Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

INTERNETDAN BAXT TOPSA BO‘LADI...(MI?)

13.1.2023 300

Shahribonu RAHMATOVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

“Yaxshi qiz mahalladan ortmaydi” degan gap bor. Biroq kimdir peshonasiga yozilgan juftini mahalladan topsa, birov yerning u burchagida uchratib qolishi ham mumkin. Xalqimizda azaldan boshqa hududga, o‘zga millat yoki din vakiliga qiz berish yoki kelin olish odati boʻlmagan. Hozir ham bunga jiddiy qarovchilar koʻp.

Lekin zamon o‘zgarmoqda. Internet orqali tanishib, oila qurayotgan, hatto chet elga, o‘zga din, millat vakillariga turmushga chiqib ketayotganlar ham ko‘paydi. Ayniqsa, oxirgi yillarda qizlarning Turkiya yoki Koreyaga kelin boʻlishi odatiy holga aylanmoqda. Bu ongimizdagi ota-ona va qarindoshlar roziligi asosida, sinalgan inson bilan oila qurish lozim, degan qolipni yemirmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda “Sovchilar”, “Tanishuv” kabi kanal va guruhlarga koʻzingiz tushgandir. Juft izlab eʼlon beradigan insonlar yoshi, boʻyi, vazni, millati, oilaviy holati, maʼlumoti, ish joyi va juftiga talabalarini yozib, bogʻlanishlari uchun oʻzining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasini, asosan, telegramini qoldiradi. Talabgorlar esa u bilan bogʻlanishi mumkin, ikkovi kelishib ketolsa, oila quradi, yoʻqsa, munosabatni to‘xtatadi.

Aksariyat holatlarda bunday tanishuvlar bir-birini qolipda turmaydigan soʻzlar bilan haqoratlash va “qora roʻyxatga solish” bilan tugaydi. U raqamingizni bilmasa, tanimasa, hayotda koʻrmagan boʻlsa, qayerdan ham topardi. Ha, toʻgʻri eshitdingiz, bu “soha”da yolgʻonchilar talaygina, deyarli hamma tanishuvchilar kimligini bildirmaslik uchun noaniq akkauntlardan foydalanadi.

Buncha maʼlumotni qanday aniqlaganimizga qiziqyapsizmi? Biz yuqoridagi savollarga javob topish uchun shu xizmatdan “foydalanib koʻrdik”, soxta maʼlumotlar bilan ariza toʻldirdik. “Sovchilaruz” va unga hamkor 2-3 ta kanalda bir martalik eʼlon joylash narxi 30 ming soʻm ekan. Eʼlon joylangani zahoti xabarlar yogʻilib kela boshladi va ikki kunda nomzodlar soni 350 taga yetdi.

Maʼlumotlar soxta yoki rostligiga kanal admini eʼtibor bergani yoʻq, demak, boʻlajak kelinlar-u kuyovlar ichida yolgʻonchilar juda koʻp, bir kishi bir qancha shaxs nomidan yozayotgan boʻlishi ham mumkin. Yaʼni siz kimga ishonish mumkin, kim rostdan ham oila qurish niyatida ekanini, kim eʼlondagi suratidan butunlay farq qilishini aniq bila olmaysiz. U yerda kasbi, yoshi, yashash manzili, psixologik holati turlicha boʻlgan insonlar bor.

Savol tugʻiladi, shu yoʻl bilan ham baxtini topgan insonlar bormi? Ha, kuzatuvimiz davomida bir nechta juftlikni uchratdik. Biroq baxtini topganlardan ko‘ra, “tili kuyganlar” koʻproq. Vodiylik hamyurtimiz Asilaning fikrlarini tingladik: “Birinchi turmushim oʻxshamadi, ancha payt tushkunlikda yurganimdan soʻng atrofdagilarning gapi sabab ham yana oila qurishim kerakligini tushundim. Yangi muhit, yangicha hayotda yashashni istardim, oʻtmishimni va qalb ogʻriqlarimni eslatmaydigan kishi bilan oila qurish niyatida edim. Shu sabab umuman begona inson bilan tanishgim keldi. Bilasiz, buning eng oson yoʻli ijtimoiy tarmoqlar. Men ham eʼlon berdim, koʻp insonlar yozdi. Ulardan biri bilan tez-tez yozishib turadigan boʻldim. Men andijonlik, u samarqandlik edi. Taxminan ikki oy faqat xabarlashib turdik, bir-birimizni oʻrgandik, keyin koʻrishdik, oila qurishga qaror qildik. Toʻyimiz ham imi-jimida boʻldi. Birga yashay boshlaganimizda turmush oʻrtogʻim kundan kunga koʻproq bosim oʻtkaza boshladi. Tabiiyki, janjallar boshlandi. To‘ydan oldin u bilan telegramda emas, real hayotda ko‘rishib, gaplashganimda xato qilmagan bo‘lardim, u menga yozgan xabarlaridagi kabi muloyim va mehribon emasdi. Baʼzida qoʻshnilar “Biz bunga hech kim tegmasa kerak, deb oʻylardik, kelin. Sizga qoyil”, deyishardi.  Ikkinchi oilam ham buzilib ketishini istamadim, sabr qildim. Lekin janjallar jon-jonimdan oʻtib ketganidan ota uyimga qaytdim. Oradan bir oy oʻtib, turmush oʻrtogʻim qaytarib olib ketdi. Qiz farzandli boʻldik, hozir Andijon-u Samarqand oʻrtasida sarsonman”.

Albatta, juft izlab, hayoti oʻxshamay qolgan insonlar aybdor emas. Ijtimoiy tarmoqlar orqali tanishib, yurtimizning bu burchagidan-u burchagiga kelin boʻlib ketadiganlarni ham tushunamiz. Ammo bu yoʻl orqali baxtsizlar soni yana ham oshib ketishi mumkin. Shunday paytlarda yoshi kattalar, mahalla-koʻy, mahallalardagi xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchilari ham mas’uliyatni qo‘lga olib, yanada e’tiborliroq bo‘lishi zarur. Ehtimol, shu tizim xodimlari boʻlajak kuyov yoki kelinning mahallasi, tumanidagi xotin-qizlar qoʻmitasi bilan bogʻlanib, berilgan maʼlumotlar rost yoki yolgʻonligini aniqlashtirsa, surushtirsa, bir-biriga qop-qop vaʼdalar berib, aldanib qolayotgan insonlar kamaygan boʻlardi, ehtimol.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish