Ko‘pchilik tengdoshlarimning bo‘ynida kredit qarzdorligi bor. Ba’zilari hatto kreditga nimadir olishdan oldin to‘liq hisob-kitob ham qilib ko‘rmagan. Ularni oyiga necha pul to‘lashi qiziqtiradi, umumiy narx haqida esa o‘ylamaydi.
Ayrimlarining doimiy daromad manbayi yo‘q, ammo qo‘lida 1000 dollardan qimmat iPhone! Uni olishdan asosiy maqsad esa shunchaki tengdoshlari orasida ajralib turish, qisqasi, oliftagarchilik. Qimmat telefonlar bilan ko‘zgu qarshisida suratga tushib, ijtimoiy tarmoqlarda namoyish qilishadi. Bu bilan o‘zlarini baxtli va muvaffaqiyatli ko‘rsatmoqchi bo‘lishadi. Aslida esa ular har kuni qarz yukidan aziyat chekib, doimiy stress ostida yashaydi. Hatto ba’zi hollarda kunlik ovqatlanish xarajatlarini qisqartirib, to‘lovlar uchun “qora ishlar” qilishga majbur bo‘ladi. Shu sababli, bu gadjetning asl bahosi nafaqat pulda, balki ularning sog‘ligi va ruhiy holatida ham aks etadi.
Meni hayratga soladigan yana bir holat yoshlarning tengdoshlar bosimiga berilishidir. Ular boshqalardan ortda qolishni istamaydi va o‘zlarini moliyaviy xavf ostiga qo‘yadi. Ba’zilarga “Falonchida iPhone bor, menda haliyam Redmi, kreditga bo‘lsayam iPhone olishim kerak” degan o‘y tinchlik bermaydi.
Ishoning, “iPhone 16” chiqar ekan, hammadan birinchi olishim kerak degan vasvasa bilan yashayotganlarni bilaman. Lekin cho‘ntagida sariq chaqa ham yo‘q. Ijtimoiy tarmoqlarda “muvaffaqiyatli hayot” ko‘rinishlari, qimmat buyumlar bilan maqtanilgan post va “istoriyalar” ularni tezroq va osonroq shunday hayotga erishishga undaydi. Buning oson yechimi esa, albatta, kredit!
Bilasizmi, bu vasvasa bilan kasallanganlarga gapirganning foydasi yo‘q. U hech kimni eshitmaydi va baribir oxiri kredit oladi. Kredit bermasayam, bir ilojini topadi. Nihoyat iPhone olinadi. Birinchi oy juda ajoyib o‘tadi. Keyingi oydan esa to‘lov qilish kerak. Endilikda uning har oylik krediti uni nechadir kunlar ovqatlanmasdan och qolishga, har oy kimdandir qarz olishga, bora-bora deyarli hammadan qarz bo‘lib, qiyin ahvolda qolishiga sabab bo‘ladi (“rolton” yeb o‘tirib, Instagramda bironta kafedagi qimmat ovqatlarni “istoriya” qilishlariga o‘laymi?!).
Ba’zi hollarda kreditning oylik to‘lovini to‘lash uchun banklardan mikroqarz olishadi. Bu yana bir yuqori foizli kredit degani. To‘g‘ri, bu biroz vaqtga vaziyatdan qutqarishi mumkin, biroq sal keyin vaziyatni battar murakkablashtiradi. O‘zlari his qilmasalar ham, ular borgan sari tobora “chuqurroq botib qolishadi”.
Keling, aniq hisob-kitob qilib ko‘ramiz. Masalan, agar o‘rta hisobda 13 million so‘m turadigan iPhone sotib olish uchun 3 yilga rejalashtirilgan kredit olinsa va yillik foiz stavkasi 30% bo‘lsa, kreditning har oylik to‘lovi taxminan 615 000 so‘m bo‘ladi. Ha, bu boshida arzimagan puldek ko‘rinadi. Bahonada iPhoneli bo‘laman deb o‘ylaydi. “Oylik to‘lovlar unchalik qimmat emas-ku” degan xayol bilan shoshilib qaror qabul qilinadi. Lekin telefonning yillik foizi bilan yanada qimmatlashishini tushunishmaydi.
Umumiy hisob-kitobga keladigan bo‘lsak, 3 yil davomida jami to‘lanishi kerak bo‘lgan summa 22 140 000 so‘m bo‘ladi. Bu telefonning dastlabki narxidan 9 140 000 so‘mga ko‘proqdir. Bu degani qariyb 70% ortiqcha to‘lanadi degani. Boshida bu qanchalik osondek tuyulsa ham, oxir-oqibatda ochiq qolgan qarzlar, oshib borayotgan to‘lovlar va penyalar oddiy talaba uchun murakkab vaziyat yaratadi.
Bunday holatlar moliyaviy savodxonlikni oshirish zarurligini, jamiyatdagi iqtisodiy bilimsizlikni ko‘rsatadi. Yoshlar o‘zlariga kerak bo‘lgan narsalar va ehtiyojlarini rejalashtirishda diqqatli bo‘lishi, kredit olishdan oldin uning barcha moliyaviy oqibatlarini to‘liq tushunishlari kerak. Yaxshi rejalashtirilgan xaridlar va hisob-kitoblar hayotni ancha osonlashtirishi mumkin. Kreditlar esa, agar ular ehtiyotkorlik bilan boshqarilmasa, moliyaviy qiyinchiliklarga olib keladi.
Behruz RAJABOV