagi Instagramdagi “ijod namunalari”ga nigoh tashlasak. “Ming so‘mdan, akajonlar”, “So bo‘laslar”, “Banan (vaziyatga qarab o‘zgaradi)  yevomman”, “Falonchining sharmanda videosi tarqaldi. Davomi akkauntimda” singari trenddagi gaplar, zamon teskari aylanib, yigitlarning chiroyini ko‘z-ko‘z qilishi, maktab o‘quvchilarining dars mashg‘ulotlarida bilim olmay, sinf xonalarida   tarmoq sahifalari uchun “yegan-yemagan” material tayyorlashi ta’bingizni xira qiladi. Ko‘plab kontentlar be’mani, tuturiqsiz hamda  ko‘p holda uyat va hayosiz ruhda taqdim etilyapti. Negadir, kulgili bo‘lmagan, sayoz gaplar, media mahsulotlari  butun millat hayotiga kirib kelib, odamlar tilida anchagina “urchib” yuradigan bo‘ldi.

Depressiya va agressiv kayfiyat

Ijtimoiy tarmoqlar ichida eng xavflisi ham instagramdir. Britaniya Sog‘liqni saqlash tashkiloti mutasaddilari 14 yoshdan 24 yoshgacha bo‘lgan 1,5 mingga yaqin yoshlar orasida ijtimoiy so‘rovnoma o‘tkazdi. Natijada, muntazam instagramga kiradiganlar orasida depressiya va agressiv kayfiyat yuqori ekani aniqlandi. O‘smirlar orasida ushbu tarmoq foydalanuvchilari doimiy charchoq va uyqusizlikdan shikoyat qilgan.

Instagramning eng salbiy ta’siri xudbinlik xarakterini uyg‘otishidir. Do‘stingiz yoki hamkasbingizning sahifasini kuzatib, undagi zo‘r sharoitlarni o‘zingizniki bilan taqqoslaysiz va o‘z-o‘zidan sizda, “nimaga unda bori menda yo‘q”, degan savolni paydo qiladi. Eng yomoni, insonning o‘ziga bo‘lgan ishonchini so‘ndiradi.

Yoshlar ijtimoiy tarmoqda dadilroq

Ijtimoiy tarmoqlarda yoshlar hayotdagidan koʻra dadilroq, mulozamatsiz va hatto shafqatsizroq. Ikki shaxs koʻz-koʻzga tushganda aytolmaydigan gaplarini internetda bemalol aytadi. Real hayotdagi xulq bilan parallel ravishda ijtimoiy tarmoqlarda oʻzgacha, oʻziga xos odob shakllanmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, real hayotdagi odamlar bilan muloqotda muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Eng achinarlisi, ko‘plab yoshlarning “instabloger”larga havas, taqlid qilishidir. Ularning fikri faqat tezroq mashhur bo‘lish, obunachi ko‘paytirish, reklama narxlarini yozib, shundan daromad qilish, maishat, qimmatbaho mashina, hashamatli uy...

Mashaqqatsiz harakat ortidagi  yengil-yelpi hayot, odamlar ongida yomon taassurot bilan eslanishni xohlayotganlarning tobora ko‘payayotgani achinarli. Vaziyat shu holda ketsa, millat mintaliteti, qadriyatlarining yo‘qotilayotganiga achchiq-achchiq o‘kinamiz. Qayoqdagi jimjimadorlik va nafsga uchib, yana bir avlodni boy berib qo‘ymaylik.

Virtual olamdagi me’yor

Instagram — dunyoning media  minbari. Bu minbarda o‘zbeklar ham bor. Kerakli, foydali barcha uchun birdek yoqadigan mahsulot tayyorlash oson ish emas. Mazkur tarmoqda o‘zbeklar yaratgan  ma’naviy, ibratli ozuqa beradigan, insonlar yashash muhitiga sezilarli o‘zgarish olib kiradigan bloglar, sahifalar ko‘p. Til o‘rganish deysizmi, hunar yoki kasb, ko‘nglingiz va hamyoningizga to‘g‘ri keladiganlaridan istagancha topiladi.

Bugun hech kimning zamonaviy axborot vositalaridan, jumladan, internetdan foydalanishini taqiqlash mumkin emas va shunday yo‘l tutilsa, bu katta xatolik ham, albatta. Ammo hamma narsaning o‘z me’yori, madaniyati bo‘lganidek, virtual olamdagi chegaralarimizni ham belgilab olishimiz zarur.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish