“Onamga dori olish uchun shifoxona ko‘chasi bo‘ylab yurdim. Yupun kiyingan bir ayol chiqib qoldi, “sizam dorixonaga ketyapsizmi” dedi-da, yo‘l-yo‘lakay gap qo‘shdi:
– Erim operatsiya bo‘ldi, ertaga yana operatsiya qilishadi. Buyragida tosh bor ekan.
– Hm (boshqacha gap topolmadim).
– …oldin umuman kasal bo‘lmaganman, shu er, bola-chaqa deb yashadim-da. Mening mana bu yerim ancha yillardan beri og‘riydi, – dedi oshqozonini ko‘rsatib. – Shu yerga kelganda tekshirtiray dedim. Shunga bugun erimdan ruxsat so‘radim, dori ukol olsam, maylimi deb.
– Ruxsat so‘radim? Davolanish uchun-a?
– Ha, erimga ko‘p pul ketyapti, menam boshiga balo bo‘laman-da...
– Agar eringiz yo‘q desa davolanmaysizmi?!
– Davolanmayman.
Ijtimoiy tarmoqdagi bir postdan parcha bu. Bir qarashda oddiy holat, oilaning moliyaviy tang ahvolda ekanidan achinish kerakdek. Ammo bu yerda iqtisodiy zo‘ravonlikning bir ko‘rinishi ham aks etgan. Bu turdagi zo‘ravonlik shu darajada jamiyatga singib, oddiy holga aylanganki, zo‘ravonlik deyishga ham andisha qiladi kishi. Eridan yashirib, nimadir olish uchun bir so‘m-ikki so‘m qilib pul yig‘adigan ayollar, oylik maoshini qaynonasi tortib oladigan kelinlar, ehtiyoji, salomatligi uchun sarf qilishga ruxsat berilmaydiganlar – hammasi shu zo‘ravonlik qurboni.
Iqtisodiy zo‘ravonlik
Bu turdagi zo‘ravonlik odatda oilaviy muhitda uchraydi. Masalan, zo‘ravonlik qurboni sarflagan har bir tiyin pul uchun hisob berishga majbur bo‘ladi, undan doim izoh talab qilinadi. Ba’zan esa uning ish haqi, stipendiyasi yoki boshqa daromadlari qisman yoki butunlay olib qo‘yiladi. Bu zo‘ravonlikning moliyaviy nazorat shakli hisoblanadi.
Keraksiz xarajatlarda ayblash shaklida esa jabrlanuvchi eng zarur, birlamchmi ehtiyoji uchun narsalar sotib olishga uringan taqdirda ham uni isrofgarchilikda ayblashlari mumkin.
Yana bir keng tarqalgan shakl – ishlash yoki o‘qishni taqiqlash. Bu yo‘l bilan ayollar moliyaviy mustaqillikka erishish imkonidan mahrum qilinadi. “Bizning o‘zbek oilalarida bunday holat ko‘p uchraydi. Iqtisodiy zo‘ravonlik qurbonlari sifatida ko‘pincha ayollar, zo‘ravon sifatida esa – er yoki qaynona bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, ko‘plab ayollar erining talabiga ko‘ra ish faoliyati yoki ish joyini o‘zgartirishga majbur bo‘ladi. Bunga o‘qishga taqiq ham kiradi” deyiladi Nemolchi.uz loyihasining iqtisodiy zo‘ravonlik to‘g‘risidagi ma’lumotlarida.
Iqtisodiy zo‘ravonlikning yana bir qancha turlari bor: iqtisodiy ekspluatatsiya, ajrimdan keyingi iqtisodiy zo‘ravonlik, moliyaviy qarorlar qabul qilishdagi zo‘ravonlik kabilar. Umuman, bunday zo‘ravonliklar ko‘lami katta. 2017-yilda Finlandiyada iqtisodiy zo‘ravonlikning faqat ayollarga emas, bolalarga, ota-onaga va boshqa yaqin kishilarga nisbatan turlari ham chuqur o‘rganilgan.
Huquqiy jihatdan ayollarga nisbatan iqtisodiy zo‘ravonlik shunday ta’riflanadi: “iqtisodiy zo‘ravonlik – xotin-qizlarga nisbatan turmushda, ish joylarida va boshqa joylarda amalga oshirilgan zo‘ravonlik shakli, xotin-qizlarning normal yashash va kamol topish uchun oziq-ovqat, uy-joy hamda boshqa zarur shart-sharoitlar bilan ta’minlanishga bo‘lgan huquqini, mulk huquqini, ta’lim olish hamda mehnatga oid huquqini amalga oshirishni cheklashga olib keladigan harakat yoki harakatsizlik”.
Oqibatlar
Iqtisodiy zo‘ravonlikning oqibatlari nihoyatda chuqur bo‘ladi. Ayolni iqtisodiy mustaqilligidan mahrum etish – uni nazorat qilishning eng samarali vositalaridan biri. Iqtisodiy zo‘ravonlik ko‘plab jabrlanuvchilar nosog‘lom munosabatlardan chiqib keta olmasligining asosiy sababi. Barqaror moliyaviy ta’minotsiz zo‘ravonlikdan qutilish qiyin bo‘ladi. Bunday zo‘ravonlik jismoniy emasligi sababli munosabatlar tugaganidan keyin ham davom etishi mumkin. Turli xalqaro tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, psixologik yoki jismoniy zo‘ravonlik hukm surgan yaqin munosabatlarda deyarli doimo iqtisodiy zo‘ravonlikning ham biror shakli kuzatiladi.
Shu bois iqtisodiy zo‘ravonlik boshqa oilaviy zo‘ravonlik shakllari bilan bevosita bog‘liq, ammo u mustaqil holda ham yuzaga kelishi mumkin. Odatda boshqa zo‘ravonlik shakllari kabi u ham vaqt o‘tishi bilan yanada kuchayib boradi. Juftlik ajrashganidan keyin ham iqtisodiy zo‘ravonlik to‘xtamaydi. Sobiq turmush o‘rtog‘i birgalikdagi yoki bo‘linmagan mulkdan, farzandlarga vasiylik huquqidan foydalanib, iqtisodiy zo‘ravonlikni davom ettirishi mumkin. Ba’zi hollarda bu moliyaviy ta’qibga aylanadi, ya’ni sobiq juft iqtisodiy jihatdan doimiy zarar yetkazishga harakat qiladi.
Iqtisodiy zo‘ravonlikning oqibatlari faqat moliyaviy yo‘qotishlar bilan emas, balki jismoniy va hissiy salomatlikning izdan chiqishi bilan ham kechadi. Jismoniy oqibatlar orasida stress, yetarlicha ovqatlanmaslik, umumiy sog‘liqning yomonlashuvi bor. Hissiy jihatdan esa xavotir, qo‘rquv, aybdorlik, ojizlik kabilar yuzaga chiqadi. Moliyaviy nuqtayi nazardan esa qashshoqlik, uysizlik, qarzdorlik, to‘lovlarni to‘lolmaslik va hatto shaxsiy bankrotlik holatlari uchraydi. Bu oqibatlar ko‘pincha yillar davomida jabrlanuvchining hayotini izdan chiqaradi. Bu haqda iqtisodiy zo‘ravonlik bo‘yicha angliyalik ekspert, doktor Nikola Sharp-Jeffs 2020-yildagi tadqiqotlarida keltirgan.
Finlandiyaning Turku universiteti dotsenti Anniina Kaittila iqtisodiy zo‘ravonlik oqibatlari haqida shunday yozadi: “Agar juftlikdan biri moliyaviy jihatdan boshqasiga to‘liq bog‘liq bo‘lsa, bunday munosabatdan chiqib ketish ancha mushkul bo‘ladi. Zo‘ravon esa aynan shu holatdan foydalangan holda hukmronlikni kuchaytiradi. Iqtisodiy zo‘ravonlik yolg‘izlanishga olib kelib, jabrlanuvchini butkul nazorat ostida ushlab turishga xizmat qiladi. Bu holat ijtimoiy jihatdan ham katta zarar yetkazadi: moliyaviy imkoniyatlarsiz inson jamiyatdan uzilib qoladi, do‘stlar bilan muloqot qilish va ijtimoiy hayotda ishtirok etishdan mahrum bo‘ladi”.
O‘zbekistonda vaziyat qanday?
Iqtisodiy zo‘ravonlik bo‘yicha Ijtimoiy himoya milliy agentligining 2024-yil 9 oyi uchun chiqargan statistikalarga murojaat etamiz.
2024-yilning 9 oyi davomida 1146 – ishonch telefoniga 1832 nafar zo‘ravonlikdan jabrlangan fuqarolar murojaat qilgan. Zo‘ravonlik turlari bo‘yicha murojaatlar:
– 936 ta jismoniy zo‘ravonlik;
– 731 ta ruhiy zo‘ravonlik;
– 96 ta jinsiy zo‘ravonlik;
– 60 ta iqtisodiy zo‘ravonlik.
Ko‘rinib turibdiki, eng kam murojaat iqtisodiy zo‘ravonlik bo‘yicha bo‘lgan. Ammo faollar boshqacha fikrda. Jurnalist, jamoat faoli Gulmira Toshniyozovaning fikricha, ayollarga nisbatan iqtisodiy zo‘ravonlik tushunchasi bizda shakllangan qadriyatlarga zid hisoblanadi va xotin-qizlarning o‘zi ham buni iqtisodiy zo‘ravonlik sifatida his etmaydi.
– O‘zbekistonda ayollarning iqtisodiy faolligi past darajada. Ayollar vaqtining asosiy qismini uy-ishlari va bola parvarishiga sarflaydi, bu ularning mansab pillapoyalarida o‘sishini cheklaydi. Tadqiqotlarga ko‘ra, ayollarning tez-tez tug‘uruq ta’tili va bolalarining salomatligi bilan bog‘liq kasallik ta’tiliga chiqishi ish beruvchilar orasida ayollarning potensial xodim sifatida jozibadorligini pasaytiradi. Natijada ayollar erkaklarga nisbatan o‘rtacha 39 foiz kamroq maosh oladi.
Ayollarning iqtisodiy zo‘ravonlikka duch kelishida davlat aralashuvi joriy etilishi kerak bo‘lgan holatlar ham bor. Masalan, ajrashgan va nogiron farzandi bor ayollarda juda ko‘p imkoniyatlar cheklanadi, ammo ularga nisbatan yengillashtiruvchi choralar yo‘q yoki bo‘lsa ham ayollarga bu huquq anglatilmagan. Iqtisodiy zo‘ravonlik degan tushunchani aytishning o‘zi qadriyatlarga teskari qarashday tushuniladi. Chunki omma bunga ko‘nikmagan, ayollarning o‘zlari ham bu zo‘ravonlik ekanligini bilishmaydi hatto, – deydi Gulmira Toshniyozova.
Nordik universiteti bazasidagi bir maqolada ham “Iqtisodiy zo‘ravonlik keng tarqalgan, ammo boshqa ko‘plab zo‘ravonlik shakllariga qaraganda kamroq tan olingan muammodir” deyiladi. Shuningdek, yana bir jamaot faoli, jurnalist Dilbar Ismatullayeva ham bu borada o‘z fikrini bildirdi:
– “Iqtisodiy zo‘ravonlik” degani rasmiy atama, bu ko‘p ham ishlatilmaydi bizda, lekin doimiy ravishda bunday muammolarni eshitamiz. Masalan, ijtimomiy tarmoqlardagi ayollar guruhlarida bu mavzu tez-tez muhokama qilinishiga guvoh bo‘laman. Tug‘uruq ta’tilida bo‘lgan yo homilador, mehnatga vaqtincha layoqatsiz ayollarga turmush o‘rtog‘i yoki boshqa oila a’zolari moliyaviy zo‘ravonlik qiladi. Deylik, tug‘uruq ta’tili puli yoki bola puli ona va bola manfaatlaridan boshqa maqsadlarda ishlatilish holatlari tez-tez kuzatiladi. Bu iqtisodiy zo‘ravonlikning bir ko‘rinishi, uning boshqa turli shakllari ham bor.
Qonunchilik
O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 11-apreldagi “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-829-son Qonuni bilan amaldagi qonun hujjatlariga oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik, jismoniy zo‘ravonlik, ruhiy zo‘ravonlik, iqtisodiy zo‘ravonlik, shahvoniy shilqimlik, haqoratomuz shilqimlik kabi tushunchalar kiritilgan.
Mazkur qonun bilan qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi munosabati bilan Oliy sud Plenumining ma’muriy huquqbuzarlik hamda jinoyat ishlari bo‘yicha ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qarorida maishiy iqtisodiy zo‘ravonlik quyidagicha ta’riflanadi: “oilaviy (maishiy) iqtisodiy zo‘ravonlik deganda, kundalik birgalikdagi hayot (turmush)da oilaning bir yoki bir guruh a’zolari tomonidan boshqa bir a’zosining mulk, ta’lim olish, sog‘liqni saqlash va (yoki) mehnatga oid huquqini amalga oshirishini cheklashga olib keladigan, mol-mulkiga va shaxsiy ashyolariga qasddan shikast yetkazishga qaratilgan harakat (harakatsizlik) tushunilishi lozim”.
2019-yil 17-avgustda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan tasdiqlangan “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunda ham iqtisodiy zo‘ravonlikka ta’rif berilgan, ammo jazo haqida gap ketmagan. 2023-yil 12-aprelda kuchga kirgan ayollar va bolalar huquqlari himoyasini kuchaytirishga qaratilgan qonunda iqtisodiy zo‘ravonlik birinchi marta sodir etilganda ma’muriy, qayta sodir etilganda jinoiy javobgarlikka tortilishi belgilangan.